Farzandingizni MTMga joylashtirmoqchimisiz?
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bu borada sizga yaqindan ko‘maklashadi.
3 yoshli Javohirning qo‘lidan yetaklagan Gulnoza opa bog‘cha darvozasidan kirib, mudiraning xonasi tomon yo‘naldi. Ona-bolani yo‘lakda qarshi olgan tarbiyachi mudiraning zarur uchrashuvga ketganini aytib, ularga biroz kutib turishi kerakligini ta’kidladi. So‘ng Gulnoza opaga qiziqib savol berdi:
– Farzandingizni bog‘chaga joylashtirmoqchimisiz?
– Ha, yaqinda oliy ta’lim muassasasida ish boshladim, o‘g‘limga doimiy e’tibor kerak. Shu sabab ishdan ruxsat so‘rab, farzandimni bu yerga olib kelgandim…
– Sizga o‘xshab, farzandini bog‘chaga joylashtirmoqchi bo‘lgan ota-onalar juda ko‘p. Lekin navbatda bir necha oylab turishibdi.
Muassasa rahbarining kelishi tarbiyachi va Gulnoza o‘rtasidagi suhbatga yakun yasadi. Mudiraning xonasiga kirgan ona unga maqsadini aytdi.
– Vaziyatingizni tushundim, lekin bizning muassasa 250 o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni payt o‘z qamrovidan ikki barobar ko‘p, ya’ni 500 nafar bolaga xizmat ko‘rsatmoqda. Siz kabi bizga murojaat qilgan onalar soni 700 nafardan oshib ketdi. Agar navbatda turishni istasangiz, kerakli barcha hujjatlarni tashlab ketishingiz mumkin. Navbatingiz kelganida o‘zimiz xabar beramiz, deya mudira vaziyatga izoh bergan bo‘ldi.
Gulnoza opa xonadan chiqarkan, vaqtining besamar o‘tganiga afsuslandi. O‘ylagan ishlari hal bo‘lmagani uchun qattiq ranjidi…
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-sonli qarori bilan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan. Ushbu hujjatga ko‘ra 1 apreldan boshlab bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalari (MTM)ga rasmiylashtirish, navbatga qo‘yish faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa yuqoridagi kabi yugur-yugurlarning oldini oladi, vaqtning tejalishiga xizmat qiladi.
Esingizda bo‘lsa ilgari bolalarni bog‘chaga joylashtirish bo‘yicha murojaatlar faqat haftaning seshanba va juma kunlari qabul qilingan bo‘lsa, endilikda yangi tartibga asosan fuqaro bu masaladagi murojaatlarini davlat xizmatlari markaziga haftaning istalgan ish kunida topshirishi mumkin bo‘ladi.
– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bunday murojaatlarni har kuni onlayn rejimda topshirish imkoni mavjud. Aprel oyidan to bugungi kunga qadar ushbu masala bo‘yicha 100 mingdan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, ular tegishli tartibda o‘rganilmoqda. Murojaatlar orasida rad etilganlari ham bor. Bunga asosiy sabab ma’lumotlarning noto‘g‘ri kiritilganligidadir. Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati bepul amalga oshiriladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Hindol Madraimov.
E’tiborlisi, har bir ota-ona bog‘chalarning rasmiy veb-sayti orqali muassasaning sig‘imi va mavjud bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risida ma’lumotlar, anketalar ro‘yxati hamda navbatga kiritilganlar to‘g‘risida ma’lumotlar bilan istalgan paytda tanishib borishi mumkin. Yangiliklar doimiy tarzda yangilanib boriladi.
Yana bir gap. Avvallari ota-ona farzandini bog‘chaga joylashtirish uchun 5 turdagi hujjatni komissiyaga taqdim qilgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra endilikda ulardan faqat anketa to‘ldirish talab etiladi, xolos. Bundan tashqari, ilgari bu masaladagi murojaatlar 10 ish kunida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bu muddat endi 1 ish kuni etib belgilandi.
Shuningdek, davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul komissiyasi yo‘llanma berish, arizani navbatga qo‘yish va arizachiga bo‘sh joy mavjud bo‘lgan boshqa muassasani taklif qilish to‘g‘risidagi qarorlardan birini qabul qilish tartibi bekor bo‘lib, endilikda maktabgacha ta’lim bo‘limi anketaga asosan yo‘llanma rasmiylashtiradi yoki uni navbatga qo‘yadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch nafar yoki undan ko‘p farzandli oilalar, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, talabalar va pedagoglarning bolalari, yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan hamda boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar, shuningdek, aka yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari bo‘lgan bolalarning anketalari imtiyozli ro‘yxatga kiritildi.
– O‘zim oliygohda talabalarga saboq beraman. Shu sabab farzandimning anketasini imtiyozli ravishda ro‘yxatga kiritishdi. Endi bexavotir ishga borishim mumkin, – deydi Robiya Ismatullayeva.
Aytish joizki, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ustuvor g‘oya davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish, mobil davlat xizmatlari ko‘rsatishning maqbul, qulay va shaffof uslublaridan foydalanish aholi uchun shubhasiz, qulaylik yaratadi. Eng muhimi, bu har bir inson uchun qimmatli bo‘lgan vaqtni tejash imkonini beradi. Avtomatlashtirilgan tizim va uzaytirilgan ish grafigi esa byurokratiya va korrupsiyaning oldini oladi.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri