Bosh miya gematomasi. Chaqaloqlarda bu xastalik qanday asorat qoldiradi?
Ko‘pincha qabulimizga onalar yangi tug‘ilgan go‘dagining ko‘p bezovta bo‘layotgani, uning uyqusi yaxshi emasligi haqida shikoyat qilib keladi. Onalar bu belgilarga e’tibor beravermaydilar.
Aslida bular bosh miya gematomasining klinik belgilaridan hisoblanadi. Gematoma – go‘dakning tug‘ruq jarayonida bosh miyaning mexanik shikastlanishi hisoblanadi. Bu tug‘ruq paytida bolaning boshi onaning tug‘ruq yo‘llariga organik va funksional jihatdan mos kelmasligi hamda akusherlik muolajalari paytida chaqaloq boshining yumshoq to‘qimalari, kalla suyagi va bosh miyasining zararlanishdir. Ushbu holatda go‘dakning boshi tug‘ruq yo‘llarida qisilib qoladi. Bosh miya gematomalari miya to‘qimalarining siqilishi, uning shishiga olib keladi. Bu xastalik bir yoshga to‘lmagan bolalarning deyarli 10 foizida kuzatiladi. Gematoma belgilari oddiy ko‘k yoki tartibsiz shakl, qizil – ko‘k yoki binafsha rangda bo‘lishi mumkin. Ba’zi gematomalar ko‘rinishiga qarab “qulupnay” ham deb ataladi. Chunki ular turli xil meva shaklida bo‘ladi. Ba’zi gematomalar bolaning tug‘ilganidan so‘ng uning boshida mavjud bo‘ladi. Ularning ayrimlari esa go‘dak hayotining birinchi oylarida paydo bo‘ladi. Dastlab barcha gematomalar bir xil rangda bo‘lishi mumkin. Oq, ko‘k-kulrang yoki pushti tusda. Boshdagi gematomalarning 50 foizi 5 yoshda, 75 foizi esa 7 yoshda va bola 9 yoshga kelib ularning 90 foizi so‘rilib ketadi.
Agar yangi tug‘ilgan chaqaloq boshida gematoma bo‘lsa, uning organizm ichki a’zolariga ta’sirini aniqlash maqsadida ultratovush tekshiruvi amalga oshiriladi. Bolaning boshida katta shish bo‘lsa, u holda umumiy qon tahlilini ko‘rib chiqish zarur. Bosh miya gematomasi mavjud go‘daklarda ko‘pincha ovqatlanish bilan bog‘liq muammolar ya’ni, ko‘krakni sust emish hamda ovqatlanishdan bosh tortish hollari kuzatiladi. Shuningdek, bemorda bezovtalik, uyquning buzilishi, boshning noto‘g‘ri shaklda bo‘lishi uchraydi. Go‘dak ko‘zini gematoma mavjud bo‘lmagan tomonida ochib-yumadi. Bolada ichak tutilishi bilan bog‘liq muammo, qo‘llarning, oyoqlarning yoki butun tananing mushak tarangligi bilan bog‘liq qiyinchiliklar (gipotonik mushaklar) belgilar aniqlanadi.
Bunday hollarda bolaga o‘z vaqtida tibbiy yordam kerak bo‘ladi. Chunki tug‘ma jarohatlarning boshga salbiy ta’sirining oqibatlari ko‘p bo‘lishi mumkin. Xususan, aqliy zaiflik, nutqning rivojlanmasligi, jismoniy kamchiliklar kabi boshqa kasalliklar shular jumlasidan. Shuning uchun bemorda yuqoridagi klinik belgilar kuzatilsa ota-onalar farzandlarini darhol nevropatolog ko‘rigidan o‘tkazishi zarur.
Jamshid SAIDOV,
bolalar nevropatologi