Tibbiy xizmat sifati – uzoq umr kafolati
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 44-oilaviy poliklinikada aholi salomatligini muhofaza etish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlar samarali yo‘lga qo‘yilgan. Muassasa jamoasi o‘z hududidagi mahallalarning faollari bilan hamkorlikda shu yerda yashovchi har bir fuqaroni ro‘yxatga olishgan. Ular muayyan muddatlarda tibbiy nazoratdan o‘tkaziladi.
– Avvalo, oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish lozim, – deydi oilaviy poliklinika bosh shifokori Muqaddas Rahmatullayeva. – Aholi sog‘lig‘i, hayotining daxlsizligi qator qonunlar bilan mustahkamlangan. Hatto, Bosh Qomusimizning 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgani ham yurtimizda inson manfaatlari oliy qadriyat ekanini tasdiqlaydi. Yigirma ming nafardan ortiq aholi muassasamiz ro‘yxatidan o‘tgan. Ularning tibbiy va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikda turli tadbirlar tashkil etyapmiz.
Darhaqiqat, aholi salomatligi va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq soha rivoji yo‘lida qator qonun hujjatlarining qabul qilinayotgani so‘zimiz tasdig‘idir. Ayniqsa, shifoxonalarda mansabdor shaxslarning muomala madaniyati, bemorlar bilan o‘zaro munosabati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan. Tibbiy ko‘rikka muhtoj shaxslarning iste’molchi sifatidagi huquq va vakolatlari himoya qilinmoqda.
Shuningdek, ona va bola salomatligiga oid ham ko‘pgina ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Homilador ayollarning ko‘rigi tashkil etilib, ularga bepul dori-darmonlar tarqatilyapti. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ro‘yxatga olinib, poliklinika xodimlari ularning salomatligi, me’yorida o‘sib-ulg‘ayishidan muntazam xabardor. Amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar yurtimizda inson salomatligiga e’tibor ortayotgani, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lidagi ishlar salmog‘i yildan-yilga kengayayotganidan dalolatdir. Qolaversa, sohaga oid qonun hujjatlarida og‘ir xastalikka chalingan bemorlarga davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda xizmat ko‘rsatish bilan birga ovqatlanish va dori-darmonlarning ham bepul tarqatilishi belgilab qo‘yilgan.
– Mamlakatimizda inson qadr-qimmati, sha’ni, salomatligi va uning haq-huquqlarini ta’minlashga katta e’tibor berilmoqda, – deya so‘zini davom ettiradi M.Rahmatullayeva. – Tegishli tashkilotlar vakillari bilan sohadagi mavjud imtiyoz va imkoniyatlarni aholiga tushuntiryapmiz. Xususan, bemor ko‘rsatilayotgan xizmatdan norozi bo‘lsa, ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish imkoni yaratilgan. Oilaviy poliklinikamizda ko‘rikdan o‘tish bepul amalga oshiriladi. Shuningdek, bolalikdan nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar, I va II guruh nogironlari, ijtimoiy ta’minot muassasalarida hisobda turuvchi yolg‘iz nafaqaxo‘rlar, bolalar va 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar, harbiy xizmatga chaqiriluvchilar bepul malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va davolanadi.
Ha, Muqaddas opa ta’kidlaganidek yurtimizda aholini yuqumli kasalliklarga qarshi emlash, ijtimoiy ahamiyatga ega hamda atrofdagilar salomatligiga xavf tug‘diruvchi xastaliklar va kasb kasalliklariga duchor bo‘lgan shaxslarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish ham bepul amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan aholiga kafolatlangan tibbiy hamda boshqa turdagi yordamlar bepul, uning tarkibiga kirmagan xizmatlar esa qo‘shimcha hisoblanib, belgilangan tartibda haq to‘lash orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, shoshilinch tibbiy yordam, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida, birinchi navbatda, qishloq vrachlik punktlarida sohaga oid xizmatlar ko‘rsatish bepuldir.
Mustaqillik yillarida ayniqsa, ona va bola salomatligini muhofaza etish, sog‘lom avlod tug‘ilishiga zamin yaratish uchun, eng avvalo, bo‘lajak ota-onalarning o‘zlari sog‘lom bo‘lishlari uchun oilada tibbiy madaniyat oshishiga ko‘maklashish, shuningdek, nikohlanuvchi yoshlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishiga jiddiy e’tibor qaratish, aholining barcha yoshdagi qatlamini ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olish nafaqat shifokorlarning muhim vazifasi, balki har bir fuqaroning ona Vatan oldidagi burchidir. Zero, sog‘lom insonlargina jamiyat ravnaqi va mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘sha oladigan bebaho kuchdir.
Bahodir HALIMOV