Hayot bezagi
uni jozibali qilishga kechik(ma)yapmiz
Inson umri oqar daryoga o‘xshaydi. Har bir o‘tayotgan soniyasi biz uchun nimagadir erishishga yoki bo‘lmasa nimanidir boy berishimizga sabab bo‘ladi. Vaqt qadrini faqat uni yo‘qotganimizdagina bilamiz.
Aslida hayotda o‘z xatti-harakatlarimiz bilan matoga gullar chizamiz. Bu bezaklarning ko‘pligi va jozibasi mehnatlarimiz mahsulidir.
Bir yoshi ulug‘ donishmanddan so‘rashibdi:
– Shu yoshga yetguncha hayotingizda yo‘qotgan eng aziz narsangiz nima?
Shunda donishmand biroz o‘yga tolib:
– Umrim davomidagi yo‘qotilgan har bir daqiqamga achinaman, chunki bu paytda nimagadir erishishim yoki biror savob ish qilishim mumkin edi. Shu yoshga yetguncha ko‘zlarim faqat oldindagi daqiqalarni ko‘rardi. Hali vaqt bor, ulguraman, hamma narsaga, deb o‘ylardim, ammo endi bilsam bu so‘zlarni faqat yaxshi amallarni boshlashdan oldin aytib, ularning barchasini bugunga qoldirgan ekanman. Ming afsuslar bo‘lsinki, qarigan chog‘imda o‘zim kimningdir yordamiga muhtojman. Odamlarning ko‘zi uchun ko‘chadagi tilanchiga pul beribman-u, farzandi kasal bo‘lib uyimga qarz so‘rab kelgan kambag‘alga yordam qilmabman. Besh nafar bolasi bilan beva qolgan singlimga bayramlarda sovg‘a-salom yuboribmanu, ammo uni uch yildan beri borib ko‘rmabman. Endi esa borib ko‘rishga bu oyoqlar ojiz, – deya ko‘zida yosh bilan hassasiga tayanibdi.
Qadrdon o‘quvchim, Siz o‘tayotgan vaqtingiz haqida yoxud yo‘qotayotgan ne’matlaringiz haqida hech o‘ylab ko‘rasizmi? Vaqti kelib ularni qaytarib bo‘lmasligi haqida-chi? Bir soniya qadri shunchalar balandki, unda to‘shakda yotgan bemor yo hayotga qaytadi yoki bo‘lmasa… Vaqt sizning hayotingizni qanday boshqarishi haqida o‘ylang!
Siz ikkilanib turgan vaqtda kimdir tavakkal qilib, omadga erishmoqda.
Siz jur’atsiz yurganingizda kimdir jur’at qilib baxtga erishmoqda.
Siz befoyda ishlar bilan bandligingizda kimdir foydali ish bilan o‘sib bormoqda.
Hayotingizda yaxshi va yomon odamlar uchraydi, hammasi bilan aloqa qilishga to‘g‘ri keladi. Sabr qiling, vaqt o‘zi ularni saralab beradi.
Har kuni yangi tong otadi, bu degani yana yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi. Ammo shuni ham unutmangki, Siz umringizning ma’lum bir daqiqasini o‘tkazib ulgurdingiz.
Vaqtni boy bermang, chigal masalalarni maslahatlashib ish ko‘ring.
Har bir soniyadan unumli foydalanishga odatlaning! Zero vaqt sizdan emas, siz vaqtdan o‘g‘irlang.
Azizlar, o‘tayotgan vaqtingizni qadrlang, chunki u soniyalarga, soatlarga, kunlarga so‘ngra oylar va yillarga aylanib, sizning yoshingizni, hattoki, eng aziz narsalaringizni tortib olishi mumkin. Uning sarhisobiga shoshiling, chunki soat millari hech qachon orqaga yurmaydi.
Sitora ALIQULOVA