Umrimning nurga to‘lgan bahori
Bahor. May oyining erta tongi… Murg‘akkina nuridiydamni ilk bor qo‘limga olgan paytim dunyoga sig‘may sevindim. Hayotimdagi barcha qorong‘u kunlar o‘sha onda butkul unut bo‘ldi. Uni gul yaprog‘iga o‘rab, tun-u kun atrofida parvona bo‘laman. Ona nomiga musharraf etgan Yaratganga shukronalar aytaman!
O‘g‘lim Yashnarbek chaqaloqligida ko‘p yig‘lardi. Avvaliga bu og‘ir kechgan tug‘ruqning asorati bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Ammo tunlari uyqusiz yig‘lashi dilimni g‘ash qilardi. Shifokorga olib bordim. Boshini tekshiruvdan o‘tkazishdi. Nevropatolog zarur dorilarni yozib berdi. Dorilarni ichgach, o‘g‘lim biroz tinch uxlaydigan bo‘ldi. Uyg‘ongach esa yana yig‘lashga tushardi. Shu zayilda uch oy vaqt o‘tdi. Bir kuni dilbandimni oilaviy poliklinikaga emlash uchun olib bordim. Uning salomatligini tekshirib ko‘rgan shifokor bolaning yuragida shovqin borligini aytdi.
Shundan so‘ng Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi shifokorlari o‘g‘limning yuragini eshitib ko‘rishdi. Uni maxsus tekshiruvlardan o‘tkazishdi. Yakunda bola tug‘ma yurak parogi (nuqsoni) bilan tug‘ilganligi ma’lum bo‘ldi. O‘sha onda tanam muzlab, qalbimni allanechuk xavotir egalladi. Uyga qaytguncha ko‘z yoshim tinmadi.
Shifoxonada Odilbek ismli shifokor bolamni muntazam ravishda tekshirib bordi. Kunlarning birida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi haqida eshitib qoldim. Shundan keyin zudlik bilan fond mutaxassislariga murojaat qildim. Ular Yashnarbekni to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, bemor bolalar ro‘yxatiga kiritishdi.
Oradan 2 yil vaqt o‘tdi. Bu yillar davomida bolam fond mutaxassislarining doimiy nazoratida bo‘ldi. So‘ng men va o‘g‘limni davolanish uchun Koreya Respublikasiga yuborishdi. U yerda koreyalik shifokorlar Yashnarbekni operatsiya qilishdi.
Operatsiyadan bir soat o‘tgach, jigarbandim ko‘zini ochdi. Uni to‘yib quchdim. Bolajonim jajji qo‘llarini menga uzatgancha “oyi” derdi! Kun sayin o‘g‘limning ahvoli yaxshilanib bordi. O‘zi bilan birga borgan do‘stlari bilan o‘ynay boshladi. Ishtahasi ham ancha yaxshilandi.
Shukrki, hozir uning ahvoli ancha yaxshi. Salomatligi butkul tiklangan, desam ham bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, Prezidentimizga, yurtimizda bolalar salomatligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining jonkuyar xodimlariga, qo‘li yengil shifokorlarga o‘zimning cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Sizlardan umrbod qarzdorman, azizlar!
Nasib bo‘lsa, o‘g‘lim Yashnarbek o‘sib, ulg‘ayib, ona Vatanimiz xizmatiga kamarbasta farzand bo‘ladi, deya ishonch bildiraman.
Muattar ERKAYEVA,
Toshkent viloyati