Gipomastiya va uni bartaraf etish yo‘llari
Gipomastiya qizlarda yoki ayollarda umri davomida psixologik noqulaylikni keltirib chiqaradi. Shu sababli ham ular imkoniyat darajasida bu nuqsonni bartaraf etishga harakat qilishadi.
Ular turli xil kremlar va surtmalardan foydalanishadi, vitaminlar, biologik faol qo‘shimchalar iste’mol qilishadi. Lekin baribir istalgan natijaga erishishmaydi. Chunki bunday holatlarda hapdorilar, gormonal vositalar yoki kremlar foyda bermaydi.
Hozirgi kunda ko‘krak bezlarining shakli va hajmini jarrohlik yo‘li bilan tiklashning keng imkoniyatlari mavjud. Ko‘krak nuqsonlarini bartaraf etish uchun silikonli endoprotezlardan foydalanish mumkin. Silikonli endoprotezlar turli xil shaklga va hajmga ega bo‘lib, bemorning tana tuzilishi, ko‘krak qafasining shakli, o‘lchamiga qarab individual tarzda tanlanadi. Umumiy narkoz ostida jarrohlik yo‘li bilan endoprotez ko‘krak qafasini qoplab turuvchi mushaklar tagiga yoki ko‘krak qafasi bilan ko‘krak bezlari orasidagi bo‘shliqqa o‘rnatiladi. Kesma bemorning xohishiga ko‘ra qo‘ltik ostida, ko‘krak tagida yoki so‘rg‘ich atrofida bo‘lishi mumkin. Kesmaga kosmetik chok qo‘yiladi. Shu sababli operatsiyadan keyingi davrda chokning izi butunlay ko‘rinmay ketadi.
Ushbu xastaligi mavjud xotin-qizlar jarrohlik muolajasiz ham yaxshi natijaga erishishlari mumkin. Ya’ni, trenajyor zallarida shug‘ullanish yo‘li bilan ham ko‘krak shaklini va uning hajmini tiklab olish mumkin. Istalgan natijaga erishish uchun ko‘krak mushaklarini mustahkamlaydigan maxsus mashg‘ulotlarni doimiy tarzda va uzoq vaqt davomida bajarib borish lozim. Ijobiy natija 1-2 yil davomida muttasil shug‘ullanishdan keyingina ko‘zga tashlanadi.
Ko‘krak shaklini qayta tiklab olishning yana bir yo‘li – bu suv havzalarida suzish bilan shug‘ullanish hisoblanadi. Suzish bilan jiddiy va uzoq vaqt davomida muntazam shug‘ullanish zarur. Natijada ko‘krak mushaklari mustahkamlanadi. Umuman olganda sport bilan shug‘ullanish xotin-qizlarning qomatlarini chiroyli qiladi. Ularda ortiqcha vazn yo‘qoladi hamda harakatlar yengillashadi va eng muhimi organizm sog‘lom bo‘ladi.
Dilobar MIRRAHIMOVA,
tibbiyot fanlari doktori