Saxiyning bog‘i gullaydi

Jarlikab Ibragimov Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Chimboy shahrining tashkil etilishida mehnati singan insonlardan. O‘sha yillari u kolxozda hosilot bo‘lib ishlardi. Ilg‘or paxtakor Ravshan Sultonova bilan turmush qurgan yillari oila tebratish ancha og‘ir edi…

1962 yil iyul oyi Ibragimovlar xonadoni quvonchga to‘ldi. Yaratgan ularga o‘g‘il farzand ato etdi. “Yangi mehmon”ga hayoti baxtga to‘lsin, deya Baxtjon deb ism qo‘yishdi.

Baxtjon Ibragimov tabiatan quvnoq, odamohun inson. Bolaligi qiyinchilikda o‘tgani sabab orzulariga yetish maqsadida tunu kun mehnat qildi. Nukus davlat universitetini tamomlagach, iqtisodchi sifatida bir necha tashkilotlarda faoliyat yuritdi. Qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘plab yutuqlarga erishdi. Oila qurgach, birin-ketin alpomishdek uch o‘g‘illi bo‘ldi. Kenja qizining tug‘ilishi Baxtjon akaga omad olib keldi. Shundan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini boshladi.

B. Ibragimov hozirda yurtimizning eng faol tadbirkorlaridan biri. Ayni paytda u Nukus temir-beton zavodida rahbar lavozimida mehnat qilmoqda. Bundan tashqari tadbirkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan.

 

Baxtjon bilan o‘ttiz yildan buyon qadrdonmiz, – deydi chimboylik Temurniyoz Quljanov. – U biror ishni boshlashdan avval yaqinlari bilan maslahatlashadi. Atrofdagilarga nafi teksa, shundan zavqlanadi. Kimdir rahmat aytib, duo qilsa, ich-ichidan sevinadi. Baxtjon qurilish materiallar ishlab chiqaradigan zavod tashkil etgach, shahrimizda ishsiz yurgan ko‘plab yoshlar bandligi ta’minlandi. Hozirga kelib, bunday yoshlar soni 100 nafardan oshadi. U insonlarni qalban yaxshi ko‘radi. Dilozorlikdan yiroq yuradi.

 

Darhaqiqat, Baxtjon aka oliyhimmat inson. U yashaydigan mahallada kam ta’minlangan oilalar deyarli yo‘q. Tadbirkorning sa’y-harakatlari bilan mahalla chinakam obod maskanga aylandi. Bolalar uchun o‘yin maydonchasi qurildi.

 

“Insonning qalbi Yaratganning uyi” deydi bobolarimiz. Sizga yolg‘on menga chin, Baxtjon avtomashina sotib olishni maqsad qilib yurgan kezlari mahallamizdagi bir talaba yigitning shartnoma to‘lovi uchun qarz so‘rab yurganini eshitib qoldi. Talabani yoniga chaqirtirdi va mashina uchun yig‘gan pulini yigitning qo‘liga tutqazdi. “Pulni qaytarishing shart emas, qizil diplomga bitirsang, qarzingdan qutilgan bo‘lasan” dedi. Yigit ko‘zidagi sevinch yoshini bildirmaslik uchun yerdan ko‘z uzmasdi. Bu Baxtjon qilgan yaxshiliklardan bir tomchi xolos. Biz ana shunday inson bilan yashayotganimizdan mamnunmiz, – deydi Jangaboy Sug‘urtayev.

 

Yana o‘qing:  MUHIDDIN OMON BO‘LSIN!

Xalqimizda “Saxiyning bog‘i gullaydi” degan naql bor. Baxtjon akani shahardagi Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalar ham yaxshi tanishadi. U sovg‘a ulashish uchun biror bayramni kutib o‘tirmaydi. Daromadining bir qismini ko‘ngli kemtik insonlar uchun sarflab, o‘yinchoqlar, kiyim-kechaklar oladi. Saylgohlarga sayohatlar uyushtiradi. Bolalar Baxtjon akaning tashrifini bayramdek qarshi oladi.

Ezguliklari chehrasida aks etgani uchun bo‘lsa kerak, Baxtjon akani 56 yoshga kirganiga ishonmaysiz. Hamon navqiron va serg‘ayrat. Balki, ot sporti bilan shug‘ullanish unga yoshlik hadya etgandir.

Darvoqe, Baxtjon aka zotdor otlarni boqishga qiziqadi. Ularga alohida vaqt ajratadi. Tumanda uyushtiriladigan ko‘pkarilarda faol ishtirok etadi. Bir gal g‘alla bayramiga bag‘ishlangan ko‘pkarida oliy sovrin – “Matiz” avtomashinasi sohibi bo‘lgan. Ulovni mahallasidagi kam ta’minlangan oilaga sovg‘a qiladi.

Baxtjon akaning o‘g‘illari – Orzu, Ayyub, Salomat otasining izidan borib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Qizi Shoxsanamning tarbiyasiga esa barcha havas qiladi.

Shu kunlarda Baxtjon aka yangi “Qoratov toshlari” MCHJ korxonasini tashkil etib, 100 ta ishchi o‘rni yaratishni maqsad qilgan. Biz esa tadbirkorning xayrli ishlariga zafarlar tilaymiz.

 

Oygul RAZZOQOVA,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: