Speleoterapiya
Speleoterapiya – (“speleon” – g‘or, “therapia” – davolash) davolash usulining nomedikamentoz (dorisiz, tabiiy yo‘l bilan) turi bo‘lib, klimatoterapiya usuliga mansub. Bu davolash turining mohiyati shundan iboratki, davo choralari ma’lum bir muhit va iqlimda olib boriladi: g‘orlar, yerosti shaxtalari, tuzli yerto‘lalar shular jumlasidan. Bugungi kunda speleoterapiya bronxial astma, gipertoniya (xafaqon) kasalligi va bo‘g‘im kasalliklarida keng qo‘llanilib kelinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilk g‘or bilan davolash maskanlari XIX asrda Italiyada faoliyat ko‘rsatgan. Keyinchalik xuddi shu asrning oxirlarida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kentukki shahri Mamont g‘orida sil kasalligini davolash uchun mo‘ljallangan shifo maskani ochilgan. Zamonaviy speleoterapiya tarixi XX asrning 50-yillariga to‘g‘ri kelib, Shimoliy va Janubiy Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Bu davrda speleoterapiyaning davolash metodi sifatida keng tarqalishi Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq. Germaniyaning Enepetaleya shahri aholisi urush paytida portlovchi vositalardan himoyalanish maqsadida shahar yaqinidagi Klyuterxele g‘origa yashirinishgan. Ular orasida shifokor Karl German Shpannagel ham bo‘lib, g‘orda yashagan vaqtida fuqarolar orasida bronxial astma kasalligidan aziyat chekuvchilar ahvoli birmuncha yengillashganini kuzatadi. Urush tugagach, shifokor bu borada o‘z tadqiqotlarini davom ettirib, g‘or sharoitida bronxial astma, surunkali bronxit va ko‘k yo‘tal kasalliklarini davolashni keng qo‘llaydi. Tadqiqot yutuqlari 1969 yilda Xalqaro speleologlar jamiyati tuzilishiga olib keldi. 1968 yilda SSSR hududida ilk speleoterapevtik davolovchi maskan Ukrainada ish boshlaydi.