Nogiron haydovchilar uchun maxsus to‘xtash joylari tashkil etiladi
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun ajratilgan to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmaydi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali xabar qilmoqda.
Nizomga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalarini to‘xtab turishi uchun bozorlar, savdo majmualari va boshqa ob’yektlar hududlaridagi avtotransport vositalari to‘xtab turish joylarining kirish va chiqish qulay bo‘lgan qismida to‘xtab turish joylari tashkil etiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylari to‘xtab turish joyi umumiy maydonining kamida 5 foizini (kamida 2 ta joy) tashkil etishi lozim.
Mazkur to‘xtab turish joylaridan «Nogiron haydovchi boshqarayotgan avtomobil» taniqlik belgisi o‘rnatilgan transport vositasini boshqarayotgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar — nogironlikni tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomasi hamda 16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ota-onalar — 16 yoshgacha nogiron bola uchun tayinlangan tegishli pensiya guvohnomasi bo‘lganda foydalanishi mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun ajratilgan to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmaydi.
O‘zA