GRIPP VA UNING PROFILAKTIKASI

Gripp o‘tkir va tez yuqadigan kasallik bo‘lib, uni juda mayda, ko‘zga ko‘rinmaydigan, hatto filtrdan ham o‘tib ketadigan viruslar keltirib chiqaradi. Kasallik keltirib chiqaradigan bu viruslarning A, V, S turlari ma’lum. Xastalikning asosiy manbai gripp bilan og‘rigan bemor yoki virus tashuvchilar hisoblanadi.

Kasallikning yengil turi bilan og‘rigan bemorlar va virus tashuvchilar atrofdagi sog‘lom kishilar uchun xavf tug‘diradi. Chunki, ular gripp bilan og‘rib turgan bo‘lishiga qaramay, sog‘lom kishilar orasida bo‘ladilar.

Xastalik havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadi. Bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda so‘lak tomchilari bilan havoga ko‘plab gripp viruslarini ajratadi. Viruslar havoda uch soat saqlanib turishi mumkin. Gripp virusi bor havodan nafas olish natijasida kasallik sog‘lom odamga yuqadi.

Gripp virusi og‘iz, burun, tomoq va yuqori nafas yo‘llari shilliq pardasiga ta’sir qiladi va qon oqimiga tushib, butun organizmni zaharlaydi. Nafas, asab, yurak-qon tomir tizimi va boshqa a’zolarni zararlaydi.

Kasallikning birinchi belgilari paydo bo‘lgunga qadar bir necha soatdan 3 kungacha vaqt o‘tadi. Kasallik tez rivojlanadi. Bemorning tinka-madori quriydi. Uning boshi og‘riydi, yo‘taladi va aksa uradi, tana harorati 38-40S darajagacha ko‘tariladi, qo‘p terlaydi. Mushaklari va ko‘z soqqasi og‘riydi, ko‘zidan yosh oqadi. Xastalikning birinchi belgilari paydo bo‘lishi bilanoq shifokorga murojaat qilish shart. Aks holda kasallik og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Grippdan saqlanish uchun agar bemor uyda bo‘lsa, unga alohida xona ajratish lozim. Bemorga qarab turadigan odamlarga kasallikning oldini olish yo‘llarini o‘rgatish kerak. Xastalangan odamning idish-tovog‘i, sochig‘i, o‘rin-ko‘rpasi alohida bo‘lishi kerak. Kasal odam kam harakat qilib, asosan ko‘proq yotishi lozim.

Oila a’zolari bemorni parvarish qilayotganda burun va og‘ziga doka niqob tutib olishlari, qo‘llarini tez-tez sovunlab yuvib turishlari kerak. Bemor yo‘talganda, aksa urganda og‘iz-burnini dastro‘mol bilan berkitishi, iloji bo‘lsa uni har safar yangisini ishlatib, yuvib, dazmollashlari kerak.

Bemor yotgan xonani tez-tez shamollatib turish shart. Xastaning harorati oshganda ko‘proq suyuqlik ichirish kerak. Meva qoqilaridan kompot, meva va sabzavotlarning sharbatlaridan ichib turish lozim. Shuningdek, bemor yengil hazm bo‘ladigan oqsil va vitaminlarga boy taom­lar iste’mol qilishi zarur. Gripp bilan og‘rigan bemorlarni alohida xonalarga yotqizish va ularni tez-tez shamollatib turish hamda sovunli suv yoki zararsizlantiruvchi moddalar bilan pol, eshik va derazalarni artish kerak.

Yana o‘qing:  Asal tomir yo‘llarini tozalaydi va aterosklerozdan saqlaydi

Gripp epidemiyasi avj olgan paytlarda maktabgacha ta’lim muassalari, maktablarda murabbiy va tarbiyalanuvchilar, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar doka niqob tutib olishlari shart. Ushbu kasallik ko‘p tarqalgan paytda gripp va o‘tkir respirator kasalliklar bilan xastalangan xodimlarni o‘quv va tarbiya muassalarida ishlashlari ta’qiqlanadi. Har kuni ertalab bolaning tana haroratini o‘lchab turish kerak.

Gripp tarqalgan vaqtda bolalar o‘rtasida ommaviy sport o‘yinlari o‘ynash va kinoteatrlarga guruh-guruh bo‘lib borishlari mumkin emas. Bemor aslo o‘z bilganicha davolanmasligi kerak.

Tavsiyalar:

– O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) va gripp bilan xastalangan bemorlar uchun kuzda tayyorlangan shakar solib ezilgan sarxil malina va uning murabbosi shifobaxsh ta’sir etadi. Malinaning barglari va shoxlaridan tayyorlagan damlama ham yaxshigina terlatadi. Uning barglaridan tayyorlangan damlama nafas yo‘llari yallig‘langanda, tomoq og‘riganda, shuningdek, balg‘am ko‘chirishda ishlatiladi.

– Malina mevasi yoki uning quritilgan qoqisidan, shuningdek, bargidan choy kabi damlab, kuniga 3-4 mahal issiq holda ichilsa terlatadi va isitmani tushiradi. Damlama ichilgandan so‘ng bemor to‘shakda yaxshi o‘ralib yotishi kerak. Obdon terlagan bemorning o‘rin-ko‘rpa jild­lari va kiyim-kechaklarini darhol qurig‘iga almashtirish kerak. Bemorni parvarish qilayotgan odam uning ahvolidan tez-tez boxabar bo‘lishi darkor. Chunki, terdan ho‘l bo‘lgan ust-boshlar va ichki kiyimlar tez almashtirilmasa xasta odam sovuqqotib, gripp pnevmoniya (zotiljam) kasalligi kabi og‘ir asorat qoldirishi mumkin.

– Oddiy bodrezak va malina mevasidan 100 g dan olinadi. Shu yig‘madan 3 osh qoshig‘ini kechqurun termosga solib, ustiga 3 stakan qaynoq suv quyib, 2 soat damlab qo‘yiladi. Keyin suzib ichiladi.

– Qora ziradan damlama qilib ichilsa, shamollashga shifo bo‘ladi.

– Arpabodiyonni anjir qoqi bilan qaynatib ichilsa shamollashda foydali.

– Sutga anjir qoqini solib, qaynatib ichilsa yo‘talni yumshatadi.

– Turp yoki qora turpning ichi o‘yilib, asal yohud shakar solib sharbatini bemor ichsa yo‘talni yo‘qotadi.

– Sholg‘om, no‘xat, qo‘y go‘shti, siyohrang piyoz, murch, qizil qalampir solib qaynatma sho‘rva qilinsa bemorni terlatadi. Siyohrang piyoz tarkibida fitonsid (bakteriya va viruslarga antibiotikday ta’sir etuvchi modda)lar yanada ko‘proq bo‘ladi.

– Me’da-ichak tizimida kasalliklari mavjud bemorlarga murch va qizil qalampir tavsiya etilmaydi. O‘t pufagi yallig‘langan va o‘t yo‘llari dimlangan bemorlarga esa no‘xat tavsiya etilmaydi.

Yana o‘qing:  Ayollar, ko‘p choy ichmang!

– Bir litr sutga bir bosh sarimsoqpiyoz bir osh qoshiq sariyog‘ va shuncha miqdorda asal solib qaynatib, bemor ta’bi tortgancha kunda 2-3 mahal yarim yoki bir piyoladan ichsa dard chekinadi.

– Kuzda tayyorlangan sarxil qora va qizil qorag‘at (smorodina) hamda chakanda (oblepixa) mevasining shakar bilan ezilgani yoki murabbosi ham shifobaxsh ta’sir etadi.

– Xonaga isiriq tutatish zarur. Chunki, isiriqning shifobaxsh tutuni viruslarga qiron keltiradi.

– Bemor ko‘p miqdorda iliq suyuqlik ichishi zarur.

– Xasta odamga tovuq sho‘rva yoki yog‘siz mol go‘shtidan parhezbop suyuq ovqatlar tayyorlab berish kerak.

– Bemor yotgan xona tokchalariga likobchada piyoz va sarimsoqpiyoz to‘g‘rab qo‘yish darkor. Chunki, ularning tarkibidagi fitonsidlar xona havosini dezinfeksiya qilishda yordam beradi.

– Qishning sovuq yoki izg‘irinli kunlarida sog‘lom odamlar ham burun ichiga va uning atrofiga sterillangan o‘simlik moyi surtib yursalar, burun shilliq qavati qurib qolmaydi. Namlanib turgan burun shilliq qavati sovuq havoni yaxshiroq isitib, yuqori nafas yo‘llariga o‘tkazib beradi. Yana ushbu shilliq qavat havodagi turli chang-g‘ubor va viruslarni tutib qolishda «darvoza» vazifasini o‘taydi.

– Gripp bilan og‘rigan bemorlar tomog‘ini jigarrang olma sirkasi ( 1stakan qaynagan iliq suvga bir osh qoshiq miqdorda solib) bilan bir kunda 2-3 mahal chaysalar bodomcha bezlari yallig‘lanishi (angina)ni tuzatadi.

– Shuningdek, tana harorati ko‘tarilmagan paytda bemorlar kartoshka po‘chog‘i qaynatilgan suv solingan idishda boshlariga tabiiy tolali mato yoki ro‘mol, sochiq yopib bug‘li ingalyasiya qilsalar ham tezroq sog‘ayib ketishlariga yordam beradi.

– Yana iste’mol sodasi va tuzdan bir osh qoshiq solib, chinni choynak og‘ziga qog‘oz voronka tutib, bug‘ida ingalyasiya qilinsa ham shifobaxsh ta’sir etadi.

– Bemorlar tana harorati ko‘tarilmagan payti oyoqlarini xantalli qog‘oz (gorchichnik) solingan issiqroq suvga solib vanna qilsalar, isiriqli shifobaxsh vannalardan foydalansalar ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

 Lobar ZOKIROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: