Profilaktik hisobdagi yoshlarlar to‘g‘ri yo‘lni tanlamoqda
Jinoyatchilikka qarshi kurashish barcha davrlarda ham jamiyat oldidagi muhim masala bo‘lib kelgan. E’tiborlisi, keyingi yillarda mamlakatimizda bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizdagi huquqbuzarliklarning bir qismi tayin bir ish joyiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda. Bunday shaxslar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olishda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqida gap ketganda yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yuritish, tadbirkorlar oldida turgan muammolarni bartaraf qilish, ularga keng imtiyoz va imkoniyatlar berish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganligini misol qilishimiz mumkin.
Kuni kecha Yoshlar ijod saroyida “Mamlakatimizda jinoyatchilikni oldini olishning dolzarb masalalari va kelgusidagi vazifalar” mavzusida bo‘lib o‘tgan respublika anjumanida yoshlar uchun “Ibrat” maktabi tashkil etilgani qayd etildi. Unga ko‘ra 450 nafardan ziyod tarbiyasi og‘ir, IIB profilaktik hisobida turuvchi, jinoyat sodir etishga moyilligi yuqori bo‘lgan voyaga yetmaganlar jazo o‘tash muassasalariga olib borildi. Ular jazo muddatini o‘tayotgan tengdoshlari bilan uchrashdi. Muloqot qilib, mahkumlarning dil so‘zlari, iztirob va azobli pushaymonlarini tingladilar.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Ichki ishlar, Mudofaa va Adliya vazirliklari, Milliy gvardiya, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini boshqarish bo‘yicha respublika kengashi hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadbirda joriy yilning 10 oyida voyaga yetmaganlar sodir etgan jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 426 taga kamaygani ma’lum qilindi.
Hayotda har bir inson yo‘l qo‘ygan xatosini tuzatish uchun unga imkon beriladi. Quvonarlisi, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod qilingan yoshlarning ko‘pchiligi ishlab chiqarish korxonalari yoki fermer xo‘jaligiga biriktirilmoqda. Shuningdek, ularning jinoyat sodir etishga moyilligi hisobga olinib, 386 nafar yoshning har biriga hududlarda faoliyat yuritayotgan “Temurbeklar” maktabi hamda harbiy qism ofitserlari mas’ul etib biriktirilgan.
Xurshida HUSENOVA
Ma’lumot o‘rnida: Joriy yilning o‘tgan davrida 39 ming 132 nafar shaxs jinoyat sodir etgan. Shundan 13 ming 423 nafari yoki 34, 3 foizi voyaga yetmaganlar va yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.