Odam organizmidagi toshlar qanday paydo bo‘ladi?
Erkaklarga qaraganda ayollarda ko‘proq uchraydigan o‘t-tosh xastaligi surunkali bo‘lib, ushbu dard o‘t yo‘llari va uning xaltasida tosh paydo bo‘lishi bilan kechadi.
Respublikamizda o‘t-tosh kasalligi ba’zi bir viloyatlarda bolalar o‘rtasida oz bo‘lsada uchrab turadi. Kalkulyoz xoletsistit – ba’zan o‘t-tosh kasalligi deb ham ataladi. Biroq, u o‘t pufagida yallig‘lanish jarayoni bilan kechmasligi ham mumkin. Bunda konkrementlar (toshlar) hosil bo‘lishi boshqa qator omillarga bog‘liq bo‘ladi.
O‘t-tosh kasalligini paydo bo‘lishiga ko‘pgina omillar jumladan, irsiy moyillik, ko‘p yog‘li ovqatlarni iste’mol qilish, noto‘g‘ri ovqatlanish, kam harakatlilik, jigarning yallig‘lanishi va yuqumli kasalliklar, o‘t yo‘llari va o‘t xaltasi xastaliklari, shuningdek, ichkilikga berilgan kishilarda tosh hosil bo‘lishi kuzatiladi. Bularning barchasi o‘tning fizik va kimyoviy tarkibini o‘zgarishiga zamin yaratadi. Natijada o‘t toshlari paydo bo‘ladi. O‘t sarg‘imtir, jigarrang tusdagi suyuq, o‘zgacha hidga ega ajralma bo‘lib, uni jigar hujayralari ajratadi. O‘t odam ichagida oziq moddalarning parchalanishiga va yog‘li mahsulotlarning hazm bo‘lishi hamda so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi.
O‘t pufagi va o‘t yo‘llari kasalliklari qatoriga tug‘ma diskineziya nomini olgan o‘t pufagi mushaklarning qisqarishining buzilishi, uning qiyshiq joylashganligi kiradi. Natijada o‘tning jigar va o‘t pufagidan o‘n ikki barmoq ichakka ajralib chiqishi buziladi. Uning jiddiy asorati o‘t jigar sanchig‘i xisoblanib, bunda o‘ng qovurg‘alar ostida kuchli og‘riq xuruji bo‘ladi. Jigar, o‘t pufagi va umumiy o‘t yo‘li toshdan tiqilib qolishi hamda obturatsion sariqlik, istisqo yoki yiringli xoletsistit rivojlanishi mumkin.
Yog‘li ovqatni xush ko‘rib har doim ko‘p iste’mol qilinsa xolesterin bilan o‘t kislotalari o‘rtasidagi muvozanat buziladi. Bu holatda xolesterin donachalari cho‘kib, toshlar hosil bo‘ladi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, yog‘li ovqatlarni iste’mol qilib yotib olish, bir xil odamlarning ozish maqsadida ochlik bilan o‘zini o‘zi davolashga urinishi nafaqat tosh hosil bo‘lishi balki yomon oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Kam harakat qilish boshqacha qilib aytganda gipodinamiya, o‘tning faqat o‘t xaltasida emas, balki o‘t yo‘llarida ham dimlanib qolishiga sabab bo‘ladi. Shu tufayli me’da osti bezi xastalanadi. Bu a’zo bilan o‘t ajratish tizimi o‘rtasidagi uyg‘unlik buziladi va tosh hosil bo‘lishi osonlashadi. Shuni xam eslatish maqsadga muvofiqki, o‘t qopi faqat jigar bilan emas, balki o‘n ikki barmoq ichak, me’da osti bezi bilan ham chambarchas bog‘langan. Shu sababli bu a’zolar birgalikda kasallanadi.
Ushbu xastalik ko‘pmi-ozmi uzoq muddatgacha asta-sekin, zimdan o‘rtacha kataral yallig‘lanish bilan namoyon bo‘la boshlaydi. Bir necha yillar davomida bemorning og‘zi vaqti-vaqti bilan taxir bo‘lib, o‘ng qovurg‘alar ostida unchalik kuchli bo‘lmagan og‘riq va osilish hissi seziladi. Ko‘pincha kasallik qorin dam bo‘lishidan boshlanadi. Bemor ovqat yeganidan bir-ikki soat o‘tganidan so‘ng o‘ng biqinida og‘irlik hissi paydo bo‘ladi. Uning qorni qappayadi. Og‘riq o‘ng yelkaga beriladi, ko‘ngil aynib, bemor qusadi, tomir urishi tezlashib, uning harorati ko‘tariladi. Bemor o‘z vaqtida shifokorga uchrab davolanmasa ahvoli og‘irlashib, terisi va ko‘z oqi sarg‘ayadi. Ya’ni, umumiy o‘t yo‘liga tosh tiqilib, safro qonga o‘ta boshlagan bo‘ladi. Endi faqat operatsiya qilishdan boshqa chora qolmaydi.
Xolesteringa boy hayvon yog‘larini, yog‘li sut mahsulotlarini kamroq, sabzavot va mevalarni ko‘proq yeyish kerak. Achchiq, sho‘r ovqatlarni, xantal, qalampir va shunga o‘xshash narsalarni yemagan ma’qul. Bemor o‘z vaqtida shifoxonaga borib davolansa asoratlarning oldi olinadi.
O‘t-tosh kasalligiga qo‘shilib keladigan lyamblioz va boshqa parazitar kasalliklar asosiy kasallik klinik manzarasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Biroq qator hollarda parazitlar borligi, ayniqsa, ularning ko‘p miqdorda bo‘lishi kasallik kechishini og‘irlashtirib, o‘t oqib chiqishiga qarshi mexanik to‘siqlar vujudga kelishi mumkin. Shuningdek, unga allergiya – organizmning yarim mikroorganizmlar yoki omillarga (oziq-ovqat allergiyasi) ortiqcha sezuvchanligi ham moyillik paydo qiladi. O‘t-tosh kasalligining rivojlanishiga o‘t pufagida o‘tning dimlanib qolishi imkon beradi. Ovqatdan zaharlanish, qabziyat, tor kiyim, korset, bel-bog‘lar, kolit kasalligi va boshqalar ham xoletsistitga turtki bo‘lishi mumkin. Burun va og‘iz bo‘shlig‘idagi yallig‘langan joylar (kariyes,paradontoz) va boshqa yallig‘lanish jarayonlari bo‘lsa, albatta, yaxshilab davolanish zarur.
O‘t-tosh kasalligining oldini olish uchun inson serharakat bo‘lishi, bir necha soatlab bir joyda o‘tirmasdan, badantarbiya bilan shug‘ullanib turishi lozim.
Asqar SOLIYEV,
Farhod BOBOYEV,
ToshPTI Bolalar xirurgiyasi va onkologiyasi kafedrasi
2-bosqich magistrlari