“Ana, Risolatning eri…”

Besh yil avval…

“Dadasi, ana, chopiqqa chiqma, deysiz, kecha Juma fermer uch yuz ming so‘m berdi. Shu pulga ikkita qo‘zi olib boqmoqchiman. Kuzda sotsam, pulini shiferning puliga qo‘shib qo‘yaman. Yana qirqta jo‘ja ham ochirdim. Buyoqda sigirimiz tug‘adi yaqinda… Bu yil Xudo xohlasa, tomni yopib olarmiz. Chakkaning tagida qishlamaymiz endi… Xudoga ming shukur. Kimdan kamimiz bor? Ana, Risolatning eri…”

 

Uch yil avval…

“Oliy ma’lumotliman, domullaman, deb ko‘krak kerib yuraversangiz, birov bir so‘m beradimi? Bir million so‘m oyligingizga ro‘zg‘or o‘tmaydi-yu, orttirib bo‘larkanmi? Ana, Risolatning eri u yoqda ikki yil ishlab, uchastkasini qasr qilib oldi. Ertadan keyin qayningiz Piterga ketayapti. “Pochchamniyam menga qo‘shib yuboring, yo‘l puli mendan”, – deydi. Hatto jigaringiz ham bunday yaxshilik qilolmaydi. Gap shu! Ketasiz, dedimmi, ketasiz! Mening ham qanchadan-qancha orzu-havasim bor…”

 

Bir yil avval…

“Allo! Qancha jo‘natdingiz? Besh yuz dollar ham pulmi? Ana, Risolatning eri… E-e-e, men bilmayman, yig‘ishtiring bahonani… O‘tgan oyning pulimi? Ha, tilla “tross” oldim. Juma fermerning xotinidan kam joyim bormi?”

 

Olti oy avval…

“Nima, men dalaga, chopiqqa chiqamanmi? Men-a? Kovushimning pulini beradimi? Nima, qaytayapsiz? Shunday ishni tashlab-a? Buyoqda nima bor? Yana yurasiz-da fermerning yerida sudralib… Nima, mazam bo‘lmayapti? Buyoqda qizingizning to‘yi bo‘lay deb turipti… Shuning uchun uyga chopib kelish shartmi? O‘sha yerda davolanavering… Ana, Risolatning eri…”

 

Kecha…

“Uka, nimalar deyapsan? Nima bo‘ldi pochchangga? Qanday tushib ketadi? Allo, allo… Ikkinchi qavatdan?! Sindi? Oyoqmi? Ko‘zlaringga qarasanglar bo‘lmaydimi? E-e-e, erkak kishiyam shunday latta bo‘ladimi? Tuzukmi, o‘zi?! Ish joyidan tovon puli berisharkanmi? Nimaga endi… ana, Risolatning eri…”

 

Nuriddin EGAMOV

Yana o‘qing:  Behuda o‘tayotgan umr zavoli

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: