Mavsum muammolari yoxud is gazi bilan bog‘liq masalaga ijobiy yechim topildi(mi?)

Yaqinda qishloqdagi qo‘shnim uyimizga mehmonga keldi. U bilan dasturxon ustida uzoq suhbatlashdik. So‘ng taom tayyorlash maqsadida sabzi-piyoz to‘g‘rashga unnadim. Qo‘shnim esa yonimga kelib, asta gap boshladi:

– Shaharga ko‘chib kelib yaxshi ish qildinglar-da. Bu yerda hamma sharoit muhayyo. Biz buruqsigan tutunda olov yoqib, ovqat pishiramiz. Shu desangiz, yaqinda is gazidan zaharlanishimga bir bahya qoldi. O‘sha kuni tunda uyquga yotdik. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Ko‘zimni ochib qarasam, tashqari hovlimizda yotibman. Biroz o‘zimga kelgach, shifoxonaga bordik. Shifokorlarning aytishiga qaraganda bir otning narxiga sotib olgan ko‘mirimizning sifati pastligi sabab o‘zidan zararli is gazi chiqarayotgan ekan. O‘sha bizni karaxt qilibdi. Yaxshiki, shu kuni xo‘jayinim uyga kech qaytgandi. Aks holda…

Ma’lumki, qish mavsumida havo haroratining keskin pasayishi oqibatida fuqarolarimiz o‘z xonadonlarini isitish maqsadida turli xildagi yoqilg‘i mahsulotlari, isitish va gaz uskunalaridan keng foydalanadi. Ayrim insonlarning xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi, texnika vositalariga bee’tibor bo‘lishi oqibatida turli ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘ladi. Eng achinarlisi, joylarda olib borilayotgan tushuntirish va targ‘ibot tadbirlariga qaramasdan aholi orasida tabiiy va is gazidan zaharlanish, turli xildagi tan jarohatlari olish bilan bog‘liq noxush holatlar tez-tez uchramoqda.

“O‘ztransgaz” AJ ma’lumotlariga qaraganda joriy yilda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha korxona, tashkilot, xususiy tadbirkorlik sub’yektlarida 10 ming 219 ta, bozorlarda 651 ta, umumta’lim, o‘rta-maxsus va oliy ta’lim muassasalarida 3 ming 703 ta, hovli-joylarda 2 mln.ga yaqin, ko‘pqavatli uylarda esa 278 ming 648 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Aholiga 476 mingdan ortiq eslatmalar, bannerlar tayyorlanib, tarqatilgan, 120 mingga yaqin suhbat va seminarlar o‘tkazilgan.

Profilaktik tadbirlarga qaramay, gazdan foydalanish jarayonida fuqarolarning tan jarohati olishi, halok bo‘lishi, yong‘in kabi salbiy holatlar tez-tez uchramoqda. O‘zbekiston Res­publikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha 2018 yil 15 noyabrigacha mamlakatimizda is gazi bilan bog‘liq jami 31 ta  noxush holat qayd etilgan. Ushbu salbiy voqealarda 101 nafar fuqaro jabr chekkan, 48 nafari vafot etgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilgiga nisbatan biroz kamaygan. 2017 yilda mamlakatimiz bo‘yicha 81 ta is gazidan zaharlanish holatlari qayd etilgan bo‘lib, unda 83 ta fuqaro vafot etgan, yana 110 kishi jabrlangan.

– Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi, – deydi terapevt Shahnoza Xoldorova. – Ushbu gaz gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa – anoksiya va o‘limga olib kelishi mumkin. Xona havosidagi is gazining atigi 0,1% konsentratsiyasi inson organizmi uchun o‘lim darajasida xavfli hisoblanadi. Is gazidan zaharlangan odamga birinchi yordam ko‘rsatish uchun avvalo, uni zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Yuzaki nafas olishda yoki nafas olish to‘xtab qolganida bemorga sun’iy nafas oldirish lozim. Agar u hushida bo‘lsa, tananing yuqorisi qisib turuvchi kiyimlardan bo‘shatiladi. Bemorga issiq choy va qahva ichiriladi. Shuning­dek, “Tez tibbiy yordam”ga, gaz ta’minoti xizmati hamda 1050 telefon raqami orqali “Qutqaruv xizmati”ga murojaat qilish zarur.

Yurtimizning tabiiy gaz yetib bormagan hududlarida yashovchi aholi gaz balonlari, ko‘mir kabi yoqilg‘i mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlanadi. Afsuski, ushbu mahsulotlarni yetkazib berishda ayrim vijdonsiz kimsalar o‘z manfaati yo‘lida vatandoshlarining haqiga xiyonat qilmoqda. Ba’zi viloyatlarda ko‘mirni kesakka aralashtirib sotilayotgani, gaz balonlari xonadonlarga o‘z vaqtida yetkazib berilmayotganini misol tariqasida keltirish mumkin. Buning natijasida aholi o‘z hovlisidagi daraxtlarni kesib yoqishga, cho‘llardagi saksovullarni olib ketishga, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa inson va ona tabiat uchun jiddiy xavfni yuzaga keltirmoqda. Nafs sabab o‘zgalar haqiga chang solayotgan kimsalar sodir bo‘layotgan fojealardan o‘zlari uchun tegishli xulosa chiqarsa, ayni muddao bo‘lardi.

Yana o‘qing:  OITSga qarshi kurashish samaradorligi oshadi

Hukumatimiz tomonidan bu boradagi ayanchli vaziyatlarni kamaytirish, is gazidan zaharlanish kabi ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Masalaga yechim sifatida Namangan shahrida havoda is gazi va tabiiy gaz miqdorini aniqlaydigan maxsus moslama ishlab chiqarilmoqda. Bu esa mavsum muammolarini bartaraf etishda yana bir samarali yechim bo‘lishi kutilmoqda.

“Aholini is gazidan zaharlanish va yong‘inning oldini olish” MCHJ rahbari Husanboy Yunusovning aytishicha, xorijda aholi bu turdagi apparatlardan keng foydalanadi. O‘zbekistonga esa hali ushbu innovatsiya kirib kelmagan edi. Mavjudlari ham chet eldan qimmat narxda import qilinadi. Shuning uchun xalqimizda bu kabi qurilmalar haqida deyarli tushuncha yo‘q. “HOME GS” deb ataluvchi maishiy universal himoya gazosignalizatori  yonuvchi metan, propan va zaharli is gazlarini avtomatik ravishda sezadi va belgilangan miqdordan ortib ketganda maxsus klapan orqali gazni tarmoqdan uzib qo‘yadi. Qurilma sizib chiqayotgan gaz xavfi bartaraf etilgunga qadar ogohlantiruvchi ovozli signal berib turadi. Moslama yana bir afzalligi shundaki, u 12 soat mustaqil elektr energiyasiz uzluksiz ishlay oladi.

“HOME GS” gazosignalizatoridan aholi yashash uylari, barcha ijtimoiy-iqtisodiy ob’yektlar,  ko‘p qavatli uylar, issiqlik stansiyalari, sanoat korxonalari hamda barcha gaz qurilmalaridan foydalanadigan  ob’yektlarda keng foydalanish mumkin.

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: