Yetim bolalar huquqlari qanday ta’minlanadi?
Yurtimizda bola huquqlarini ta’minlashda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yetim bolalar huquqlarini himoya qilish, xususan, ularning ta’lim olishi, sog‘lig‘ini saqlash, hayotga moslashishiga huquqiy sharoit yaratish bo‘yicha alohida qonun qabul qilinmagan.
Shu bois, ayrim holatlarda yetim, ota-ona qaramog‘idan mosuvo bolalarning ta’lim olishi, mehnat qilishi, hattoki, uy-joyga ega bo‘lishga doir huquqlarini ta’minlash masalasi dolzarb hisoblanadi.
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida “Respublikamizda “Mehribonlik uy”larida ta’lim-tarbiya olayotgan voyaga yetmaganlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, yetim bolalarning yashash va ta’lim olish huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining axboroti yuzasidan o‘tkazilgan qo‘mita eshituvida ushbu masala muhokama markazida bo‘ldi.
Bola huquqlarini ta’minlashda so‘nggi yillarda Prezidentimizning qator farmon va qarorlari ham qabul qilinib, sohalar kesimida ijroga qaratildi. Jumladan, ta’lim tizimida yangi ta’lim, 11 yillik umumiy o‘rta ta’limning majburiyligi, kasb-hunar ta’limining 11 yillik baza negizida qabul qilinishi, intellektual bolalarning ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, kasb-hunar ta’limining ixtiyoriyligi, oliy ta’limda kvotalangan o‘rinlarning joriy etilishi, eng muhimi, maktabgacha ta’lim tarbiyaning alohida yo‘nalishda belgilanishi uchun samarali mexanizm yaratildi.
Biroq, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlari, shu jumladan, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, joylarda yoshlar huquqlari, ayniqsa, bola huquqlarini ta’minlash borasida bir qator muammolar kuzatilayotgani qayd etildi.
Eshituvda deputatlar ana shunday muammolarni o‘rtaga tashladi. Xususan, deputatlar o‘rganishlarda Toshkent shahrida 2017–2018 yillar davomida uy-joyga muhtoj bo‘lgan yetim bolalarning 118 ta arizasi ro‘yxatga olingadi. Sh undan 50 nafari bugungi kunga qadar hal etilmaganiga e’tibor qaratdi. Toshkent viloyatida o‘tgan yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj 17 nafar bolaga uy-joy ajratishda muammo yuzaga kegan, qolgan viloyatlarda ham 10 dan ziyod arizalar kelib tushgan. Turar joyga muhtojlar respublikaning barcha hududlarida hisobga olingan bo‘lishiga qaramasdan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 2017 yilda birorta ham shaxs turar-joy bilan ta’minlanmagani taajjubli. Turar-joyga muhtojlarning eng katta ko‘rsatkichi Toshkent shahri hissasiga (235 nafar) to‘g‘ri kelsa, keyingi o‘rinlarda Toshkent (81 nafar), Navoiy (73) viloyatlari qayd etilgan. Shuningdek, deputatlar tomonidan joylardagi o‘rganishlarda “Mehribonlik uylari” faoliyati aksariyat hollarda tashqaridan kelayotgan tekshiruvchilar uchun tayyorlanayotgani, ayrim muassasasalarda pedagogik faoliyatning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, bolalarning nazoratsiz qolishi kuzatilgan.
Eshituv yakunida sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
X. HUSENOVA