Ajdodlar yodi muqaddas

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida milliy qadriyatlarimizni tiklash, unutilgan ajdodlarimiz xotirasini tiklash, madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga hissa qo‘shgan ijodkorlar faoliyatini o‘rganish, ularning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash, aziz avliyolarimiz qadamjolarini mo‘tabar ziyoratgohlarga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda bu yosh avlodni ezgu g‘oyalar asosida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Yurtimiz ozodligi va mustaqilligi uchun kurashlarda matonat ko‘rsatgan, millatni hurlik va erkinlikka chorlagan, mustabid tuzum yillarida qatag‘on etilgan fidoyi vatandoshlarimizning mo‘tabar xotirasini abadiylashtirish, ularning ibratli hayoti va faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlar qalbida metin irodali, mard ajdodlarimiz ruhiga ehtirom tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida qator ibratli ishlar olib borilmoqda.

Yurt­boshimiz «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» nomli asarida: «El-yurtimiz taqdiriga dahl­dor bo‘lgan tarixiy adolatni tiklash, xalqimiz va millatimizning yaqin o‘tmishidagi yopiq sahifalarini to‘la ochib berish, shu tarixdan saboq chiqarib, bugungi va kelajak hayotimizga ongli qarashni shakllantirish, begunoh qurbon bo‘lgan insonlar xotirasini abadiylashtirish biz uchun ham qarz, ham farz», – deya ta’kidlagan edi.

Prezidentimizning 1999 yil 12 may kuni e’lon qilingan mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish borasidagi Farmoyishi va Vazirlar Mahkamasining «Vatan va xalq ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan fidoiylar xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarorlari mustamlakachilik zulmi natijasida ta’qibga uchragan minglab vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish ishlarida muhim dasturulamal bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 1 maydagi «Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinib, unda: «El-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida, xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lganlar xotirasi minnatdor avlodlar yodida abadiy saqlanib qoladi. Mustabid tuzum davrida millionlab begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qancha-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qancha-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmaydi», deyilgan. Farmonning qabul qilinishi mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga, mustamlakachilik davrida milliy istiqlol va taraqqiyot yo‘lidagi intilishlari uchun nohaq jabr ko‘rgan vatandoshlarimizning ism-shariflarini aniqlash, tarjimai hollari va faoliyatlarini o‘rganish orqali ularning xotiralarini abadiylashtirishda keng imkoniyatlar yaratdi.

Yana o‘qing:  Bu yorug‘ olamda Vatan bittadir

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan xayrli ishlarning natijasi o‘laroq «Qishloq fojiasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun» to‘plami, «Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar», «Tarixning hasratli sahifalari», «Qor qo‘ynida lolalar» kabi qator yirik asarlar dunyo yuzini ko‘rdi. Respublika «Meros» xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiya xayriya jamg‘armasi ilmiy jamoatchiligi 2001, 2004, 2008 yillarda Shimoliy Kavkaz, Ukraina, Qozog‘iston Respublikalari bo‘ylab o‘tkazgan ekspeditsiyalarida arxivlardan to‘plangan hujjatlar asosida 2005-2009 yillarda besh jildlik «Qatag‘on qurbonlari» va «Repressiya» nomli to‘plamlar nashr qilindi. O‘zbekistonda ilk bor e’lon qilingan mazkur hujjatlar qimmatli ahamiyatga ega bo‘lib, to‘plamda qatag‘on qurbonlarining ayanchli qismati yaqqol aks etgan.

Sho‘ro tuzumi tomonidan 1937-1953 yillarda qatag‘on qilingan 100 mingdan ortiq yurt­doshlarimizdan, 20 mingining nomi aniqlangan bo‘lib, bugungi kunda tarixchi olimlarimiz oldida qolganlarini izlab topish, ular xotirasini abadiylashtirish, mazkur davrga nisbatan haqqoniy baho berishdek muhim vazifa turibdi.

2012 yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi va «Shahidlar xotirasi» jamoat fondi hamkorligida «Mustaqillik yillarida o‘zbek tarixshunosligida qatag‘on davri tarixining o‘rganilishi: yutuqlar, muammolar va yondashuvlar» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilgan edi. Anjumanda soha olimlari ishtirokida o‘sha davr voqealari keng muhokama qilindi va anjuman materiallari alohida ilmiy maqolalar to‘plami sifatida nashr etildi. Shuningdek, joriy yilda «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi va «Shahidlar xotirasi» jamoat fondi hamkorlikda «Qatag‘on qilingan o‘zbek yozuvchilari adabiy merosining milliy istiqlol g‘oyasi targ‘ibotidagi o‘rni va ahamiyati» mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi va anjuman materiallari alohida ilmiy maqolalar to‘plami sifatida nashr etildi.

Baxtiyor HASANOV,

«Shahidlar xotirasi» jamoat fondi raisi, «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: