Shifokor – el salomatligi posboni

Inson uchun dunyoda salomatlikdan ortiqroq baxt bo‘lmasa kerak. Betob bo‘lib, salgina yotib qolsak, dunyo ko‘zimizga tor ko‘rinadi. Agar bizning o‘rnimizda murg‘ak farzandimiz kasal bo‘lib qolsa-chi? Unda ikki hissa halovatimizni yo‘qotamiz. Bunday paytda jonimizga oro kiradigan insonlar – mehridaryo shifokorlar bo‘ladi.

Sog‘lom odam borki, doimo orzu-maqsadlar, ezgu istaklar sari intilib yashaydi. Shu bois sog‘liq insonning chinakam boyligi xotirjamligidir. Bu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan, kecha-kunduz atrofimizda parvona bo‘ladigan shifokorlarning borligiga, ularning zahmatli mehnatlariga tasannolar aytging keladi.

Ana shunday shifokorlardan biri poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 36-oilaviy poliklinikasida samarali mehnat qilib kelayotgan oliy toifali pediatr Musallam Adilovadir.

“Farzandlarni el-yurtga nafi tegadigan insonlar qilib voyaga yetkazsak, el ardog‘ida, noni butun bo‘ladi” deya ta’kidlardi Musallam opaning otasi Hamro aka Adilov. Umrini farmatsevt-dorishunoslik kasbiga bag‘ishlagan otaning o‘gitlari zoye ketmadi. Musallam va Nigora yoshlikdan shifokorlik kasbiga mehr qo‘yib, bu yo‘lda o‘qib-izlanib, bugun oliy ma’lumotli shifokor bo‘lib yetishdilar.

Aslida Buxoro viloyatida tavallud topgan, xizmat taqozosi bilan Chirchiqda, keyinchalik poytaxtda yashab, o‘qishni davom ettirgan Musallam Adilova Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti (avvalgi O‘rta Osiyo Tibbiyot Pediatriya instituti) talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. U oliy ta’lim dargohida bolalar kasalliklarini oldini olish, ularni bartaraf etish va davolash bo‘yicha tahsil oldi. Mutaxassis va professorlar – M.Shamsiyev, S.Sobirova kabi ustozlarining amaliyot va tajribalaridan ibrat oldi. Muomala madaniyati, fidoyilik va kasbga mas’uliyatni o‘rgandi.

Chirchiq shahar bolalar shifoxonasida bolalar shifokori sifatida o‘z faoliyatini boshlagan Musallam Adilova keyinchalik Bo‘stonlik tuman “Azadbosh” QVPsida bo‘lim boshlig‘i sifatida qishloq bolalarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, sog‘lomlashtirish, profilaktik emlash, bolalar kasalliklari ichida eng ko‘p uchraydigan – qizamiq, suvchechak, gepatit kabi yuqumli kasalliklarni bartaraf etishga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Tibbiy yordamga muhtoj oila farzandlaridan beminnat yordamini, g‘amxo‘rligini ayamadi.

Musallam Adilova mana bir necha yildirki, Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 36-sonli oilaviy poliklinikada “Bolalar kasalliklarini davolash” bo‘limi mudiri vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

– Oilaviy poliklinikamizda faoliyat yuritayotgan 5 nafar bolalar shifokorlari hududimizdagi yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan tortib 14 yoshgacha bo‘lgan 6000 nafar bolalarni sog‘lomlashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, turli xastaliklarning oldini olish va davolash ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Bolalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish orqali ular salomatliklarini mustahkamlashga harakat qilmoqdamiz, – deydi biz bilan suhbatda Musallam Adilova.

Yana o‘qing:  Boshidan o‘tgan tabib...

O‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati, yosh avlodga g‘amxo‘rligi tufayli Musallam Adilova O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ko‘plab faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.

Onasining kasbiga mehr qo‘ygan to‘ng‘ich farzand – Istora Akramova ham shifokorlik sohasini tanladi. Ayni paytda u transfuziolog-gematolog vazifasida faoliyat ko‘rsatmoqda. 9-sinfda ta’lim olayotgan Diyoraning orzusi ham bolalar shifokori bo‘lish.

Ha, mana shunday o‘z kasbiga sadoqatli yurtdoshlarimiz bor ekan, xalqimiz salomatligi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlarimiz bardavom bo‘ladi.

Maryam AHMEDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: