Nikita bo‘sh kelmadi
Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida taekvondo WTF bo‘yicha nufuzli gran-pri musobaqasi yakunlandi. Ushbu turnirda O‘zbekiston sharafini to‘rt nafar sportchi himoya qildi.
Jumladan, – 80 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Nikita Rafalovich musobaqa davomida Gretsiya, Italiya hamda Rossiya davlatlari vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga yo‘l oldi. Final ostonasida kechgan jangda unga chorak finalda olgan kichik jarohati pand berdi va raqibiga kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori hisoblangan Rafalovich Manchester gran-prisining bronza medali bilan kifoyalandi.
Qayd etish lozimki, ushbu muvaffaqiyat orqali Nikita 2020 yilgi olimpiya o‘yinlari litsenziyasi uchun qimmatli bo‘lgan reyting ochkolarini ishlab oldi.
T. ORTIQOVA