Kontrafakt – cho‘ntakka foyda, sog‘liqqa zarar

Intellektual mulk sohasi amaliyotida muallif ruxsatisiz uning asarini ko‘paytirish, qayta bosish, qayta nashr etish, soxtalashtirish va tarqatish qonunchilikka ko‘ra o‘g‘irlikka tenglashtirilgan iqtisodiy jinoyat hisoblanadi. Achinarlisi, ushbu mahsulotlarning iste’moli insonlar salomatligi va hayotiga, shu bilan birga, davlat va jamiyat tinchligi, farovonligiga xavf soladi. Kontrafakt mahsulot ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishi ham ishlab chiqaruvchiga (intellektual mulk egasi), ham iste’molchiga zarar yetkazadi.

 

Laziz TANGRIYEV,

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori:

– Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 10 dan ziyod qonun hujjatlari ishlab chiqildi va qabul qilindi. Sohaga zamonaviy texnologiyalar kiritilib, innovatsion g‘oyalarning tatbiq etilayotgani quvonarlidir. Ammo sohada yetarlicha xato va kamchilik­larga yo‘l qo‘yilayotganligi achinarli hol. Xususan, kontrafakt mahsulotlari sonining ortib borayotgani bolalar, fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. Oqibatda davlatimiz iqtisodiyoti bundan katta ziyon ko‘rmoqda. Ularga qarshi kurashda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi yolg‘izlanib qolmoqda. Shuning uchun ham bu jarayonda noshirlar, matbaachilar, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar birgalikda harakat qilishi, maqsadga muvofiq. Shundagina aniq va samarali natijaga erishishimiz mumkin.

 

Yanada aniqroq tushuntirsak, o‘zga ishlab chiqaruvchi yoki muallifning asarini uning roziligisiz qonunga xilof ravishda qayta chop ettirib, mualliflik huquqini buzish yoki adabiy asarni soxtalashtirib chiqarish orqali nafaqat qonun buzilishi yuz beradi, balki uning ortidan insonlar salomatligiga ham jiddiy zarar yetadi. Ya’ni, bunday mahsulotlarning sifatsizligi, davlat standartlariga javob bermasligi bilan sog‘liq uchun muayyan xavf tug‘diradi. Bundan tashqari kontrafakt tufayli va bunday mahsulotlar orqali qonuniy faoliyat olib boruvchi matbaa korxonalari va savdo shaxobchalari ham iqtisodiy zarar ko‘radi.

Ma’lumotlarga qaraganda agentlik tomonidan 2018 yilning o‘tgan davrida o‘ndan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, Navoiy viloyatida yakka tartibdagi tadbirkor G. Isayeva “Bayoz” nashriyoti grifi ostida chop etilgan qalbaki kitob savdosi bilan shug‘ullangan. Qashqadaryo viloyati Qamashi shahrida joylashgan “Kitoblar durdonasi” do‘konida esa qo‘lbola usulda tayyorlangan maktab darsliklari sotilayotgani aniqlangan. Yoki “Smart Brain” OK, “Sun Trade Group”, “Brok class servis” va “Qog‘oz Kapital Biznes” MCHJlari tomonidan davlat standartlariga zid ravishda ishlab chiqarilgan 12 hamda 48 varaqli daftarlar poytaxt bozorlarida sotuvga chiqarilgan. Toshkent shahridagi “Chorsu” bozori atrofida joylashgan savdo do‘konlari va rastalarida, Toshkent viloyati hududida joylashgan “Ilm shu’lasi” ulgurji bozorida ham bir qator faktlar aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.

Yana o‘qing:  ONAJONIM

Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, bozor va savdo rastlarida turli xildagi sifatsiz, milliy ma’naviyatimizga zid, “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib etuvchi mahsulotlar savdosi kamaymayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa, maktab bozorlarida xorijiy mamlakatlardan keltirilayotgan mahsulotlar kelajak avlod ongi va ruhiyatiga, ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan tashvishlidir.

Bunday holatlarning yuzaga kelishi, avvalo, ayrim olg‘ir “tadbirkorlar”ning nafsga qul bo‘lib, yashirin sexlarda o‘zganing mahsulotidan nusxa ko‘chirib, soliqdan qochib, savdo qilayotganligi, ko‘proq foyda olish uchun standartda belgilangandan ko‘ra, yengil va sifatsiz qog‘ozni ishlatayotganligi, turli qing‘ir yo‘llar bilan xorijdan milliy standartlarimizga zid mahsulotlar kirib kelayotganligi bilan bog‘liq.

 

Ilyor ERGASHEV,

Davlat soliq qo‘mitasi bosh inspektori:

– Agentlikda bu sohada yetarlicha mutaxassislar mavjudligini hisobga olib, ular tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari faol ishtirok etadi va aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi. Kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, ularning savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga ko‘ra, fuqarolarga – eng kam oylik ish haqining1 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinishi belgilab qo‘yilgan. Kontrafakt matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish, tarqatish va sotish O‘zbekiston Respub­likasi qonunlari bilan taqiqlanadi.

 

Achinarlisi, biz kontrafakt mahsulotlarini sotib olib, bu kabi qing‘ir yo‘l bilan foyda ko‘rayotgan “tadbirkorlar”ning gullab-yashnashiga, ularning korxonalarini moliyalashtirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Natijada yozsa bo‘yalib, chizsa yirtilib ketadigan, muqovasida “ommaviy madaniyat“ni targ‘ib qiluvchi suratlar tushirilgan, daftardagi hoshiyalar aniq bo‘lmagan arzon mahsulotni farzandarimizga xarid qilib, o‘zimizcha cho‘ntakka foyda qilgan bo‘lamizu, sog‘lik uchun ziyoni haqida unutamiz. Shifokorlar tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra kontrafakt matbaa mahsulotlaridan foydalanish natijasida bolalarda allergik kasalliklar – xususan, konyuktivit, rinit, dermatit xastaliklari kelib chiqmoqda. Bu kasalliklar o‘z vaqtida davolanmasa, oldi olinmasa, og‘irroq asoratlarga, xususan, astma xastaligiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan matbaa korxonalarining umumiy soni 1718 tashkil etadi. Shulardan 82 tasi kitob va darsliklar, 294 tasi davriy bosma nashrlar, 51 tasi daftar, 91 tasi kanselyariya va blankalar, 385 tasi reklama, 815 tasi esa boshqa yo‘nalishdagi matbaa mahsulotlarini chop etishga ixtisoslashgan.

 

Yana o‘qing:  Vodorodda yuruvchi poyezd

Aytish kerakki, bugun tadbirkorlik – davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tomonidan ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Ularning faoliyatiga aralashish, turli tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlangan. Ammo, bu ishonch, imkoniyat va imtiyozlar istagan narsani amalga oshirish, amaldagi qonunlarni oyoqosti qilish mumkin degani emas. Ular o‘zlarining nomaqbul faoliyatini tadbirkorlik, deya xaspo‘shlashga haqqi yo‘q.

 

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: