Kartoshkaning shifobaxsh xususiyatlaridan xabardormisiz?
Sabzavot va poliz ekinlari vitaminlar manbaidir. Ular ko‘p dardga shifo, jumladan, kartoshka ham shifobaxsh ne’matlardan biri hisoblanadi.
Kartoshka o‘z tarkibida oqsil, yog‘, uglevodlar, organik kislotalar, V1, V2, RR, S, D, K, E, A vitaminlari, natriy, kaliy, magniy, kalsiy, temir, fosfor, yod kabi elementlarni saqlaydi. Shuningdek, bu sabzavot oqsil inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan aminokislotalari mavjudligi bilan ham sevib iste’mol qilinadi. Odamlar orasida kartoshkani “ikkinchi non” ham deb atashadi. Chunki u ham non kabi me’daga tegmaydi. U nafaqat to‘yimli xususiyati, balki o‘zining shifobaxshligi bilan ham boshqa poliz ekinlaridan ajralib turadi.
Bodomcha bezlari yallig‘langanda, ya’ni anginada yangi siqib olingan kartoshka sharbatini 1 soat tindiring. So‘ngra klyukva sharbati bilan qo‘shib, 1kunda 3 mahal 2 stakandan iching.
Mayda kartoshkani olib (tuganaklar yoki kartoshka po‘chog‘i ham bo‘ladi) yaxshilab yuving va uni uncha ko‘p bo‘lmagan suvda qaynating. Chunki bug‘ suvdan emas, kartoshkadan kelishi kerak. Uning bug‘ini og‘iz va burningiz bilan 10-15 daqiqa davomida ichingizga yuting. Ingalyasiyadan so‘ng darhol o‘ranib yoting. Agar yallig‘lanish jarayoni o‘tkir kechayotgan bo‘lsa, muolajani 2 marta, ertalab va kechqurun bajaring.
Aritmiya (yurak ritmining buzilishi)-da muntazam ravishda kartoshkali muolaja kunlarini o‘tkazing. Kartoshkani qirib sharbatini, uning qaynagan suvini iching yoki dimlangan, pishirilgan sabzavot suvini yoki o‘zini iste’mol qiling.
Boldir va bo‘g‘imlardagi og‘riqni qoldirish uchun shu sohaga ko‘kargan kartoshkani qirg‘ichdan o‘tkazib kompress (bozillama) qilib qo‘ying. Kartoshkaning po‘chog‘ini archmay, uni tozalab yuvib, so‘ngra maydalang. Hosil bo‘lgan masalliqni qaynoq suvga solib isiting. Suv harorati 38 S darajaga yetishi kerak. So‘ng oyoqqa yoki qo‘lga moslab tikilgan maxsus bo‘z qopcha ichiga ushbu kartoshkani soling. Keyin bemorning og‘riqli sohasi tagiga kleyonka to‘shash darkor. Kartoshka qatlami esa 1,5-2 sm ni tashkil etishi kerak. Dastlab qopchani og‘riqli joyga kiygizing, ustidan kleyonka bilan o‘rab, suvini oqizmaslik uchun bint bilan ham yaxshilab bog‘lang. Ushbu bozillama bilan uxlashga yoting. Oyoq yoki qo‘lingiz yostiq ustida bo‘lsin. Tanangizga issiq o‘tishi bilan uxlab qolasiz. Agar bozillama og‘rigan joyingizni isitmasa, demak, u yomon tayyorlangan bo‘ladi. Og‘riq 20-30 daqiqadan so‘ng o‘tib ketadi. Bu muolaja sababli og‘riq yangi xurujgacha bezovta qilmaydi. Ushbu bozillamani har kuni kechasi takrorlang. Avval uni 7 kun qo‘yib ko‘ring. Qolgan kompreslarni muolaja samarasiga qarab qo‘yasiz. Agar og‘riq muolajaning 2 yoki 3 kunida o‘tib ketsa yana kompress qilishga zarurat qolmaydi.
Sevara GAZIBAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji Farmatsiya kafedrasi mudiri