MUNOSIB HISSA QO‘ShMOQDA
Milliy matbuot markazida «Olmaliq kon metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati faoliyati to‘g‘risida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Korxonada ayni paytda mahalliylashtirish dasturi ijrosi bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda 72 ta loyiha asosida 157,2 mlrd. so‘mlik, yangi 23 ta loyiha asosida 17,5 mlrd. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishilgan. Shuningdek, kombinat tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar va tadbirkorlik sub’yektlari bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida o‘tgan yilning oktyabrida import mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazilib, unda respublikadagi barcha korxonalar ishtirok etdi.
Kombinat tomonidan o‘tgan yilda po‘lat va cho‘yan quymalaridan tayyorlangan ehtiyot qismlar, nostandart qurilmalar, konveyer qurilmalari uchun ehtiyot qismlar, GRAT va GRT tipdagi nasoslar, yanchish va tegirmon uskunalari, ekskavatorlar uchun ehtiyot qismlar, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlar va har xil turdagi mahsulotlar, shu jumladan, kichik va o‘rta biznes tadbirkorlik sub’yektlari polimer mikrosferalar, nasos qurilmalar, radiatorlar, ferromarganets, filtrlash elementlari, kimyoviy reagentlar, grafit va polimer asosdagi mahsulotlar hamda texnologik qurilmalar uchun boshqa turdagi ehtiyot qismlar ham ishlab chiqarilmoqda.
Ayni paytda, Fanlar Akademiyasi bilan ham o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, laboratoriya sharoitida olingan olein kislotasi ishlab chiqarilayotgani ham yangiliklardan biridir.
Joriy yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 161,4 mlrd. so‘mlik 87 ta loyihani, shu jumladan, 4,3 mlrd. so‘mlik 17 ta yangi loyihani amalga oshirish belgilangan kombinat jamoasi mamlakatimiz iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shish uchun mehnat qilmoqdalar.
Maryam AHMEDOVA