Astma: tashxis va davo choralari
Bugungi kunda keng tarqalgan va amalda batamom davolanishi mumkin bo‘lmagan xastaliklar jumlasiga bronxial astma (ko‘ksov) ham kiradi. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, bu xastalikka yosh bolalar ham, katta odamlar ham birdek chalinishi mumkin.
Bronxial astma, ya’ni bronxlarning surunkali kasalligini odatda allergiya keltirib chiqaradi.
Mutaxassis shifokorlarning ta’kidlashicha, yosh bolalarda ko‘ksovning boshlanishini payqash juda mushkul kechadi. Bu xastalikning oldini olish uchun ko‘ksovning ilk alomatlari paydo bo‘lgani zahoti bolaga diqqat-e’tibor bilan qarab, o‘z vaqtida shifokor huzuriga olib borish zarur. Odatda bronxial astmaning rivojlanishidan quyidagi alomatlar darak beradi: bola entikib, nafas olishi qiyinlashadi, tunda va saharda bolaning hushtaksimon nafas olishi kuzatiladi.
Bir yoshga to‘lmagan go‘daklarda bronxial astma oziq-ovqat yoki turli dori-darmon ta’sirida kuchga kiradigan allergenlar ta’sirida yuzaga keladi. Bir yoshdan oshgan bolalarda ko‘ksov zamburug‘lar yoki bo‘lmasa, maishiy shart-sharoitlarda paydo bo‘ladigan allergenlar ta’sirida rivojlanishi mumkin. Uch-to‘rt yoshli bolalarda allergiyani turli xil o‘simliklarning changi keltirib chiqarishi mumkin.
Allergiyaga moyillik nasliy xarakter kasb etishi, bundan tashqari, homiladorlik davri o‘tadigan shart-sharoitlar (jumladan, ota-onalar yoxud yaqin qarindoshlarning tamaki chekishi), infeksiyalar ta’sirida rivojlanishi mumkin. Ko‘ksov rivojlanyapti, degan ehtimol paydo bo‘lsa, darhol shifokor-allergologga murojaat qilish kerak. Mutaxassis klinik kuzatuvdan so‘ng kerakli chora-tadbirlarni ko‘radi.
Bronxial astmani davolash uchun birlamchi kasallikni keltirib chiqarayotgan infeksiyalarga qarshi tegishli antibiotiklar tayinlanadi. Ko‘ksov xuruj qilgan paytlarda maxsus tibbiy moslamalardan qanday foydalanish lozimligi ma’lum qilinadi. Va nihoyat, bronxial astma xurujini keltirib chiqarayotgan allergen aniqlanib, iloji boricha ushbu allergendan bemorni himoyalash chora-tadbirlari belgilanadi.
Ota-onalarning diqqatini bir narsaga qaratishni istar edik, bolalarda ko‘ksov xurujlariga befarq munosabatda bo‘lish yaramaydi. Odatda bu xastalik juda noxush va og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi. Bunday asoratlar orasida eng xavflisi va keng tarqalgani – pnevmotoraks (plevra bo‘shlig‘iga havo kirib qolishi), o‘pkalar funksiyasining emfizematoz buzilishlari, o‘tkir nafas yetishmasligi hisoblanadi.
Mavzuga oid ma’lumotlarimizni muxtasar qilar ekanmiz kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan ma’qul.
Halima Shukur qizi tayyorladi.