Cho‘ntakbop terminal
Respublikamiz aholisining 35 foizi plastik kartochkalardan foydalanayotgan bir paytda savdo punktlariga o‘rnatiladigan terminallar masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar esa bir yerda to‘xtab qolmaydi: muammolarning oddiy, hajm jihatdan kichik va arzon yechimlarini qidiradi.
Shu sababdan smartfon orqali ishlaydigan terminallar O‘zbekistonga olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda Yagona umumrespublika protsessing markazi AQSH va Yevropaning bunday terminallar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Keling, bunday terminal qanday ishlashi, qanday afzalliklarga egaligini birgalikda ko‘rib chiqamiz.
MPOS yoki mobil terminal nima?
MPOS – bu gugurt qutisi kattaligidagi qurilma bo‘lib, u Android yoki iOS tizimida ishlaydigan smartfonga ulanadi. Unda plastik kartochkalar chipini o‘qiydigan qurilmacha bo‘lib, smartfonga mablag‘ miqdori va kartochka pin-kodini kiritib, to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Demak, MPOS yoki mobil terminal – bu:
– smartfon va kart-riderdan iborat bo‘lgan qurilma;
– oddiy terminaldan bir necha barobar arzon;
– to‘lovlarni har yerda va har vaqtda qabul qilish imkoniyati — faqatgina Internet tarmog‘iga ulanish kifoya.
U qanday ishlaydi?
Ushbu qurilmadan foydalanish uchun quyidagilarga ega bo‘lish kifoya:
– smartfon;
– kart-rider;
– maxsus mobil dastur;
Maxsus dasturdan foydalanish tartibi quyidagicha;
– dasturga maxsus parol orqali kiriladi;
– menyudan kerakli funksiya tanlanadi;
– smartfonga kart rider (naushnik uchun mo‘ljallangan joyga) o‘rnatiladi
– kart riderga plastik kartochka kiritiladi;
– yechib olinadigan mablag‘ miqdori, kartochka kodi ko‘rsatiladi;
– to‘lov amalga oshirilgani haqida elektron chek beriladi.