Tennischilarimiz – bosh sovrin sohiblari
Turkiyada xotin-qizlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqaning juftlik bahslari hamyurtimiz Nigina Abduraimova hamda italiyalik Mariya-Elena Kamerinning g‘alabasi bilan yakunlandi. Mazkur juftlik saralash uchrashuvlarida ruminiyalik Laura-Ioana Adre va rossiyalik Polina Leykina, lixtenshteynlik Stefaniye Vogt va chexiyalik Renata Vorakova, turkiyalik Bashak Eraydin va Melis Sezer, sloveniyalik Tadeya Majerich va ruminiyalik Andrea Mituni ortda qoldirib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Bu hamyurtimizning ushbu mavsumdagi ikkinchi sovrinidir. N.Abduraimova 2013 yil sentyabr oyida Farg‘onada o‘tkazilgan xalqaro turnirning yakkalik bahslarida ham zafar quchgan edi.
Qozog‘istonda o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirning yakkalik o‘yinlari iste’dodli yosh tennischimiz Jo‘rabek Karimov g‘alabasi bilan yakunlandi.
Musobaqada birinchi raqamda saralangan hamyurtimiz turnir davomida mezbon tennischilar – Beybet Jukayev, Pavel Petrov, Odil Kaliakbarov, Jonsulton Chembo‘tayev, polshalik Mixal Dembek va gruziyalik Shota Meparidzeni mag‘lub etdi.
Xalqaro musobaqalarda 2011 yildan buyon ishtirok etib kelayotgan 15 yoshli tennischimiz bungacha Malayziya, Hindiston, Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda ham bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.