Tez toliqish yurak xastaligidan darak
Unga kuchli quvonch ham, o‘ta g‘amginlik ham zarardir
Inson yuragi azal-azaldan his-hayajon va tuyg‘ular ko‘zgusi – qalb, ko‘ngil deya ifoda etilgan. Albatta, bu bejizga emas. Odam quvonchli onlarini ham qayg‘uli damlarini ham yuragi bilan his etadi.
Biz birgina so‘z bilan ifodalaydigan sevinch his-tuyg‘usi ham qanchadan-qancha biokimyoviy o‘zgarishlar bilan kechsa-da, uni aynan yuragimizning tez urishi bilan his etamiz. Hozirda aksariyat xastaliklarning asosiy omili sifatida aynan asab tizimidagi salbiy o‘zgarishlarni alohida ta’kidlashni joiz deb bildik. Sir emaski, jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan zamon talablari bilan hamnafas bo‘lish insonlarda o‘ziga yarasha ruhiy zo‘riqish, jismoniy charchoq kabi holatlarni keltirib chiqarishi tabiiydir. Biz quyida ruhiy holatning yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’siri, shuningdek, bemorlarning ruhiyatidagi o‘zgarishlar haqida qisqacha bayon etamiz.
Yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi asosiy omillar sirasiga nasldan-naslga o‘tuvchi xastaliklar, kun tartibiga rioya etmaslik, yog‘, un, qandolat mahsulotlaridan me’yoriy parhez qilmaslik, kamharakatlik, umuman olganda sog‘lom turmush tarziga rioya etmaslik, deb aytish mumkin.
Hozirgi kunga kelib esa yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining keng tarqalishi, unga chalinish va o‘lim ko‘rsatkichiga sezilarli ta’sir etishini isbotlovchi tadqiqotlar natijasida olingan xavfli omillarni qayd etamiz:
Ya’ni, surunkali ijtimoiy-psixologik bosim – ruhiy zo‘riqish (stress), kuchli psixologik zarba, inson hayotidagi ko‘ngilsiz-voqea hodisalar hamda noxush holatlar, odamning psixologik o‘ziga xosliklari (uning ruhiy holati, mijozi, fe’l-atvor xususiyatlari, himoya mexanizmlari), o‘zida mavjud kasallikka berilib ketish kabi salbiy holatlar.
Ijtimoiy-psixologik omillar yurak ishemik kasalliklari etiopatogenezida (shakllanishida) muhim bosqich hisoblanadi. Bunday bosim koronarospazmlar, qonning oqish xususiyatidagi o‘zgarishlar, aterogenez jarayonining tezlashuvi, yurak ritmi buzilishiga ta’sir etadi. Bu salbiy omillarning surunkali ta’siri esa inson organizmi uchun juda katta bosim hisoblanadi. Natijada mavjud xastalikning rivojlanishi yoki yangi bir kasalliklarning kelib chiqishiga olib keladi.
Ijtimoiy-psixologik omillar ichida insonning hayotidan qoniqmaslik va shaxslararo munosabatlardagi ziddiyatlar yurak ishemik kasalliklariga chalinishning salbiy omillari sifatida ajratiladi. Birinchilardan bo‘lib W. Osier stenokardiya va miokard infarkti bilan og‘rigan insonlarning fe’l-atvoridagi o‘ziga xosliklarni ajratib ularni kuchli, o‘ziga ishongan, ishini sidqidildan bajaruvchi, harakatchan, mas’uliyatli va tashabbuskor, tartib-intizomga kuchli rioya etishiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, ular o‘zlariga katta talablar qo‘yuvchi insonlar, deb biladi olim. Bir qarashda bu kabi ijobiy xislatlar qay tariqa insonni kasallanishiga olib keladi, deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo, bu kabi kuchli insonlar ma’suliyatni o‘z bo‘yniga olgan holda muhim ishlarni bajarayotgan chog‘ida o‘ziga yarasha zo‘riqishni his etishi va asosiy og‘irlikni o‘z bo‘yniga olishi ularning asab tizimiga katta og‘irlik hisoblanadi. Yana mas’uliyatli va ishchan insonlarda ishga berilib ketib va jismoniy, ruhiy sog‘liq haqida qayg‘urishni keyinga surib yurish, kasallik sezilarli darajada zo‘rayib ketmagunga qadar bu kabi bemorlarning shifokorga bormasliklari kuzatiladi. Shuningdek, emotsional yetilmagan insonlardagi, beqaror, xavotirga beriluvchanlik hamda shubha-gumonlar ham dardni yuzaga keltiruvchi yetakchi salbiy omillar sirasiga kiradi. 64,5 foiz xasta odamlarda barcha voqealarni yurakka yaqin oluvchi, ruhiy stresga butun vujudi bilan javob qaytaruvchi xususiyat mavjudligi aniqlangan.
Orttirilgan yurak xastaliklariga chalingan bemorlarda turli xil ruhiy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Bunda shaxsning fe’l-atvoridagi o‘ziga xos jihatlaridan quyidagi xususiyatlar ajratiladi:
Kasallikka berilib ketish, o‘tmish haqida ko‘p o‘ylash, o‘z sog‘lig‘i yuzasidan ma’suliyatni boshqalarga yuklab qo‘yish, psixologik portret chizgilariga esa his-hayajonga tez berilish, jizzakilik, yon berishdan qochish, qaramlik, ijtimoiy aloqalarning kamligi, xavotir va ruhiy taranglik kiritilgan. Ijtimoiy-psixologik moslanuvchanlik imkoniyatlari baholanganda orttirilgan yurak xastaligiga chalingan bemorlarda asosan oilaviy hayotdagi ziddiyatlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa, yurak ishemik kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun jamiyat bilan bog‘liq ijtimoiy muhit muhimroq o‘rin tutishi aniqlangan.
Ishxona yoki oiladagi kundalik asabbuzarliklar, ruhiy zo‘riqish holatlarining asab tizimiga salbiy ta’siri o‘ziga yarasha jismoniy sog‘ligimizga ham kuchli ta’sir etadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda ham sog‘ligimizni, ruhiy muvozanatimizni asray bilishimiz zarur. Shu qatori atrofimizdagi insonlarga, yaqinlarimizga ham e’tiborli, mehru muruvvatli bo‘lish o‘rinlidir.
Yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining inson ruhiy holatiga ta’siri haqida so‘z yuritilganda aksariyat bemorlarda sog‘ligidagi mavjud holatdan kuchli xavotir olish, qattiq qo‘rquv hissi, umidsizlikka tushish kabi salbiy holatlar sezilsa, ba’zilar mavjud xastalikni inkor etishga urinishadi. Bunday vaziyatda xavotirlarni chetga surib, kasallikni shifokor ko‘magida davolash hamda dardga yengilmay har bir bemor o‘zini qo‘lga olishi muhimdir.
Bemor shifokorga ishonib va umid qilib uning tavsiyalariga qat’iy amal qilsa, albatta, tezda oyoqqa turib ketadi. Ayniqsa, xasta odam uchun qalb xotirjamligi muhimdir. Bu borada unga psixolog yordami zarur. Chunki bu mutaxassis har bir kasal odamning temperamenti (mijozi)dan kelib chiqib, unga individual yondashadi. Shuningdek, bemorning yaqinlari ham shifokor va ruhshunos bilan hamkorlikda xasta odamga ruhan dalda berishlari darkor. Shundagina dori-darmonlar va muolajalar unga ijobiy ta’sir etadi.
Nilufar USMONOVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot
markazi kardiotserebral patologiya bo‘limi mudiri,
Nozima SALIMOVA,
katta ilmiy xodim,
Nazokat HASANOVA,
psixiolog yordamchisi