G‘olib farzandlaring sharafla, Xalqim!
Argentinaning Buenos-Ayres shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan III yozgi Olimpiya o‘yinlari qizg‘in pallaga kirdi. Musobaqada dunyoning ikki yuzdan ortiq mamlakatidan kelgan to‘rt mingga yaqin yosh atlet sportning 36 turi bo‘yicha o‘zaro bahs olib bormoqda. Mamlakatimiz sharafini 37 nafar sportchi 16 ta sport turi bo‘yicha himoya qilmoqda.
O‘smirlar Olimpiya o‘yinlari ilk bor Osiyo qit’asidan tashqarida o‘tkazilmoqda. Boisi, avvalgi ikkita tadbirga aynan osiyoliklar mezbonlik qilgan. 2010 yili ilk musobaqa Singapurda tashkil etilgan bo‘lsa, navbatdagisi 2017 yil Nankinda bo‘lib o‘tgan. Singapurda O‘zbekiston sport delegatsiyasi 21 nafar atlet bilan ishtirok etgan va yakunda 3 ta kumush va 6 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan edi. Ammo medallarning eng a’losi nasib etmagandi. Nankinda esa harqalay natijalar yaxshilangan – 28 nafar sportchimiz o‘nta medalga sazovor bo‘lgan – to‘rtta oltin, uchtadan kumush va bronza.
Kechagi kungi musobaqalarda sportchilarimiz erkin kurash, yengil atletika, slalomda eshkak eshish hamda boks bo‘yicha ishtirok etdi. Erkin kurash bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Umidjon Jalolov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu natija orqali O‘zbekistonning o‘smirlar Olimpiya o‘yinlaridagi rekordi yangilandi. Bungacha yosh atletlarimiz Olimpiadadagi eng yaxshi natijani 2014 yilgi Nankin Olimpiadasida (4 oltin, 3 kumush va 3 bronza) qayd etgan edi. Umidjon Jalolovning oltin medalidan so‘ng O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 12 taga yetdi. Hamyurtlarimiz ayni paytda 4 oltin, 4 kumush va 4 bronza medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan dzyudochi Jayxunbek Nazarov, og‘ir atletikachi Kumushxon Fayzullayeva, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Gulbahor Fayziyeva delegatsiyamiz umumiy hisobiga oltin medallarni ko‘shib qo‘yishdi.
Bellashuvlarda finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan taekvondochi Ulug‘bek Rashidov, og‘ir atletikachi Muhammadqodir Toshtemirov, baydarka va kanoeda eshkak eshuvchi Islom Abdusalomov, ayollar kurashi bo‘yicha Shohida Ahmedova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Nilufar Yermagambetova (dzyudo), Indira O‘lmasova (gimnastika, mikst), Dolera Davronova (og‘ir atletika), Muhammadrasul Rahimov (erkin kurash) kabi sportchilarimiz to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida bronza medali bilan taqdirlandi.
Kecha sportchilarimiz boks, yengil atletika, slalomda eshkak eshish bo‘yicha bahslarga kirishdi.
Kumushxon FAYZULLAYEVA,
oltin medal sohibi:
– O‘smirlar Olimpiadasiga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rdik. Mana, mehnatlarimiz samarasi o‘laroq, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Terma jamoamiz hisobiga ushbu medalni qo‘shganimdan benihoya mamnunman.
Bunday nufuzli musobaqada g‘olib bo‘lish sportchidan juda katta matonat talab qiladi. Ushbu muvaffaqiyat zamirida ulkan mehnat va murabbiylarimning beminnat sa’y-harakatlari yotibdi. Fursatdan foydalanib, barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Islomjon ABDUSALOMOV,
kumush medal sohibi:
– To‘g‘risini aytsam, finaldagi mag‘lubiyat juda alamli bo‘ldi. Ammo sovrindorlar qatoriga kira olganimdan xursandman. Birinchi navbatda, ota-onam, murabbiylarimga meni yaqindan qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun tashakkur aytaman. Kelajakdagi rejalarim bisyor. Nasib bo‘lsa, o‘z mahoratimni yanada oshirib, kattalar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lmoqchiman.
Indira O‘LMASOVA,
bronza medal sohibi:
– Mikst musobaqalari qur’asidan xursand bo‘ldim. Chiqishim davomida ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldim. Shu bilan birga o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari men uchun o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘ldi. Bellashuvlar davomida boshqa sportchilarning ishtirokini ham diqqat bilan kuzatib bordim. Endi mashg‘ulotlarni yanada kuchaytirib, 2020 yili Tokioda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritmoqchiman.