Endi Osiyo kubogi sari
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi saralash bahslari doirasida Gonkongga qarshi maydonga tushdi va 2-0 hisobida g‘alabaga erishdi. Ushbu g‘alaba tufayli terma jamoamiz 2015 yili Avstraliyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Qit’a miqyosidagi eng nufuzli futbol musobaqasiga chiqish uchun o‘tkazilayotgan saralash turnirining beshinchi turida mamlakatimiz milliy terma jamoasi Gonkong futbolchilari bilan kuch sinashdi. Mazkur uchrashuvda qo‘lga kiritilgan g‘alaba terma jamoamizni muddatidan oldin Osiyo kubogiga olib chiqdi.
Uchrashuv dastlabki daqiqalardanoq vakillarimizning shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Raqib darvozasini ishg‘ol qilishga esa futbolchilarimizga omad yetishmadi. Uchrashuvning 45 daqiqasida Sardor Rashidovga nisbatan qo‘pol o‘yin ko‘rsatgan Cheun Kin Fung qizil kartochka bilan o‘yindan chetlatildi.
Shundoq ham himoyaviy o‘yin namoyish etayotgan Gonkong terma jamoasi uchrashuvni bir kishi kam bo‘lib davom ettirdi.
Vakillarimiz kutilganidek ikkinchi bo‘limni katta tashabbus bilan boshlashdi. Ketma-ket uyushtirilgan hujumlar natijasida 84-daqiqada terma jamoamiz a’zosi Vohid Shodiyev aniq zarba yo‘llab, hisobni ochdi. So‘nggi daqiqagacha hujumkor o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarimiz bahs yakunlanishi arafasida mezbonlar darvozasini ikkinchi marotaba ishg‘ol qildi. Gol muallifi Odil Ahmedov bo‘ldi.
Shunday qilib, besh uchrashuvdan o‘n ochko jamg‘argan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstraliyaga boradigan eng kuchli jamoalar qatoriga qo‘shildi.
Futbol bo‘yicha mamlakatimiz milliy terma jamoasi Osiyo kubogining saralash musobaqasidagi so‘nggi uchrashuvini 2014 yil 5 mart kuni Toshkent shahrida Birlashgan Arab Amirliklari jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
N.NORBOBOYEV