Rozmarin dorivor o‘simligi
Efir moylarini o‘zida mujassam etgan dorivor o‘simliklarning 300 xilga yaqini dunyoning turli mintaqalarida o‘sishi kuzatilgan.
Rozmarin ham efir moyiga boy o‘simlik hisoblanadi. Endilikda bu giyohni O‘zbekistonda ham ekib o‘stirish va undan foydalanish mumkin.
Efir moylari rozmarin o‘simligining barcha qismlarida saqlanadi. Ushbu moy o‘z tarkibida 50 foiz pinen, kamfen, sineol, barneol va kamfora saqlanganligi sababli ulardan parfyumeriya sanoatida, dorivor va insteksid vositalarini tayyorlashda foydalaniladi. O‘simlikning yer ustki barglari va yosh poyalaridan tayyorlangan damlama va spirtdagi eritma (tindirmasi)lari bosh og‘rig‘i, me’da-ichak kasalliklari, gripp, O‘RVI, xotin-qizlarda uchraydigan ayrim xastaliklarni davolashda ijobiy naf beradi. Shu bilan birga organizmni tetiklashtirib, quvvat bag‘ishlash xususiyatiga ham ega.
Barglarida o‘ziga xos-hid va ta’m berganligi sababli rozmarin go‘shtli mahsulotlarni pishirishda va ularni uzoq vaqt saqlashda ziravor sifatida ham qo‘llaniladi. Konditer mahsulotlariga qo‘shib tayyorlanganda o‘ziga xos ta’m va maza beradi. O‘simlik qish mavsumida ham barglarini to‘kmasligi va o‘ziga xos hid tarqatib turishini hisobga olgan xolda u park va xiyobonlar, hovli va dam olish maskanlarida manzarali buta sifatida o‘stiriladi.
Abdug‘affor JABBOROV,
biologiya fanlari nomzodi