Xususiy MTMlar ko‘paymoqda
Bugun yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektorni faol jalb etishga alohida e’tibor berilmoqda. Xususiy bog‘chalar tashkil etishga rag‘bat bildirgan tadbirkorlik sub’yektlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayapti. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat va nodavlat muassasalari o‘rtasida raqobatni kuchaytirish orqali ta’lim sifatini yanada yaxshilash, yosh avlodning ham ma’nan, ham jismonan yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishiga keng sharoit yaratishdan iborat.
Ma’lumki, ayni paytda yurtimizda maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar ta’limning ilk bosqichiga to‘liq qamrab olinmagan. Bunga esa juda ko‘p sabablarni keltirish mumkin. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida joylarda barcha zamonaviy talablarga javob beruvchi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ham shundan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra 2018 yilning may oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovi 33 foizni tashkil qilmoqda. Yil oxiriga borib, bu ko‘rsatkichni 47 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bugunga kelib mamlakatdagi MTMlar soni 5 ming 800 taga yetgan bo‘lsa, ulardan 400 tasi nodavlat bog‘chalar hisoblanadi, ya’ni o‘tgan yetti oy ichida bunday maskanlar soni deyarli 855 taga oshdi.
MTMlar faoliyati sifatini oshirishning asosiy indikatorlaridan biri tizimda innovatsion muhitning yaratilishidir. Shu maqsadda Janubiy Koreya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Finlyandiya hamda Turkiyaning shu yo‘nalishdagi tajribalari atroflicha o‘rganildi. Xalqaro tajribalar inobatga olingan yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Qolaversa, O‘zbekistonda birinchi marta MTMlardagi oziq-ovqat bloklari alohida binolarga ko‘chiriladi. Binolar orasida issiq izolyasion o‘tish yo‘laklari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek ham musiqa, ham sport zallarini o‘zida uyg‘unlashtirgan universal zallar tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Eng katta e’tibor o‘yin hududlariga qaratiladi. Avval uxlash xonasida bola kuniga atigi ikki soat vaqt o‘tkazgan bo‘lsa, endi transformer-karavotlar hisobiga bu hudud ancha mobillashtiriladi va undan o‘yin hududi sifatida ham foydalanish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga MTMlarda yuqumli kasalliklar profilaktikasiga ham yetarlicha diqqat qilinmoqda.
Darhaqiqat, bunday maktabgacha ta’lim muassasalari kichkintoylarning qobiliyat va iste’dodlarini erta ro‘yobga chiqarish, ularning ma’naviy-ruhiy, intellektual shakllanishida muhim ahamiyatga ega. O‘z navbatida farzandining bog‘chaga qatnashidan ota-ona ham xursand bo‘ladi. Shu orqali foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lishga fursat topadi. Ular oilasi farovonligi uchun bexavotir yelib-yuguradi.
Dilfuza NIZOMOVA,
Toshkent pedagogika kolleji o‘qituvchisi