Sog‘lom tishlar jozibasi

Mana salkam 200 yildirki, turli mikroelement va foydali moddalardan tarkib topgan tish pastalari tishlarimizni sog‘lom va baquvvat bo‘lishida beminnat xizmat qilib kelayapti. Bugun do‘kon va dorixonalarda didimizga mos, ta’mi og‘zimizga yoqadigan tish pastasini topish qiyin emas.

Biroq tishlari kundan kunga o‘sib, mustahkamlanib borayotgan farzandlarimizga tish pastasi tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Bu paytda uning mazali ta’mi va chiroyli qadoqlanishigagina e’tibor berishning o‘zi yetarli emas. Chunki uning tarkibidagi ayrim moddalar bolalar tishi va og‘iz bo‘shlig‘ini jarohatlab qo‘yishi mumkin.

Stomatologlar bolalar tish pastalaridan foydalanishni 3 bosqichga bo‘ladilar: Tish parvarishini tish chiqqanidan to 4 yoshgacha, 4 yoshdan 8 yoshgacha, 8 yoshdan 14 yoshgacha. 14 yoshdan keyin farzandimiz kattalar tish pastasidan bemalol foydalanaveradi.

Tish pastasi og‘iz bo‘shlig‘idagi ovqat qoldiqlarini tozalaydi, kariyes (tish chirishi)ning oldini oladi. Emal qatlamini mustahkamlaydi. Yoqimli ta’mli tish pastasidan bola bajonidil foydalanadi. U tish yuvishni har kungi odatga aylantiradi. Tish pastasi tarkibida tishning to‘g‘ri o‘sishi uchun zarur vitaminlar, kalsiy, magniy xlorid, rux, glyukoza oksidi, shifobaxsh o‘simliklar – jo‘ka, mavrak, moychechak ekstrakti bo‘lishi zarur. Ular tish qobig‘i, og‘iz shilliq pardasi va emalni mustahkamlaydi.

Biroq pasta tarkibidagi barcha moddalarni ham tish uchun foydali deb bo‘lmaydi. Ayrimlari bola sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Masalan, tishdagi minerallarni yaxshilaydigan ftorni olaylik. Agar bola tish yuvayotganda uning bir qismini yutib yuborsa, ko‘nglini aynitib, asab va qalqonsimon bezining faoliyati buziladi. Buning oqibatida tishlarda chirish – kariyes yuz beradi.

Pasta tanlayotganingizda qadoqdagi ftor tarkibini ko‘rsatuvchi RRT indeksiga ahamiyat bering. Agar bolangiz hali uch yoshga to‘lmagan bo‘lsa, tish pastasi tarkibidagi ftor 200 RRTdan oshmasligi, 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar tish pastasida bu ko‘rsatkich 500 RRT, 14 yoshgacha esa bu miqdor 1400 RRT bo‘lishiga e’tibor bering.

Tarkibida triklazan, xlorgeksidin, metronazol bo‘lgan tish pastalaridan muntazam foydalanish oqibatida nafaqat zararli, balki tish uchun foydali bakteriyalar ham nobud bo‘ladi. Natijada og‘iz bo‘shlig‘ida moddalar almashinuvi (mikroflora) buziladi. Oqibatda bolaning tishlari yiringlaydi, stomatit (og‘iz yelikishi), parodontit (milk yallig‘lanishi) kasalliklariga chalinadi. Shuningdek, uning tishi silliq bo‘lishini xohlasangiz, karbonat kalsiy va bikorbonat natriylardan tashkil topgan tish pastalaridan emas, yaxshisi titan yoki kremniy dioksidli pastadan foydalangan ma’qul.

Yana o‘qing:  Ilmga intilish yurakni asraydi, miyani esa yoshartiradi

Agar tishni oqartiruvchi qo‘shimchalar tarkibida peroksid karbamid bo‘lsa, uni ishlatmay qo‘ya qoling. Chunki u tish emalini yemirib, kariyesga sabab bo‘ladi.

 

Vasila PO‘LATOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: