Bolalar baxt olib keladi
Chaqaloqning “inga”si olamni buzib, xuddi men dunyoga keldim, deya atrofga jar solayotgandek yangradi. Reymajon opa go‘dakni tezgina o‘rab-chirmadi-da onaning ko‘ksiga qo‘ydi.
Hali to‘lg‘oq dardi tanidan arimagan ayolning ko‘zlari chaqaloqqa tushishi bilan quvonchdan chaqnab ketdi.
– Tabriklaymiz, o‘g‘il muborak, umri bilan bergan bo‘lsin singlim, – deya endi bo‘shangan onaga mehrli nigoh tashlaydi shifokor. Reymajon opa har safar yangi chaqaloq tug‘ilganida, ona va bolaning salomatligiga ishonch hosil qilgach, yengil tin oladi…
Abdulla aka va O‘g‘iljon opalarning oilasida ikkinchi farzand dunyoga keldi. Bola nihoyatda nimjon tug‘ildi. Onaning homiladorlik davrida qon bosimi ko‘tarilib ko‘p xastalangani sabab chaqaloq salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Keyinchalik o‘smirlik davrida ham ota-onasi Reymajonni tez-tez shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazib turardi. Shu bois bo‘lsa kerak, qizaloqning qalbida shifokorlik kasbiga mehr uyg‘ondi. Ayniqsa, Xonqa tuman Bolalar poliklinikasi shifokori mehrli va shirinso‘z Matlab Jabborovaga u astoydil havas qilardi. Balki oppoq xalati o‘ziga yarashgan shifokorga bo‘lgan ixlosi bois sohaga mehr qo‘ygandir. Yoki bolaligida ko‘p bezovta qilgan xastaliklar ulg‘ayganida shifokorlik kasbini tanlashga undagandir. Bolalik kezlari qalbiga yana bir jarohat solgan qayg‘u – avtohalokatda vafot etgan otasining vasiyatini amalga oshirishni farzandlik burchi deb bilgandir, balki…
Samarqand Tibbiyot institutining “Pediatriya” fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagach Reymajon o‘sha paytda Xonqa tumanida joylashgan Viloyat ikkinchi bolalar shifoxonasida internaturani o‘tadi. O‘z kasbiga sadoqatli va insonlarga mehrli ustozlari tug‘ruq bo‘limi mudiri Begmat Iskandarov hamda Rustam Qurbonovlardan shifokorlik hamda tashkilotchilik sirlarini qunt bilan o‘rgandi.
1986 yilda Bog‘ot tumani tug‘ruqxonasida neonatolog-shifokor bo‘lib ish boshlagan Reymajon Nurmetova uch yil avval bosh neonatolog vazifasiga tayinlandi. Shu bilan birga 1996 yildan beri “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Bog‘ot tuman tayanch maskani direktori sifatida ham faoliyat olib boradi.
– Sog‘lom dunyoga kelgan chaqaloqlarni onasining bag‘riga qo‘yganimizda, charchog‘u hadigimiz unitilib, qalbimiz cheksiz quvonchga to‘ladi. Ammo, buning aksi bo‘lsa-chi, albatta bu holat qalbimizni jarohatlaydi. Ba’zan turmush o‘rtog‘ining, qaynonaning e’tiborsizligi sabab, ayolda homila yaxshi rivojlanmaydi. Sababi homilador ayol o‘z vaqtida dam olishi, ovqatlanishi, eng asosiysi ruhan xotirjam bo‘lishi zarur.
Sog‘lom ota-onadan sog‘lom farzand dunyoga keladi. Biz shifokorlar tuman hokimligi, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi, o‘quv muassasalari hamda mahallalarda faollar bilan hamkorlikda “Sog‘lom turmush tarzi”, “Qarindoshga quda bo‘lmang”, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, “Giyohvandlik – umr zavoli”, ko‘krak bezi saratoni hamda mavsumiy kasalliklarning oldini olish borasida aholi o‘rtasida suhbatlar olib boramiz.
Tumanimizning “Qulon qorabog‘”, “Qizil ravot”, “Nayman”, “Xitoy” kabi chekka qishloqlarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularda aniqlangan anemiya (kamqonlik), buyrak hamda ekstrogenital xastaliklar uchun zarur dori-darmonlar tarqatdik. Ayniqsa, besh nafar nogiron fuqarolarga Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan nogironlik aravachasi, moddiy yordam, dori-darmonlar berildi, – deydi Reymajon opa Nurmetova.
Aholi salomatligi yo‘lidagi fidokorona mehnatlari uchun R.Ahmedova 2013 yilda Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining 20 yilligi munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofoti – “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Reymajon opaning turmush o‘rtog‘i Jumanazar Qurbonboyev tumandagi 1-son umumta’lim maktabida ingliz tilidan bolalarga saboq beradi. Ular farzandlar tarbiyasiga hamfikr, hamjihat yondashgani bois o‘g‘il-qizlari barkamol voyaga yetdi.
To‘ng‘ich qizi Go‘zal Qurbonboyeva O‘zbekiston Milliy universitetining xorijiy filologiya fakultetini tamomladi. U Urganch shahridagi 1-Akademik litseyida ingliz tilidan o‘quvchilarga dars beradi. Ikkinchi qizi Feruza Qurbonboyeva Toshkent Islom universitetining “Xalqaro munosabatlar” fakultetini tamomlab, oliy o‘quv yurtida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat olib bormoqda. O‘g‘li Muhammadjon – huquqshunos.
Reymajon opaning farzandlari haqida faxrlanib gapirishidan baxtli oila bekasi ekanini his qilasiz. Shu bois bu baxtiyor oilaga xonqaliklar havas bilan qarashadi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Xorazm viloyati