Tabiat gultoji o‘zingsan, ayol!
Ayollar ijtimoiy-moslashuv markazi faoliyatiga nazar
Sabr, matonat haqida so‘z ketganida dastavval inson ko‘z oldiga o‘zining munis va mushtipar onaizori keladi. Chindan ham singil, rafiqa, ona degan buyuk nomga munosib, tabiat gultoji sanalgan – Ayol zoti o‘zining nozik yelkasiga hayotning bari qiyinchiliklarini ortadi. Kimlardir hayot sinovlarida ulkan iroda, metindek sabr bilan ko‘zlagan baxt cho‘qqisini zabt etadi, yana kimlardir esa…
Moddiy yetishmovchilik, huquqiy bilimsizlik, salomatlikdagi muammolar, oiladagi murosasizlik va shunga o‘xshash turli turmush sinovlari oldida ayrimlar o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek o‘zini chorasiz his qiladi. Ayol hayoti davomida doimo tirgak, suyanch, maslahatgo‘y bo‘ladigan yaqinlarga ehtiyoj sezadi. Ularning mavjudligi nozik xilqat vakillarining haqiqiy baxtidir. Ammo, oramizda bunday baxtdan mosuvo bo‘lgan ayollar ham yo‘q emas.
Respublikamizda tashkil etilgan Ayollar ijtimoiy-moslashuv markazining tashkil etilishida ham ana shunday og‘ir holatga tushib qolgan ayollarga yordam qo‘lini cho‘zish, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish, bir so‘z bilan aytganda, ularga suyanch bo‘lish muhim vazifalardan biri sifatida belgilab qo‘yilgan. Bu kabi markazlardan biri Respublikamizning Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Isfarxon madaniyat va aholi dam olish maskanida joylashgan bo‘lib, u faoliyatini ilk bora tajriba sifatida boshlagan markaz sanaladi. Tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan bu maskan bugunga qadar bir qancha xotin-qizlarga o‘zining beminnat yordamini ko‘rsatib kelmoqda.
22 yoshni qarshilagan yosh tadbirkor Oydinaxonning tinim bilmay izlanayotgani, qilayotgan mehnatlari tumandagi ayollarni ish bilan ta’minlashda o‘zining samarasini bermoqda.
– Faoliyatimizni boshlaganimizga hali ko‘p bo‘lmadi. Ammo, turli xildagi, rang-barang bolalar kiyim-kechaklarini ichki bozorimiz uchun taqdim etmoqdamiz, deydi – “Aydin tex”bolalar kiyim-kechaklarini ishlab chiqarish korxonasi rahbari Oydinaxon UMARJONOVA. – Ayni paytda 75 nafar xotin-qizni ish bilan ta’milashga muvaffaq bo‘ldim. Ular hozirda tikuvchi, qadoqlovchi, dazmolchi vazifasida xizmat ko‘rsatmoqda. Yaqin kunlarda kredit olib ish ko‘lamini yanada kengaytirish niyatidaman. Buning natijasida ishchilar sonini 30-35 nafarga ko‘paytirishni reja qilganman.
Hozircha bunday markazlar Namangan viloyati bilan bir qatorda Xorazm, Sirdaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida ham xizmat ko‘rsatmoqda. Kelgusida ajrim ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan hududlardan boshlab barcha viloyatlarda ana shunday Ayollar ijtimoiy-moslashuv markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Ayollar ijtimoiy-moslashuv markazi” xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, o‘z joniga qasd va o‘zgalarga suiqasd qilishning oldini olish hamda oilaviy nizolar va ajrimlarga barham berish, oilada er-xotin va qaynona kelin munosabatlarini mustahkamlash vazifasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Shu bilan bir qatorda har bir ayol qalbida uning oilasi va jamiyatiga kerakli inson ekanligiga ishonch tuyg‘usini uyg‘otish va mustahkamlash, nozik xilqat vakillarining oilasi bag‘rida tinch-totuv yashashini ta’minlash markaz oldida turgan yana bir asosiy vazifalardan biridir.
Shohistaxon QAMBAROVA,
To‘raqo‘rg‘on tuman hokimining xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari;
– Ayollarning ish bilan bandligini ta’minlash ularning nafaqat oilada, balki jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Joriy yilning 5 oyi davomida tumanimizda 536 nafar ayollar tegishli mutasaddi tashkilotlarga ish so‘rab murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 292 nafari iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ishga joylashtirishga ko‘maklashildi. 244 nafari ishsiz deb e’tirof etilib, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yuborildi. Tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi, Bandlikka ko‘maklashish markazi hamda Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda 3 marotaba “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari” o‘tkazildi. Ushbu yarmarkalarga 358 nafar ayol jalb qilinib, ularning 197 nafariga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar va 134 nafariga mehnat qonunchiligi bo‘yicha tegishli maslahat va tushunchalar berildi.
Komila RO‘ZMATOVA,
To‘raqo‘rg‘on tuman, Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Ayollar ijtimoiy-moslashuv maslahat markazi rahbari:
– Markazning o‘z oldiga qo‘ygan muhim vazifalaridan biri hayotning turli so‘qmoqlari oldida umidsizliika uchrab tushkunlikka tushgan ayollarga psixolog, huquqshunos, tibbiyot xodimi va boshqa yigirmadan ziyod hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida yordam berishdan iboratdir. To‘g‘ri, shu paytgacha ham xotin-qizlar qo‘mitalari ayollar muammolariga yechim topish, ularni ijobiy hal etishga e’tibor qaratib kelgan. Biroq tushunlikka tushgan, muammolar girdobida qolgan ayollarning hammasi ham qo‘mitaga murojaat qilib, ko‘ngildagi gapni ochiq aytishga imkon topa olmaydi. Imkonsizlik esa ko‘plab noxush xodisalarga sabab bo‘lishini bugungi davrning o‘zi bir qancha misollar orqali ko‘rsatib bermoqda.
Mazkur maskan kun-u tun, 24 soat davomida faoliyat yuritib, og‘ir ijtimoiy holatga tushib qolgan ayollarga birinchi yordamni bera oladi. Yuksak bilim va katta hayotiy tajribaga ega onaxonlar, psixolog, tibbiyot xodimi, huquqshunos va boshqa soha xodimlaridan iborat markaz jamoasi, eng avvalo, murojaat etgan ayol ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazish, uni tushkunlik holatidan chiqarib, hayotga, muammosigaaqlan chuqur yondashishga harakat qilishadi. O‘ylaymanki bu o‘z samarasini beradi.
Nasiba UMAROVA,
Ayollar ijtimoiy-moslashuv maslahat markazi huquqshunosi:
– Markazga oilaviy muammolar borasida ham ko‘plab oilalar murojaat qilishadi. Bunday vaqtda har ikkala tomonga ham o‘z huquqlarini tushuntirib, shu bilan bir qatorda ularning majburiyatlari borligini ham eslatib o‘tamiz. Bu ko‘plab oilalardagi turli kelishmovchiliklar va ajrimlarning oldini olishda juda muhim rol o‘ynamoqda. Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat sodir etib avf etilgan, turli sabablar bilan oilasi bag‘riga qaytolmayotgan noqonuniy ravishda xorijga ishlash uchun chiqib, so‘ngra deportatsiya qilingan ayollar ham bor. Ularni o‘z yurtida muayyan ish bilan ta’minlash, sog‘lom hayotga qaytarish choralarini ko‘rish ham markazning vazifalaridan hisoblanadi. Kelgusida tumandagi 68 ta mahallada o‘z yechimini topmagan muammolar markazda hal etilish ko‘zda tutilgan.
Xurshida HUSENOVA