Kichik e’tiborsizlikning katta fojeasi

Jamshid uydagilarning noroziligiga qaramasdan Rossiyada ishlash uchun o‘rtoqlari bilan birga ketishga ahd qildi. Nihoyat u ko‘zlagan manzilga yetib keldi. “Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi”, deganlaridek bu yerda pul topish ham oson emas ekan.

Eng yomoni, bitta xonadonda 15 nafar yigit yashaydi. Vannaga qo‘yilgan soqol olish ustaralari aralashib ketganidan qaysi biri o‘ziniki ekanini ijaradagilarning o‘zlari ham eslay olmaydi. Avvaliga Jamshidning bu hayotga o‘rganishi qiyin bo‘ldi. Lekin u  bir oyda hammasiga ko‘nikdi. ”Nima qilibdi, ular ham menga o‘xshagan insonku”, degan o‘y kun kelib katta fojeaga aylanishini musofir yigit hali bilmas edi…

U ikki yil ishlab, nihoyat uyiga qayt­di. Jamshid mo‘maygina pul top­di. Ota-­onasi uni uylantirish harakatini boshlab yubordi. Qo‘shnisining qizi unga turmushga chiqishga rozi bo‘ldi. Ota-onalarning quvonchi esa cheksiz edi.

Nikohni qayd qilishdan oldin yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Yigit bilan qiz bir olam orzu-havas­lar bilan to‘y kunini kutishardi. Ammo shodiyona kunga uch kun qolganda hammasi chappasiga aylanib ketdi. Chunki yigitning OIVga topshirilgan qon tahlilining natijasi yomon chiqqan edi.

Shifokorlar OIV infeksiyasi borligini aniqlashgach, kasallik qay yo‘l bilan yuqqanligini bilishga harakat qilishdi. Turli savollardan Jamshid esankirab qoldi. U to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri turgan bo‘lsa, ichmasa, chekmasa, tibbiy muolajalarni olmagan bo‘lsa. Tibbiyot xodimlarining “Yashash sharoitingiz qanday bo‘lgan edi?” degan savoliga u “15 nafar yigit bilan bir xonada istiqomat qilgandik. Kimning qanaqa narsasi to‘g‘ri kelsa, ishlatib ketilardi. Ular bilan xuddi aka­ukadek bo‘lib qolgandik”, deya javob berdi bemor. Mutaxassislar kasallik o‘chog‘ini aniqlaganday bo‘lishdi…

Sanchiluvchi, kesuvchi buyumlar va shaxsiy gigiyena vositalari, ya’ni soqol olish, tirnoq tozalash asboblari, tish cho‘tkasi va ustaralardan umumiy tarzda foydalanganda infeksiyaning yuqish xavfi yuqoriligi aniqlangan. Jamshid esa ushbu gigiyenik qoidalarning birortasiga ham amal qilmagan edi. «Hammasi tugadi», deya boshini changalladi u. Ota-onasi-ku adoi tamom bo‘lishdi. Ularning fikri xayolida turfa o‘ylar «g‘ujg‘on» edi. Endi ular mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘lar orasida nima degan odam bo‘lishadi?!

Shu o‘rinda bunday baxtsizlikning oldini olish uchun nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Tibbiy muolajalarni amalga oshirishda sterillangan asbob-anjom (ginekologik, stomatologik, jarrohlik, kosmetologik va boshqa)larning ishlatilishini nazorat qilish o‘ta muhim. Shuningdek, o‘g‘il bolalarni xatna qilganda, qiz bolalarning qulog‘ini teshtirganda bir martalik asbob-anjomlarning qanday holda ishlatilishiga ahamiyat bering. Mutaxassislar bir martalik asboblarning qoplamasini ko‘z oldingizda ochishlarini talab eting. Teriga igna yordamida rasm soldirish (tatuirovka) bu qayta tiklanmaydigan jarayondir. Uni istagan vaqtingizda o‘chirib tashlay olmaysiz. Keyinchalik sizni afsuslantiradigan bu yot “urf”ga mutlaqo berilmang! Pirsing, tatuajda bir martalik asbob-anjomlarning ishlatilishini nazorat qiling! Giyohvand modda­larni hatto, qiziqib tatib ko‘rish ham xavfli ekanligini aslo unutmang! Tish yuvish shyotkasi, soqol olish, tirnoq tozalash asboblari, ustara kabi shaxsiy gigiyena vositalaridan boshqalarning foydalanishiga yo‘l qo‘ymang! Ayniqsa, betartib jinsiy hayot ushbu infeksiyani yuqtirib olishga zamin yaratadi.

Yana o‘qing:  Ikki kunlik ro‘za saratondan saqlaydi

Unutmang! Sizning sog‘ligingiz – oilangiz mustahkamligi, uning totuvligi, baxti va saodatidir.

Rohila YUSUPOVA,

Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish

 markazi bosh shifokori o‘rinbosari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: