Yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilish – oliy baxt
“Yaxshidan bog‘ qoladi” deydi dono xalqimiz. Darhaqiqat, inson bu dunyoga kelarkan o‘zidan yaxshi nom qoldirish, elga nafi tegadigan ezgu ishlar qilishni orzulaydi.
Bugun ko‘plab chimboylik yoshlar o‘zlari erishayotgan yutuqlar zamirida Hojiboy Sernimbetovning xizmatlarini alohida e’tirof etishadi. O‘zgalar dardiga sherik bo‘lishni maqsad qilgan bu fidoyi inson atrofidagilarga har tomonlama namuna va o‘rnak, desak mubolag‘a emas.
Qahramonimiz uzoq yillardan buyon tadbirkorlik sohasi bilan shug‘ullanadi. U rahbarlik qilayotgan “Chimboy ta’mirlash” korxonasi 2011 yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Bugun tumanda yashovchi 150 nafar fuqaro mazkur korxonada mehnat qilmoqda. Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasida barpo etilgan va qurilishi davom etayotgan yirik inshootlarning aksariyati Hojiboy aka loyihasi asosida qad ko‘tarmoqda. Tadbirkorning bunyodkorlik sohasidagi faoliyati davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 15 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 20 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Shundan bilish mumkin-ki, bu inson butun umrini ona Vatan ravnaqi, uning nurli kelajagi yo‘lida sarf etgan.
Tadbirkor sifatida uning amalga oshirayotgan xayrli ishlarini sanab adog‘iga yetish qiyin. Shuningdek, oilaparvarlikda ham mahalladoshlari u kishiga havas qiladi. Qahramonimiz rafiqasi Xoljon aya bilan 43 yillik baxtli umr yo‘lini bosib o‘tishdi. Ular qolgan umrini ham nabiralar tarbiyasiga bag‘ishlab, umrguzaronlikda yashashni maqsad qilgan. Hozirda Hojiboy aka va Xoljon aya o‘n uch nevaraning sevimli bobo va buvisi bo‘lib, pir-u badavlatlikda yashab kelmoqda.
Qahramonimizning to‘rt nafar qizlari ota kasbini mahkam tutishgan. Bugun har birining o‘z qurilish kompaniyasi bor. Bir so‘z bilan aytganda ularni “Tadbirkorlar oilasi” deyish mumkin.
– Bolaligimda Hojiboy aka ko‘chamizdan o‘tganida ularning yurish-turishi, odamlar bilan munosabatini ko‘rib, bu insonga havas qilardim, – deydi mahalladoshi Nurmamet Zulxiyev. – Avtomashinasi bo‘lsa ham ish joyiga piyoda borishni yoqtirardi. Bugun ular mahalladagi katta-kichik muammolarni yechishga bosh-qosh bo‘lmoqda, kam ta’minlangan oilalarga esa qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi. Mahallamizda ulg‘ayayotgan yosh bolalarning maktabdagi o‘qishi, ularning odobi, yurish-turishi bilan erinmay qiziqadi. Ular bilan dildan suhbatlashadi. Axir aytishgan-ku “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” deb. Qolaversa, hashar uyushtirib, bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘ladi. Shuningdek, maktabimizga ham muntazam homiylik qilib keladi. Bayramlarda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilarga, fidoyi ustozlarga sovg‘alar ulashadi. Esimda oliy o‘quv yurtida o‘qigan yillarim to‘lov kontrakt pulidan qiynalganman. O‘shanda u kishi menga beminnat yordam bergan. Biz Hojiboy akadek saxovatpesha, barcha hurmat qiladigan inson bo‘lishni orzu qilamiz.
H.Sernimbetov mazmunli o‘tayotgan umrining har bir kunida yon-atrofidagi odamlarga ezgulik ulashishga intiladi. Shuning uchun ham Chimboy nomi Hojiboy aka ismi bilan yonma-yon aytiladi.