Saboq

(Sanam momoning aytganlari)

Ilm – tubsiz ummon. Ilmning tubiga yetgan bormi, bolam? Olingan ilm odamning iymoniga kuch bersa, ibodatiga quvvat bo‘lsa, hayotini izga solsa, qanday ham yaxshi. To‘g‘rimi? Oxirati uchun ozuqa bo‘lsa, a’lodan a’lo.

Ming o‘qib olim bo‘lganlarning ko‘pchiligi hayot kitobiga beparvo qaraydi. Odamlar qalbini, yulduzlar holini, gullar hidini, baliqlar turini bilmaydi. Sholidan bug‘doyni ajrata olmaydi. Hayot kitobini ravon o‘qish hammaga nasib qilmas ekan. Aslida hayotga ibrat nazari bilan qaragan odam uchun – uning sahifalarida hamma narsa yozib qo‘yilgan. O‘t-o‘landa, mol-holda, odam ko‘zi tushgan har nuqtada naqqoshning imzosi, kotibning xati bor. Ularni teran nigoh, qalb ko‘zi bilan o‘qish kerak, xolos…
O‘tgan zamonlarda bir yigit tog‘u toshlar, cho‘l-biyo­bonlar oshib, ilm olish uchun uzoq yurtlarga ketibdi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay o‘qibdi. Ilm yo‘lida sochiga birda-yarim oq ham oralabdi. U o‘z qarichida bo‘yi bilan o‘yini o‘lchabdi. Nazarida, ilm nuri bilan nurafshon yuzi, hikmatlarga to‘la so‘zi salobat-savlat kasb etgandek ko‘rinibdi o‘ziga. Gohida odam adashadi: o‘ziga o‘zi «a’lo» baholarni qo‘yib oladi; g‘ururga ketib manmansiraydi. O‘zini ulamo, boshqalarni mundayroq sanaydi.

Xullas haligi yigit bir dunyo ilmni olganiga, olim bo‘lganiga ichdan qanoat etib yurtiga qaytayotgan ekan, yo‘l ustida – uyining yonboshida non yopayotgan bir kampirga yo‘liqibdi. Kampir el-elat odatiga ko‘ra yo‘lovchiga: «Nonning tuzini totib o‘ting», deya marhamat qilibdi. Yo‘lovchi olim endi issiqqina cho‘rak-nonni qo‘liga olgan ekan: «Halolini haromi bilan mak­ruhidan ajratib yeng», degan gapni eshitibdi. Olim yigit hayratga tushibdi. «Bu non bo‘lsa, uning haromi, makruhi bo‘larkanmi?». O‘ylanib qolibdi. Gap nima to‘g‘risida ketayotganini anglamabdi. Nonni bo‘lib olganicha, yeyish-emaslikni bilmay, hayrat ko‘zi bilan kampirga qarab turaveribdi.

Shunda kampir yo‘lovchining ikkilanayotganini ko‘rib, gapiga o‘zi izoh berishni lozim topibdi. «Nonning ortiga yopishgan tandirkesakni yeyish – bu haromdir. Odam tuproqdan yaralgan. O‘z etini o‘zi yegan bo‘ladi. Nonning kuygan joylarini yemoq esa makruh sanaladi». Yurtlar oshib borib, shuncha yil o‘qigan «olim» bu hukmni, bu hikmatni biror kitobda o‘qimagan ekan. Yigit ilmi mundayroq ekanini anglab, issiq tandir yonida «izimga qaytsammikin», deya ikkilanib qolibdi…

B.NURMUHAMMAD

Yana o‘qing:  OLTIN KUZGA RAHMAT AYTAMAN

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: