Ilm – ezgu, umr ko‘zgudir
Kishi biror ishni muhim deb bilsa va unga kerakli e’tibor bersa, qalbi o‘sha ish uchun hozir bo‘ladi. Agar unga o‘z umrining bebaho yillarini baxshida etsa, bu murod o‘z ijobatini topmay qolmaydi. Inson ana shu tutgan yo‘li orqali chin baxtga erishadi.
Toshkent Tibbiyot Akademiyasi, Bolalar stomatologiyasining ortodontiya bo‘limida ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat olib borayotgan tibbiyot fanlari doktori, professor Saida’loxon Eshonxonov ham o‘zi tanlagan kasbi orqali baxt qo‘rg‘onini bunyod eta olgan insonlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Eshonxonovlar xonadonining to‘ng‘ich o‘g‘li – Saida’loxon maktabni tugatgach, 1964 yilda Y.Oxunboboyev nomidagi tibbiyot bilim yurtining tish davolash bo‘limini imtiyozli diplom bilan tamomlab, o‘sha yili sobiq Toshkent davlat tibbiyot institutining stomatologiya fakultetida o‘qishni davom ettirishga qaror qildi.
Qismat – tasodifdan emas, tanlovdan yaraladi deganlaridek, Saida’loxon Eshonxonov bejiz o‘z taqdirini ana shu soha bilan tutash bilmagan. Zero, uning otasi – Murtazoxon Eshonxonov ham o‘z davrida qo‘li yengil, tajribali shifokor bo‘lib, u kishini hali-hanuz Zangiota tumanida “Ko‘kterak Luqmoni” deya iliq so‘zlar bilan xotirlashadi. Otasining o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyati hamda jonkuyarligi S.Eshonxonovni ota kasbini tanlashiga turtki bo‘ldi. Institutni tamomlagach, O‘rta Osiyo Pediatriya institutining anatomiya kafedrasida, so‘ngra Toshkent Tibbiyot Akademiyasi (avvalgiToshkent davlat tibbiyot instituti)ning jarrohlik stomatologiya klinikasida shifokor bo‘lib, o‘z malakasini oshirib bordi. S. Eshonxonov ish faoliyati davomida ilmiy izlanishlar olib borib, 1988 yilda Moskva shahrining Markaziy stomatologik ilmiy tekshirish institutida «Tug‘ma lab va tanglay kemtikli bolalarda ingichka ichakning morfofunksional holati» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Izlanishlar samarasi o‘laroq shu sohada ikkita ilmiy kashfiyot uchun patentni qo‘lga kiritdi. Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining ilmiy nashrlarida o‘zining qirqdan ortiq ilmiy maqolalari bilan ishtirok etib, o‘zbekistonlik shifokorlarning tibbiyot sohasidagi salohiyatini namoyon etmoqda. O‘z izlanishlarini chuqurlashtirgan holda 2010 yilda «Lab va tanglayi tug‘ma nuqsonli bolalarni erta va kompleksli davolash usuli» bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Hozirgi kunda u Toshkent Tibbiyot Akademiyasida bolalar stomatologiyasining ortodontiya bo‘limida bo‘lajak yosh soha mutaxassislariga bilim berish bilan birga, respublikamizning chekka hududlaridan shifo istab kelgan bemorlar dardiga malham bo‘lmoqda.
«Kasb xazinadir, uni topa bilmoq lozim», – deydi allomlardan biri. Haqiqatan ham, inson o‘zi tanlagan halol kasb-kori orqali el-ulus orasida hurmat-e’tibor qozonadi. Ustoz professorning tanlagan kasbi ortidan topgan boyligi bu uning o‘zgalarga nafi tegish baxti va etagidan tutgan shogirdlaridir.
Ustoz-olim rafiqasi Melislanaxon Eshonxonovalar bilan birgalikda tarbiyalab voyaga yetkazgan farzandlari – La’lixon, Saidorifxon, Saidmurodxonlar ham avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbni aziz bilib, shifokorlikka mehr qo‘yib, u orqali baxt qo‘rg‘onini bunyod etib kelmoqda.
Ma’rifat TOLIPOVA