Chapaqay bolalarni o‘ng qo‘lga majburlash mumkinmi?
Bog‘cha yoki maktabga chiqqan bolajonlarning chap qo‘lda mashg‘ulotlarni bajarishi atrofdagilarga biroz noqulay ko‘rinsa-da, o‘zlariga aslo bilinmaydi.
Aytish kerakki, kichkintoylarda chapaqaylik asosan 3-4 yoshidan sezila boshlaydi. Ularning har bir hatti-harakatida o‘ngga nisbatan chap qo‘lning faolligini bilish qiyin emas. To‘g‘ri, bu ota-onalarni biroz xavotirga solishi, tabiiy. Ammo bundan jiddiy muammo yasash ham unchalik to‘g‘ri emas.
– Chapaqaylik – psixologiyada tug‘ma irsiy xususiyat hisoblanab, ya’ni ota-onalardan birida shunday odat bo‘lsa, bolalarning ham chapaqay bo‘lish ehtimoli yuqori, – deydi psixolog Feruza Rasulova. – Shuningdek, uning sabablari majburiy ham bo‘lishi mumkin. Insonda bosh miya chap va o‘ng yarim shardan iborat bo‘lib, chap miya yarim shari verbal mantiqiy tafakkurni ishlashida muhim rol o‘ynaydi. Chapaqay bolalarda esa bosh miya tuzilishining faol ishlashi o‘ng qo‘lida ishlaydiganlarga nisbatan biroz farq qiladi. Ularda o‘ng va chap miya yarim sharlari funksiyalari aralashgan holatda o‘ziga xos tuzilgan bo‘ladi. Agar bola o‘ng qo‘lida yozsa, axborotlar bosh miya yarim sharida tahlil qilinadi. Chap qo‘lida yozadigan o‘quvchida esa bu jarayon boshqacharoq, ya’ni bosh miyadagi tahlil qilish markazi har ikkala yarim sharda joylashgan bo‘ladi.
Chapaqaylikni o‘zlashtirishga ta’siri
Chap qo‘lda faol ishlaydigan bolalar maktabdagi fanlarni o‘zlashtirishda, diqqatni jamlashda biroz qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Ushbu nuqsonlarga kattalar jiddiy qaramasliklari kerak. Chunki bu tabiiy jarayon hisoblanadi. Chapaqaylardan kelajakda ko‘plab sportchi yoki mashhur insonlar yetishib chiqqanligi sizga ma’lum.
Uning sabablari
Bolalarda chapaqaylik turli omillarga ko‘ra yuzaga keladi. Masalan, kichkintoy bog‘cha yoki uyda chap qo‘lida ish bajaradigan insonlarga qarab chapaqay bo‘lib qolishi mumkin. Qolaversa, turli xildagi jarohatlar, qo‘lidagi nuqsonlar sababli ham bu odatga o‘rganish kuzatiladi. Bundan tashqari bola tug‘ilganidan boshlab chap qo‘lini o‘ngga nisbatan faolroq harakatlantirish natijasida ham chapaqaylik yuzaga keladi.
Ikki qo‘lning faolligi
Bu kabi holatlarning kuzatilishi, tabiiy jarayon hisoblanib, fanda ambidekstriya (ikki qo‘llilik) deb ataladi. Ya’ni, bunday insonlar ikki qo‘lda bemalol harakat qila oladi. Boisi, ularda bosh miyaning har ikki yarim shari ham birdek faol ishlaydi. Bu esa organizmga jiddiy ta’sir etmaydi.
O‘ng qo‘lda ishlashga majburlash mumkinmi?
O‘ng qo‘lda yozishga majburlash bolaning stress (ruhiy zo‘riqish) holatga tushib qolishiga olib keladi. Buning natijasida unda nevroz xastaligi kuzatiladi. Ota-onalar shuni unutmasligi kerakki, chapaqaylik bolaning miya funksiyasining tuzilishi bilan bog‘langan bo‘ladi. Shuning uchun ularni o‘ngda yozishga majburlash yoki jazolash aslo mumkin emas. Bundaylar juda ta’sirchan hisoblanadi. Ko‘pincha ular arazchi, xavotirlanuvchan, tez charchaydigan, ishchanlik qobiliyati sust bo‘lishi mumkin. Bu kabi hollarda ularni o‘ng qo‘lda yozishga majburlash aks ta’sir etadi.
Antiqa bolalar bilan ishlash
Chapaqaylar bilan mashg‘ulotlar olib borilganida ularning individual xususiyatini inobatga olish zarur. Agar ustozlar chapaqay o‘quvchilar bilan to‘g‘ri ish olib borsa, kelajakda ulardan iqtidorli va qobiliyatli insonlar yetishib chiqadi.
Dilfuza AZIMOVA