Farzand – oila quvonchi, ayol – xonadon fayzi
Yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Quvonarlisi, bu borada “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham chorak asrdan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Islohotlar samarasi, sohadagi yangiliklar, amalga oshirilayotgan ishlar xususida fondning “Onalik va bolalik” bo‘limi boshlig‘i Jumabek NUROVni suhbatga tortdik:
– Har qanday millatning asosiy boyligi – onalar va bolalar salomatligidir. Shu ma’noda olib qaraganda jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, har tomonlama sog‘lom va intelektual salohiyatli avlodni tarbiyalash borasida bugun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
– Fondning asosiy maqsad va vazifalari jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlar tarbiyalashni ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, oilalarda sog‘lom avlod tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun yuksak mas’uliyat psixologiyasini shakllantirishga ko‘maklashishdan iboratdir. Fond o‘z faoliyatini tibbiy, ijtimoiy, gumanitar, sport va ma’naviy-ma’rifiy dasturlari orqali amalga oshirib kelmoqda. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Fond faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘lib, ushbu yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari bilan faoliyatini muvofiqlashtirib kelmoqda. Bugungi kunda respublikamiz miqyosida faoliyat olib borayotgan 13 ta Skrining markazlari uzluksiz ishlashi uchun byudjet mablag‘lari hisobidan reaktiv va reagentlar hamda shifobaxsh bolalar ozuqalari sotib olinib, yetkazib berilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, homilador ayollar va chaqaloqlarda nuqsonlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun respublika va mintaqaviy skrining markazlari tomonidan 2017 yilning 12 oyi davomida 328 mingdan ortiq yangi tug‘ilgan chaqaloq tug‘ma gipotireoz va 328 mingdan ortig‘i fenilketonuriya kasalligini aniqlash uchun skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra ayrim chaqaloqlarda tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriya kasalligi aniqlangan. Ularga dori-darmon va shifobaxsh bolalar ozuqalari muntazam respublika va viloyat skrining markazlari orqali bepul yetkazib berilmoqda. Shuningdek, o‘tgan yilning 12 oyi davomida jami 259 ming 806 nafar xavfli guruhga kiruvchi homilador ayollar skrining ultratovush (UTT) tekshiruvidan o‘tkazildi.
– Aholi o‘rtasida tibbiy-ijtimoiy patronaj yordamini tashkil etish fondning eng asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsangiz.
– 1996 yildan buyon zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan “Mersedes Bens” avtoambulanslarida fondning tibbiy ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan viloyat va tuman hokimliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamoat fondi vakillari va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari bilan hamkorlikda respublikamizning chekka hududlaridagi aholiga, ayniqsa, onalar va bolalarga malakali tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida fondning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan respublikamizdagi 917 ta mahalla va 302 ta qishloqda yashovchi 72 ming nafardan ortiq FUQARO, 5 mingdan ZIYOD oilalarning ijtimoiy sharoiti va uning sog‘ligi o‘rganildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarning 37 ming nafari ayollar, 28 ming nafari fertil yoshdagi ayollar, 17 ming nafardan ziyodi bolalardan iborat.
Tibbiy ko‘rik davomida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlariga fond tomonidan dori-darmon, kiyim-kechak, sanitariya-gigiyena vositalari va boshqa turdagi insonparvarlik yordami yetkazib berildi. Shuningdek, 2018 yilda aholi orasida kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha mingdan ortiq uchrashuv, ma’ruza va davra suhbatlari o‘tkazildi. 1996–2017 yillarda tibbiy ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan jami 4 mln. dan ortiq fuqaro tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi.
– Fondning Germaniya va Koreya Respublikasining xalqaro xayriya tashkilotlari bilan hamkorlik doirasida olib borayotgan loyihalari xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Har yili xorijiy mutaxassislar yurtimizga tashrif buyurib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida bir necha kun mobaynida bemor va nogiron bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Ko‘rik davomida rivojlanishida tug‘ma yoki orttirilgan nuqsoni bo‘lgan, jarrohlik amaliyotiga muhtoj va O‘zbekistonda jarrohlik amaliyotini amalga oshirish imkoni bo‘lmagan, shuningdek, uzoq muddatli bir necha bosqichli operatsiyaga muhtoj bo‘lgan bolalar xorijiy mutaxassislar tomonidan tanlab olinadi va sog‘lomlashtirish uchun chet el klinikalariga yuboriladi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi ota-onalar nazoratsizligi va ehtiyotsizligi natijasida jarohatlangan hamda tayanch-harakat tizimida va jismoniy harakat funksiyalarida muammolar paydo bo‘lgan bolalardir. Bu bolalarning aksariyatida bir necha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ular 2-3 bosqichda sog‘lomlashtiriladi.
Qolaversa, 2004 yildan buyon “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Germaniyaning “Friyedenzdorf interneyshnl” xalqaro tashkiloti hamkorligidagi grantlar tashkil etilgan. Unga ko‘ra, respublikamiz klinikalarida o‘tkazish mumkin bo‘lgan jarrohlik amaliyotlari uchun shifoxonalar bilan shartnomalar tuzilib, bemor bolalarni operatsiya qilib, sog‘lomlashtirish uchun mablag‘ o‘tkaziladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu grantlar lab-tanglay tug‘ma nuqsoni, bo‘yin va oyoqning tug‘ma ortopedik nuqsonlari, kuyishning asoratlari bo‘lgan chandiqli kontraktura kasalliklar uchun ajratiladi.
O‘tgan yili respublikamiz klinikalarida lab-tanglay tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan 160 nafar, bo‘yin, shuningdek, oyoqning tug‘ma ortopedik nuqsonlari bo‘lgan 226 nafar hamda kuyish asoratlari bilan 21 nafar bolada operatsiyalar amalga oshrildi.
Shuningdek, Germaniyaning “Friyedenzdorf interneyshnl” xalqaro tashkiloti tomonidan grant mablag‘lari doirasida 2017 yilda 187 nafar tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bemor bola Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. Buning uchun fond tomonidan bemor bolalarga oksigenator va uning butlovchi qismlari bepul yetkazib berilmoqda.
Ushbu loyihalar doirasida 2004–2017 yillar davomida respublikamiz klinikalarida jami 5 ming 800 nafardan ortiq bemor bola operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. O‘tgan davr mobaynida 350 nafardan ziyod bemor bola Germaniya klinikalarida operatsiya qilindi. 2011 yildan buyon tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bemor bolalarni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida muvaffaqiyatli operatsiya qilinmoqda.
– “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan yurak tug‘ma nuqson bilan bemor bolalarni sog‘lomlashtirish qay yo‘sinda amalga oshiriladi?
– 2011 yildan buyon tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bemor bolalar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida muvaffaqiyatli operatsiyalar amalga oshirib kelinmoqda.
Hozirgi kunga qadar 1 ming 980 nafar yurak nuqsoni bo‘yicha xastalangan bola fond tomonidan ro‘yxatga olingan. Mazkur ro‘yxat “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining hudulardagi filiallarida faoliyat yuritayotgan shifokorlar bilan birgalikda shakllantirilgan. Ro‘yxatga kiritilgan bemor bolalarning salomatligi shifokorlar tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, agar xasta bolaning ahvoli og‘ir darajada bo‘lsa, ular navbatsiz operatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Germaniyaning “Friyedenzdorf Interneyshnl” xalqaro tashkiloti tomonidan grant mablag‘lari doirasida 2017 yilda 187 nafar tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bemor bola Toshkent davlat pediatriya tibbiyot instituti klinikasida operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. Buning uchun fond tomonidan bemor bolalarga oksigenator va uning butlovchi qismlari bepul yetkazib berilmoqda.
Jarrohlik amaliyotlari yurtimizda faoliyat yuritayotgan tajribali shifokorlar va xorijlik hamkorlar ko‘magida Toshkent davlat pediatriya tibbiyot instituti klinikasida va V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazida amalga oshirilmoqda.
Xurshida HUSENOVA suhbatlashdi.