Bunyodkorlik bobolardan meros
Bugun yurtimizning qay go‘shasiga bormang qurilish, bunyodkorlik ishlarining ustidan chiqasiz. U yerda javlon urayotgan quruvchilarni ko‘rib, beixtiyor g‘ayratingiz jo‘sh uradi. Siz ham ushbu ko‘rkam binolarga bitta bo‘lsa-da g‘isht qo‘yishni niyat qilasiz.
Samarqand azaldan o‘zining tarixiy obidalari bilan dunyo ahlini lol qoldirib kelgan. Quvonarlisi, hozirda o‘sha Registon-u Bibixonimlarga havas ila ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan zamonaviy binolar shahar ko‘rkiga yanada ko‘rk bag‘ishlamoqda.
Qurish, yaratish bu – bir san’at. San’atning go‘zalligi ostida esa juda katta mehnat yotadi. Bizni zavqlantirgan o‘sha qurilishlarga mehnati singanlardan biri A’zamjon aka Xushmanovdir.
U 1974 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Registonning gumbaziga havas ila termulib o‘tgan bolalik damlarida qalbidagi quruvchilikka bo‘lgan muhabbat uni Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti tomon yetakladi. Umrning oltin davri deya atalmish talabalik chog‘larini eslamay bo‘ladimi? Qalin-qalin kitoblaru chizmalarga tikilib ottirilgan tonglar, turli dars mashg‘ulotlari, sho‘x-shodon kursdoshlar bilan necha-necha sarguzashtlar… Ushbu to‘rt yil mobaynida ustozlar etagini mahkam tutgan qahramonimiz o‘qish bilan bir qatorda “Samarqandtransqurilish” trestida montajchi, “Qarshiqurilishindustriya” ishlab chiqarish birlashmasi “Marketing xizmati” bo‘limi viloyat vakolatxonasida ish boshqaruvchi sifatida faoliyat olib bordi. U 1998 yili institutni tamomlagach, uning to‘laqonli ish faoliyati boshlandi.
Davlat ko‘chmas mulk va yer kadastri xizmati Go‘zalkent tumani bo‘limi boshlig‘i, viloyat hokimligi Safarbarlik tayyorgarligi bo‘limi boshlig‘i, viloyat Iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, “Samarkand-NPK” MCHJ O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi bosh direktori, viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati bosh mutaxassisi kabi ko‘plab lavozimlarda samarali xizmat qildi.
Kimdir o‘ziga uy qursa yoki xarid qilsa, “vatanli bo‘libdi” deyishadi. Albatta, uy ham kichik bir Vatan. E’tiborlisi, A’zamjon akaning butun ish faoliyatidagi bosh maqsadi turarjoyga muhtoj odamlarni “vatanlik qilish” edi.
Ezgu niyatlar ijobat bo‘lajak. Qahramonimiz o‘z maqsadi yo‘lida tun-u kun izlanishda bo‘ldi. Hujjatlar, uy chizmalari va yana qo‘shimcha qog‘ozlar… Hammasi nihoyalangach, puxta reja asosida birin-ketin osmono‘par binolar qad rostladi. Bu qurilishlarda uning o‘zi ham ishtirok etib, quruvchilar safida yonma-yon mehnat qildi. A’zamjon aka chetdan o‘zi qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan inshootlarga ko‘z tikar ekan “Bu uylar devoriga peshona terim singgan” deya faxrlanadi.
Quruvchilarning aytishicha qahramonimiz mehnatni qadrlaydigan inson. Bayram kunlarida quruvchilarning farzandlari uchun bayram sovg‘alari ulashadi. Xastalikka chalingan ustalarni markaziy shifoxonada davolanishini ta’minlab, nazorat qilib boradi. Yelkadoshlariga g‘amxo‘rlikni o‘zining burchi, deb biladi.
“Yaxshidan bog‘ qoladi” deganlaridek, A’zamjon aka o‘zining odamoxunligi, ezguparvarligi bilan nom taratgan. Qizi Aziza Samarqand davlat chet tillari instituti talabasi. U kelajakda nufuzli xorijiy oliygohlarda tahsil olib, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishni niyat qilgan. O‘g‘li Ahrorbek huquqshunoslik sohasida ta’lim olmoqda. Kenja qizi Rushana esa maktabda o‘qiyapti.
Bir-biridan zukko, ilmli bolalarni tarbiyalayotgan Ruxsora opa farzandlari bilan doim mashg‘ulotlar olib boradi. Kasbi o‘qituvchi bo‘lgani sababmi, bilimli va ziyoli ayol. U farzandlarini oila tutimiga mos tarzda voyaga yetkazmoqda. Xonadoni va o‘g‘il-qizlari tarbiyasidan ko‘ngli xotirjam A’zamjon aka tadbirkorlik faoliyati bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
O.RAZZOQOVA