Kattalarning tili

Bola ona tili ustozi bergan topshiriqni bajarar ekan, onasidan so‘radi:
– Oyi, so‘zlarni xato yozish yomonmi?
Telefondan ko‘z uzmagan ona javob berdi:
– Albatta.
– Ustozim ona tilimizga hurmatsizlik, deydi.
– Albatta.
– Boshqa tillardagi so‘zlarni qo‘shib gapirish ham yaxshi emas, deydi.
– To‘ppa-to‘g‘ri. Ustozing haq. Shularga amal qilsang, dadangdek mashhur bo‘lasan. Hamma seni taniydi.
– Televizordan ham chiqamanmi?
– Albatta.
Shu payt qo‘lida telefon bilan dada ishdan qaytdi. Ona telefonni stolga qo‘yib oshxonaga yo‘naldi.
– Ishdan so‘ng ham tinchlik yo‘g‘a, – to‘ng‘illagan dada bolaning salomiga e’tiborsiz alik oldi-yu, telefonni zarda bilan stol ustiga tashladi va xonasiga kirib ketdi. Bola-da, bolaligiga, qiziquvchanligiga bordi. E’tiborsiz qolgan bu ikki buyum uni o‘ziga jalb eta boshladi, chunki man etilgan narsaga intilish barcha qatori bolaning ham odatlaridan biri edi. Shu payt dadaga xabar keldi, bu esa bolaning qiziqishini yanada oshirdi. Oshxona va yotoqxona eshigiga bir-bir qarab olib, sekingina telefonni qo‘liga oldi. E’tiborli va sezgir bola parolni yodlab olgan. U telegramdan «Hamkasblar» guruhiga kelgan xabarlarga ko‘z yugurtirar ekan, hayratdan ko‘zlari katta-katta bo‘lib, g‘ayritabiiy hodisaning guvohi bo‘lgandek turib qoldi. G‘ij-g‘ij xatolar, buzib yozilgan ruscha so‘zlar, eng ajablanarlisi, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham, kril yozuvida ham uchratmagan «w» harfi uni hayratga soldi. Bola o‘yladi: «Bu kattalarning va mashhurlarning tili bo‘lsa kerak».


Sa’dulla SAIDOV
Yana o‘qing:  Kichkintoylar kuldiradi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: