Uyg‘oq kasbning zalvorli qiyofasi
Jurnalistika sohasida qalam tebratish, efirda hayajonsiz so‘z aytish insondan katta jasorat va fidoyilikni talab etadi. Bu zahmatli yo‘lda uzoq yillar samarali faoliyat olib borayotgan ustoz jurnalistlar borki, ularning soha rivoji yo‘lida qilgan ezgu ishlari tahsinga loyiq.
Bugungi kunda sport jurnalistikasida ham katta o‘zgarish va yangilanishlar kuzatilmoqda. Xususan, sharh, jonli efir va yangidan-yangi loyihalar ekran yuzini ko‘ra boshladi. Ana shunday o‘zgarishlarda, shubhasiz, Imomxo‘jayevlarning ham hissasi katta. Negaki ayni paytda ustoz jurnalist, mahoratli sport sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning o‘g‘li va nabiralari ham ota kasbni davom ettirib, uning zahmati, zavqi va xalq uchun qanchalar ahamiyatli ekanini his etib kelishmoqda.
Jurnalistika haqida gap borar ekan, avvalambor, yurtimizda yangi ochilayotgan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti o‘zbek jurnalistikasi taraqqiyotida yangi qadam bo‘layotganini qayd etish lozim. Bu degani endilikda sohada qobiliyatli, malakali jurnalistlarning ko‘payishiga zamin yaratadi. Buning uchun birinchi navbatda mazkur oliy o‘quv yurtiga malakali, tajribali jurnalistlarni jalb qilish zarur. Ularning yillar davomida to‘plagan amaliy ko‘nikmalari, mahorati yoshlarimizga o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.
Sohaga nazar tashlar ekanmiz bu borada umri, shijoati va tajribasining asosiy qismini soha rivoji uchun bag‘ishlagan Axbor Imomxo‘jayev hamda uning kasbdagi shogirdlarining ham fikrlarini tingladik.
– Xalqimizda “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar”, degan ajoyib naql bor. Ayni shu maqolni bugungi kun yosh jurnalistlarining faoliyatiga mengzash mumkin, – deydi A. Imomxo‘jayev. – Negaki, ularning aksariyati bilimli, o‘z ustida ishlagan, qalami bor jurnalist bo‘lishsa-da tajribali ustozlar etagidan tutmaganligi bois iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri taqsimlash va sarflashni bilmaydi. Afsuski, bugun sport jurnalistikasida ham o‘z yo‘lini topa olmagan “tasodifiy” kadrlar yo‘q emas. Birinchi galda sohamizni ana shundaylardan xalos etish lozim. Ushbu sohada o‘z ishining fidoyilari, bu kasbga umri va mehrini berganlargina ishlashi kerak.
Ustoz suhbatidan so‘ng, u kishining o‘g‘li va nabiralarining ham sohaga doir fikr va mulohazalari bilan qiziqdik.
– Jurnalist xalq dardi bilan yashashi, oddiy insonlar g‘am-tashvishlarini o‘ylashi lozim. Yuragida dardi, iztirobi bo‘lganlargina jurnalist bo‘la oladi, – deydi Axbor Imomxo‘jayevning o‘g‘li, “Bunyodkor” futbol akademiyasi direktori o‘rinbosari Abror Imomxo‘jayev. – Aytmoqchimanki, yurti, millat g‘ami bilan yuragi og‘riganlar haqiqiy jurnalistdir – Faoliyatim davomida o‘z ustimda tinimsiz mehnat qilib, kasb sir-asrorlarini o‘rgandim. Hozir ham izlanishdaman. Jurnalistlar shifokorlar kabi doimiy ravishda o‘z malakalarini oshirib borishlari kerak.
– Sport jurnalistikasi murakkab soha. Aytmoqchimanki, ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ijodkor o‘z kasbining sir-asrorlarini chuqur bilishi, qalam tebrata olishi muvaffaqiyat uchun yetarli emas. Buning uchun u, eng avvalo, sportni yaxshi tushunishi, unga mehr berishi kerak. Qolaversa, sport jurnalistlari o‘z ona tilini yaxshi bilishlari lozim. Tabiiyki, xorijiy tillarni o‘zlashtirish ham talab etiladi. Shuningdek, ular efirdagi taftologiyani oldini olish hamda so‘z boyligini oshirish uchun muntazam ravishda kitob o‘qishlari zarur, – deydi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Zafar Imomxo‘jayev. – Bugun sohamizga ko‘plab qobiliyatli yoshlar shijoat va g‘ayrat bilan kirib kelayotgani quvonarli hol, albatta.
So‘ngi yillarda yurtimizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar, yutuq va natijalarga erishilmoqda. Xususan, sport sohasida katta muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilyapti. Endilikda mana shunday natijalarni xalqimizga, qolaversa, butun jahonga e’lon qilishda jurnalistlar yelkasidagi mas’uliyatli vazifa hisoblanadi.
– Axborot-telekommunikatsiya sohasining taraqqiy etishi, internet jurnalistikasi rivojiga katta turtki bo‘ldi. Bugun barchamiz eng so‘nggi “qaynoq” yangiliklarni internet orqali bilamiz. Shu sabab barcha jurnalistlar zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishlari lozim, – deydi Axbor Imomo‘jayevning nabirasi, O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktorining o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev. – Endilikda o‘zbek jurnalistikasini xalqaro darajaga olib chiqish uchun boshqa soha mutaxassislari malakasini ham oshirish zarur. Masalan, aloqa sohasini olaylik, Ularsiz jurnalistikani umuman tasavvur qilib bo‘lmaydi. Marketingni rivojlantirmay turib, davlat nashrlaridagi majburiy obuna muammosini bartaraf etish mumkin emas. Aytmoqchimanki, bizda qanday yozishni biladigan kadrlar yetarli. Biroq ularning ishini yengil qiladigan va qo‘llab-quvvatlaydigan qatlamga muhtojmiz.
Ha, har bir sohaning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Ana shunday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, uning rivoji uchun sidqidildan xizmat qilish ham bir jasorat. Zero, insoniyatni ulug‘laydigan, uning kamoloti yo‘lida ko‘prik hisoblangan jurnalistika sohasi fidoyilari ham shular jumlasidan.
Yulduz ORTIQOVA