Beshik sonning tug‘ma chiqishi kasalligini rivojlantiradimi?

Keyingi yillarda bolalarda sonning tug‘ma chiqishi kasalligi ko‘p uchramoqda. Bu xastalik chanoq-son bo‘g‘im asosini tashkil qiladigan elementlar, ya’ni suyak, bog‘lamlar va mushaklarning tug‘ma yetishmovchiligi sababli kelib chiqadi. Bunda homilador ayolga tashqi muhit ta’siri egzogen(tashqi) omillar – yomon ekologik holat, kimyoviy omillar, noto‘g‘ri ovqatlanish hamda psixologik omillar asosiy sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, kasallik nasldan-naslga o‘tishi va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalarda ham ko‘p kuzatiladi.

Odatda son tug‘ma chiqishining erta va kech belgilari mavjud bo‘ladi. Ushbu dardning belgilari chaqaloqning tug‘ilgan birinchi kunlaridan uch oyligigacha aniqlanadi – dumba va son teri burmalarining nomutanosibligi, oyoqlarning tashqari tomonga buralib turishi bu kasallikning dastlabki belgilaridir. Chiqish bir tomonlama bo‘lsa, chiqqan tomonda oyoqning kaltaligi seziladi. Sonlarni tashqariga yo‘naltirishning chegaralanganligi, chanoq-son bo‘g‘imida son tashqariga yo‘naltirilganda “shiqillash” tovushi ham ota-onani hushyor torttirishi kerak.

Kechki belgilar esa bola yura boshlaganda seziladi. Bunda bir tomonlama bolaning chap yoki o‘ng tomonga oqsashi, “o‘rdaksimon yurish” ko‘zga tashlanadi.

Kasallik o‘g‘il bolalarga qaraganda qiz bolalarda ko‘p uchraydi. Buning sababi qiz bola organizmida to‘qimalar elastikligini oshiradigan gormonning ko‘pligidir. Qiz bolaning to‘qimalari o‘g‘il bolalar to‘qimasiga qaraganda cho‘ziluvchan bo‘ladi. Rivojlangan davlatlarda ham bolalar bu kasallik bilan tug‘iladi. Biroq, profilaktik ishlar natijasida kasallik erta aniqlanadi va go‘dak davolanadi. Bizda ayrim hududlarda profilaktik ishlarning hamisha ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, qolaversa, tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga ota-onalarning e’tiborsizligi hamda unga amal qilmaslik, shuningdek, tibbiy madaniyatga e’tiborsizlik xastalikning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Agar biz chanoq son – bo‘g‘imi uchun qulay bo‘lgan holat – oyoqlarni keng saqlasak, bolaning oyoqlarini majburan bostirmasak, uch-to‘rt oy ichida chanoq-son bo‘g‘imining me’yorda rivojlanishiga erishishimiz mumkin. Ammo, bizda onalar chaqaloqlarni beshikka oyoqlarini majburan to‘g‘rilab, jipslashtirib bog‘lashadi. Bu o‘z navbatida kasallikning rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Bolalarda son tug‘ma chiqishining oldini olish yoki uni barvaqt davolash uchun tug‘ilgan chaqaloq tug‘ruqxonada neonatolog yoki muassasaga biriktirilgan ortoped ko‘rigidan o‘tishi kerak. Har bir onaga ortopedik tartib, ya’ni bolaning oyoqlarini erkin saqlash, majburlab oyoqlarini yozmaslik, bir-biriga jipslab, yo‘rgaklamaslik va go‘dakning oyoqlariga bostirmaslik tushuntirilishi lozim. Chaqaloq bir yoshgacha besh marta ortoped ko‘rigidan o‘tsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, u tug‘ruqxonadalik paytda bir oyligida, uch oyligida, olti oyligida va bir yoshga kirganda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak.

Yana o‘qing:  GERANTOLOGIYa VA GERIATRIYa: DONISHMAND IBRAT MAKTABI

Aholining, ayniqsa, yosh onalarning tibbiy madaniyatini oshirishga erishsak, har qanday kasallik profilaktikasi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, xastaliklardan kelib chiqadigan asoratlar keskin kamayadi. Xususan, ushbu holatda jarrohlik yo‘li bilan davolashga zarurat qolmaydi va kasallik tufayli kelib chiqadigan nogironliklarning oldi olinadi.

 

Shuhrat QAYUMOV,

ortoped

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: