LAB, QO‘L, OYOQ TERISI QURUQLASHSA… Ularni bartaraf etishning yo‘llari ko‘p

Kuz-qish faslida, ya’ni kunlar sovigan paytda yuzingiz quruqlashib, qo‘l teringiz qizara boshlasa, nima qilasiz? Bunday vaziyatda qimmat kremlar-u tayyor niqoblardan foydalanish haqida o‘ylamang. Negaki, ularning ta’siri vaqtinchalik, xolos. Umumiy parvarishlash qoidalariga e’tibor berilsagina, teri namligining yo‘qolishi, yorilishi, oyoqda qadoq hosil bo‘lishi kabi holatlarning oldini olish mumkin. Keling, biz sizga mavsumga mos tavsiyalar beramiz.

«A», «O», «U»ning foydasi


Lab terisi sovuq havoga o‘ta ta’sirchan. Yetarlicha suyuqlik qabul qilinmaganda quruqlashadi, mavsumga mos bo‘lmagan lab bo‘yog‘idan foydalanilganda yoriladi. Lab parvarishida birinchi talab – tarkibida Ye vitamini bo‘lgan lab bo‘yoqlari yoki uning rangsiz (oziqlantiruvchi) turidan ishlating. Kun davomida tez-tez suyuqlik ichib turing. Shuningdek:

– o‘ta yumshoq tish cho‘tkasini qaynatilgan suvda ho‘llab, 1-2 daqiqa davomida lab terisini uqalang. Bunda o‘lik hujayralar ajraladi. So‘ng barmoq uchiga bodom yog‘idan tomizib, avval yuqori lab, so‘ng pastkisini uqalang;
– uyquga yotishdan oldin ozroq asal yoki sariyog‘ni lablarga surtib qo‘ying. Ushbu muolaja uch-to‘rt kun davomida ketma-ket bajarilsa, lab quruqlashishi bartaraf etiladi;
– har kuni ertalab «A», «O», «U» unli tovushlarini ovoz chiqarib talaffuz qiling. Lablar tovushga mos tarzda harakatlantirilganida terida qon aylanishi yaxshilanadi.

Oddiy, ammo samarali malhamlar


Qo‘l teringiz yorilib, achishsa, bezovtalikni yengillashtirish uchun mana quyidagi usullarni qo‘llagan ma’qul:
2 dona tuxum sarig‘i, 2 osh qoshiq suyuq asal va 1 choy qoshiq o‘simlik yog‘ini aralashtirib, malham tayyorlang. Uni quruqlashgan qo‘l terisiga surtib, to qurigunicha kuting. So‘ng iliq suvda chaying. Muolaja bir haftada 2-3 marotaba o‘tkazilishi mumkin.

O‘ta quruqlashgan qo‘l terisi muolajasida yog‘li vannalardan foydalansa bo‘ladi. Masalan, 1 litr iliq suvga 2-3 osh qoshiq o‘simlik yog‘i aralashtirib, 10-15 daqiqa qo‘llar uchun vanna qilinadi. Mazkur usul kunora bajarilsa, teri holati me’yorlashadi.

Qo‘l terisidagi yoriqlar tobora kattalashib borayotgan bo‘lsa, bitta kartoshkani bir litr suvda tezgina qaynatib oling. Kartoshka pishgach, uni alohida idishga oling. Suvi biroz iligach, qo‘llaringizni kartoshka qaynatmasiga solib, 15-20 daqiqa ushlab turing. Bu paytda barmoqlaringizni bir-biriga ishqalab, uqalash ham yaxshi foyda beradi.
Teri dag‘alligini bartaraf etishda karam bargidan foydalanish maqsadga muvofiq. Istasangiz, karam bargini yumshatib, teri ustidan bog‘lab qo‘ying. Yoki karam sharbatini ajrating-da, qo‘l terisiga surtib, ustini uqalang. Har ikkala holatda ham vitaminlarga boy poliz ekini qo‘l terisini oziqlantiradi.
Qo‘l terisining tez-tez quruqlashishi, yoriqlar paydo bo‘lishiga moyillik taomnomani o‘zgarish kerakligini ham anglatadi. Teri oziqlanishi uchun bulg‘or qalampiri, karam, sabzi, sariyog‘, sut-qatiqni kanda qilmang.

Yana o‘qing:  Gripp har mavsumda xavf soladi...mi?

Qadoqlardan qutulishning chorasi


Yopiq ko‘rinishdagi poyabzallarda oyoq terisi keraklicha «nafas» ololmaydi. Ustiga-ustak poshnali tuflilar oyoq kaftida qadoq hosil bo‘lishiga olib keladi. Tovonda esa ko‘pincha quruqlashish kuzatiladi. Toliqish, og‘riqlar… Xo‘sh, bularning chorasi qanday?
Avvaliga oyoq terisini yumshatish kerak. Buning uchun oyoqqa iliq vanna qabul qilinib, dag‘allik mavjud soha spirt eritmasi bilan artiladi. So‘ng pemza yordamida terining ustki qismi tozalanadi. Dag‘allashgan teriga yupqa qilib kanakunjut yog‘idan surting. 1-2 daqiqadan so‘ng paypoq ki­yib olasiz.

Oyoq kaftidagi dag‘allashgan terini aslo shilib olmang. Aks holda o‘rnida yoriqlar kelib chiqadi. Mabodo oyoq terisi haddan tashqari quruqlashib, uning ta’sirida yoriqlar paydo bo‘lgan bo‘lsa, karam bargidan kompress tayyorlang. 1-2 ta yaproq bolg‘acha yordamida yumshatiladi. Keyin terining zararlangan qismiga qo‘yib, ustidan yumshoq paypoq kiyiladi. Malham ertalabgacha qoldirilsa, teri oziqlanib, yumshaydi.

Kun bo‘yi tik oyoqda turib toliqsangiz, dengiz tuzi, moychechak yoki marmarak o‘simliklaridan tayyorlangan vannalar jonning rohati.

Nargiza IKROMOVA,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: