Yoshlar ittifoqi yoshlarga suyanch bo‘la oldimi?

Bir yil oldin berilgan savolga javob izlab…

 

Yoshlik bu – istiqbolning boshlanishi. Undagi sarhad bilmas intilish va istak buyuk ishlar oldida parvozga shaylangan ulkan qo‘sh qanotga o‘xshaydi. Bu qanotlarning olam uzra baland parvozi doimo o‘z Vatani oldida qilinajak buyuk ishlar uchungina bo‘lsa, qanday yaxshi! Zero, har bir yosh avlodning orzu-o‘ylari, intilishlari va qiziqishlari jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, unga suyanch bo‘linsagina ko‘klarga bexavotir parvoz eta oladi.

O‘tgan yili Prezidentimiz ishtirokida o‘tkazilgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida Harakat o‘rnida mutlaqo boshqacha prinsip va yondashuvlar asosida ishlaydigan, yoshlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qila oladigan, har qanday rasmiyatchilik va kampaniyabozlikdan xoli, haqiqiy demokratik tashkilot – O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tuzish va 30 iyunni mamlakatimizda Yoshlar kuni sifatida nishonlashni taklif etilishida ham shubhasiz yuqoridagi maqsadlar ko‘zda tutilgan edi. Ta’kidlash joizki, Yurtboshimiz tomonidan nafaqat yoshlar tashkilotining nomi, balki uning mohiyatan boshqa tizim sifatida bunyod etilishi maqsad qilib qo‘yildi. Berilgan imkoniyatlardan foydalanish, dunyoqarashi keng, yuqori intellektual salohiyatga ega, shu bilan bir qatorda uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ularning o‘y-fikrlarini o‘rganish masalasi hamda mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan Yoshlar ittifoqining tashkil etilganiga yaqin kunlarda bir yil to‘ladi. Tashkilot yangi tizim sifatida ish boshlagan ilk kunlarda gazetamizda “Yoshlar ittifoqi yoshlarga suyanch bo‘la oladimi?” nomli maqola e’lon qilingan edi. Unda yangi tashkil etilgan Yoshlar ittifoqining sobiq “Kamolot” davrida yo‘l qo‘ygan xatolari, ularni takrorlamaslik, kelib chiqqan xulosalar va yil davomida qilinishi kerak bo‘lgan rejalar bayon etilgandi. Mana, oradan bir yil vaqt o‘tdi, endi “g‘alvirni suvdan ko‘tarish” fursati ham yetdi.

Yoshlar ittifoqining tashabbusi bilan so‘nggi 1 yil mobaynida yoshlarga 84,2 mlrd. so‘m iste’mol va 313,9 mlrd. so‘m ipoteka kreditlari ajratildi. Hududlarda 282 mingga yaqin uyushmagan yoshlardan iborat 1480 ta “Fidoyi yoshlar otryadlari” tashkil etilib, mavsumiy ishlarga jalb qilingan uyushmagan yoshlarga mehnat daftarchasi ochish va yurgizish tartibi amaliyotga kiritildi.


 

Ibrohim HOJIYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

– So‘nggi bir yil davomida yoshlarga doir bir qancha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 3 ta farmoni, 5 ta qarori, 20ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilingani yoshlarga doir siyosatning yanada ustuvorligini ta’minladi. Bundan tashqari, turli sohalarda yuksak natijalarga erishgan yigitlar uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotining ta’sis etilishi, jamoat ishlarida faol ishlab kelayotgan yoshlar uchun “Kelajak bunyodkori” medalining joriy etilgani yoki yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar uyi”ning barpo etilishi ayni shu ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 8 ming nafardan ziyod yosh o‘z uy-joyiga ega bo‘lgani ham kelajagimiz egalariga berilayotgan keng imkoniyatlar natijasidir. Ayniqsa, yosh tadbirkorlar uchun imtiyozli kreditlar hamda Ittifoq tomonidan a’zolarga o‘n besh foizli kredit ajratilishi ularni yanada harakatga undashiga sabab bo‘ldi. Ammo o‘tgan davr mobaynida Yoshlar ittifoqi tomonidan qilinishi kerak bo‘lgan bir qancha ishlar amalga oshirilmasdan qoldi. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan ustuvor vazifalar yetarlicha bajarilmadi. Xususan, yoshlar bilan individual ishlash masalasiga jiddiy e’tibor berilmadi, hududlarga yetarli darajada kirib borilmadi. Aslida bu borada Yoshlar ittifoqi turli korxona, tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, yoshlar uchun imtiyoz va qulayliklar yaratib berishi lozim edi. Negaki ko‘pgina ko‘ngilsizlik va jinoyatchilik aynan bekorchilik hamda ishsizlikdan kelib chiqadi. So‘nggi vaqtda yoshlar o‘rtasida mayda jinoyat va bezorilikning ko‘payganini ham ayni shu sabab bilan baholash mumkin.


 

Yana o‘qing:  Tarvuz tanlashda adashmang!

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ta’lim bo‘yicha to‘lov kontrakti miqdorining 35 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lash tizimi joriy etilib, 2018 yil birinchi chorakda 1967 nafar talaba uchun qariyb 5 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Tijorat banklari bilan hamkorlikda ularning tadbirkorlik, fermerlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 13 ming 598 nafar ertamiz egalariga 246,6 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratishga erishildi.

Yuqoridagi raqamlarga qarab xulosa chiqarsangiz, hammasi risoladagidek. Ammo, shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Agar ittifoq o‘zbek o‘g‘il-qizlari, ularning orzu-intilishlariga qanot bo‘layotgan ekan, unda nega so‘nggi vaqtlarda tashkilot bilan bog‘liq bahsli munozaralarda yoshlar ikkiga ajralib qolmoqda? O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgan loyihalarga e’tibor qaratsak, go‘yo tashkilot ko‘pgina yigit-qizlarni o‘z atrofida birlashtira olgandek tasavvur uyg‘onadi. Unda tuzilma faoliyatidan qoniqmayotgan, eng achinarlisi, bu kabi tashkilotning borligidan hali-hanuz bexabar yoshlar qayerdan paydo bo‘layapti? Endi yana so‘zimiz avvaliga qaytamiz. Tashkil etilganiga bir yil to‘layotgan Yoshlar ittifoqi farzandlarimiz uchun suyanch bo‘la oldimi? U nimalarga erishdi-yu, oldida qanday bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar turibdi?

Hozirda Yoshlar ittifoqi a’zolari 7 mln. 511 ming, “Kamalak” bolalar tashkiloti a’zolari 3 mln. 255 ming nafarni tashkil etib, jami 10 mln. 766 ming nafar yosh avlod ittifoq atrofida birlashdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, sobiq “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati a’zolari soni 4 millionni tashkil qilgan. Raqamlarga qarab, nahotki shuncha odamni ittifoq o‘z atrofida birlashtira oldi, degan savol tug‘iladi?! Aslida, tashkilotga a’zolarning hammasi ham bundan xabari bormi?! Savolni bunday keskin qo‘yishimizga ijtimoiy tarmoq orqali o‘tkazgan so‘rovimiz sabab bo‘ldi. E’tiborlisi shuki, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari a’zolar sonining sun’iy ravishda oshirilganlikda ayblab, bu raqamlarni izohlab berishdi. Unga ko‘ra maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarning ism-familiyalari ittifoq bazasiga kiritilgani, aksariyatining bundan xabari yo‘qligini eshitib, hayratlandik. Oliy ta’lim muassasalari talabalarining ko‘pchiligi ham shu taxlit “a’zo”likka qabul qilingan. Raqamlarning ortishiga yana bir muhim sabab sifatida telefon kompaniyalaridan birining arzon tarifiga ulanishda aynan ittifoqqa a’zolik so‘ralishi bilan bog‘landi.

Yana o‘qing:  Oqsaroy aslida qanday bo‘lgan?

Tabiiy savol tug‘iladi, ittifoqqa a’zolar sonining ortgani bilan ular bu tashkilot, uning faoliyati, beradigan ko‘magi haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmasa, unda bunday a’zolikdan kimga nima naf? Axir hamma narsa son bilan o‘lchanmaydi-ku. Balki Yoshlar ittifoqi farzandlarimiz ishonchini qozonishi uchun bir yil yetarli muddat bo‘lmagandir?

Xulosa o‘rnida, tashkilot oldida hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Misol uchun, boshqa mamlakatlarda ishlab yurgan o‘zbekistonlik yoshlarni maksimal darajada yurtimizga qaytarib, ulardan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha foydalanishimiz lozim. Yana shuni aytish joizki, yoshlarni birlashtirish borasida hali-hanuzgacha alohida tizim shakllanmagan. Zero, yurt taraqqiyoti uchun bu o‘ta muhim mezon hisoblanadi.

 

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: