El dardiga malham bo‘laylik
Odatdagi ish kunlarimning birida ishxonamizga qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
– Assalomu alaykum, eshitaman, – dedim.
– Assalomu alaykum, «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasimi?
– Ha.
– Aka, bugun men birinchi marta o‘zim ko‘chaga aylangani chiqdim. Do‘stlarim bilan ko‘rishdim…, – bo‘g‘zida yig‘i paydo bo‘ldimi, – Rahmat! Rahmat! – dedi-yu to‘xtab qoldi.
Bir lahza tushunmay turdimu so‘ng yodimga tushdi. Bu – Toshkent viloyatidan Azizjon Hakimov, o‘tgan hafta unga jamg‘arma tomonidan onasi orqali nogironlik aravachasi topshirilgan edi.
Jamg‘armada olib borayotgan faoliyatim davomida deyarli barcha muruvvat yuklarining taqsimoti va tarqatilishida ishtirok etib, ko‘p minnatdorliklarni eshitgan bo‘lsam-da, bu ikki og‘iz so‘z meni hayajonga soldi. Shunda men qilayotgan ishimdan faxrlanib ketdim…
Sog‘lom ona – sog‘lom farzand. Sog‘lom farzand – istiqbolimiz bunyodkori. Mamlakatimizda ilgari surilayotgan bunday g‘oyaning naqadar haqqoniy ekanini bugun butun dunyo e’tirof etmoqda.
Jahon statistikasi bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 2010 yilda 7.6 millionni tashkil etgan, ayollar o‘limi 13% xavfsiz abort sababli yuzaga kelayotgan bir davrda O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq ona-bola salomatligi, onalar mustahkamligi uchun poydevor qo‘yilgan edi.
Ana shunday bunyodkorlik ishlarining yorqin ifodasi «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining tashkil etilishi bo‘ldi. Ushbu markaz 20 yillik faoliyati davomida respublikamizda olib borilayotgan, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Ayniqsa, respublikamizning chekka hududlarida yashovchi aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularga muruvvat yordami sifatida dori-darmon, gigiyena va tibbiyot vositalarining tarqatilishida jamg‘armaning mintaqaviy filiallari qoshidagi hududlararo patronaj brigadacining o‘rni beqiyos. Olib borilayotgan xayrli ishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, jamg‘armaning 20 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyati filialiga «KOFIH» xalqaro tashkiloti tomonidan HUNDAI H-1 rusumli, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyati filiallariga davlatimiz tomonidan «Gazel» rusumli avtoambulanslarning berilishi, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, jamg‘arma xodimlari shijoatiga shijoat qo‘shdi.
O‘tgan yil davomida jamg‘armaga xorijiy hamkorlar tomonidan keltirilgan muruvvat yuklari soni 37 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu yil, o‘tgan 7 oy davomida ularning soni 28 taga yetkazildi. Keltirilgan muruvvat yuklari – oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori va tibbiyot vositalari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga xayriya tariqasida yetkazilayotganligi uni olgan inson qalbida mehr-muruvvat tuyg‘usini uyg‘otibgina qolmay, mana shunday xayrli ishlarga ko‘makchi bo‘layotgan jamg‘armaning har bir xodimi yuragida xalq farovonligi yo‘lidagi xizmatlarga o‘z hissasini qo‘shayotganligidan faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otishi, tabiiy.
Kimningdir dardiga malham bo‘la olish bu – saxovatdir.
Bugun ana shunday nogironlik aravachalaridan yana 550 dona keltirildi. Bu muruvvat yuklari yana qanchadan-qancha o‘ksik ko‘ngillar uchun quvonch olib kelishini o‘ylab, o‘zimda bitmas tuganmas kuch-shijoat sezaman.
Ularning ko‘zlaridagi quvonch yoshlari ehtiyojidagi buyumni qo‘lga kiritganidan emas, saxovatpesha davlatimizning e’tibori, hukumatimizning olib borayotgan ishlarida inson qadr-qimmatining naqadar yuksak ekanidan mamnunlik ifodasi edi.
Asadullo MAMASIDDIQOV,
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi «Muruvvat yordami» bo‘limi boshlig‘i v.b.