Voyaga yetmaganlarni jinoyatga nima (kim) undaydi?

Sudyalikka tayinlanganimga hali ko‘p muddat bo‘lgani yo‘q. Biroq qisqa faoliyatim davomida ham soha mutaxassisi, ham shu yurtning oddiy fuqarosi sifatida meni o‘ylantirayotgan bir muammo bor.

Voyaga yetmaganlar orasidagi jinoyatchiliklarning hali ham mavjudligi menga tinchlik bermaydi. Qo‘limga kelib tushgan ishlar orasida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bu ishlarni o‘rganish davomida ularni jinoyatga undayotgan omillar nima ekani haqida ko‘p bosh qotiraman. Buning sababini topishga harakat qilaman.

Bevosita sud amaliyotidan kelib chiqqadigan bo‘lsak, voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishiga bir qancha omillar sabab bo‘layotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Birinchi navbatda bu voyaga yetmaganlarning oiladagi va turmushdagi salbiy ta’sirlar, nosog‘lom turmush tarzida hayot kechirish, yomon xulqli shaxslar bilan aloqada bo‘lish, uzoq vaqt o‘qimaslik yoki foydali mehnat bilan shug‘ullanmaslik, katta yoshdagi jinoyatchilar tomonidan ularning jinoyat sodir etishga jalb qilinishi, zo‘rlik ishlatiladigan videofilmlar va videoroliklarni tomosha qilish kabi salbiy omillar ko‘pincha voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan uch oy mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan voyaga yetmaganlar orasida beshta jinoiy ish ko‘rilib, oltita shaxs javobgarlikka tortildi. Bu bir qarashda kamdek tuyuladi. Biroq aslida voyaga yetmaganlar orasida uchrayotgan bitta jinoyat ham ko‘p. Chunki ular jamiyatning bir bo‘lagini tashkil etadi. Axir kasal tekkan bitta tanani bir butun aynitishi mumkin. Biz shuni vaqtida tushunib yetishimiz, bunga qarshi kurashishimiz lozim.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham voyaga yetmaganlar orasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Chunki aynan, fuqarolarga o‘z haq va huquqlarini yanada tanitishga ko‘mak beradigan bu farmondan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi mahallalarda sayyor uchrashuvlar hamda sayyor sud majlislarini o‘tkazmoqda. Bu esa sudlarning fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali jinoyatchilikning oldini olish kabi vazifani bajarayotganidan dalolat beradi. Sayyor uchrashuvlar nafaqat mahallalarda, balki o‘quv dargohlarida ham o‘tkazilyapti. Bu esa qaysidir ma’noda yoshlarga o‘z haq-huquqlarini bilishga, o‘zlari jinoyat deb hisoblamagan harakatlarning aslida jinoyat ekanini anglashga yordam beradi.

Yana o‘qing:  Prezident matbuot kotibi jurnalistlar ishtirokida brifing o‘tkazdi

Sayyor uchrashuvlarda ularga bu qilmishlarining oqibatlari nimalarga olib kelishi haqida tushuntirishlar beramiz. Sayyor sudlarning ahamiyatli jihati esa huquqbuzarlik va jinoyatga moyil yoshlar ko‘z o‘ngida o‘zi tengi yoshlarning sud qilinishi qaysidir ma’noda ularni jinoyatdan tiyilishiga olib keladi. Biroq gohida qiziqqonlik, boshqalar ta’siriga tushib qolish oqibatida ham ba’zi yoshlar jinoyat yo‘liga kirib qolmoqda. Bunday paytda sudya voyaga yetmagan shaxsning asli xulqi tozaligi, jinoyatga bilmay qo‘l urganini sezadi. Biroq, qonundan chiqib ketolmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangach esa sudlar mahalla, jamoatchilik kafilligidan tashqari Yoshlar ittifoqining kafolat xatlarini ham inobatga oladigan bo‘ldi. Bu esa bilmay noto‘g‘ri yo‘lni tanlagan yoshlarga to‘g‘ri yo‘lga o‘tib olishlariga ko‘mak bermoqda. Masalan, poytaxtimizdagi Feruza mahallasi xududidagi 205-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida o‘g‘rilikka qo‘l urgan voyaga yetmagan uch nafar yoshlarning ishi ko‘rib chiqildi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b, v, g” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganliklari aniqlangan bo‘lib, jinoyatlari uchun qat’iy belgilangan jazoni o‘tashlari kerak edi. Biroq, Yoshlar ittifoqining Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi va mahalla faollari kafilligi sababli voyaga yetmagan fuqaro Mo‘minov va uning sheriklari jazosi yengillashdi. Mo‘minovga bir yil ozodlikdan cheklash, Sahobiddinov va Ilhombekovga esa olti oy ozodlikdan cheklash jazosi belgilandi. Kafillik sabab hali murg‘ak go‘daklik nuqsi yuzidan ketmagan yoshlar qamoqxonadan asrab qolindi.

Gohida esa sud majlislariga na mahalladan, na Yoshlar ittifoqidan murojaat qilishmaydi. Bu degani esa ayblanuvchi yoshga nisbatan befarqlikni ko‘rsatadi. Nazarimda, ana shu befarqlik sabab jamiyatimizda voyaga yetmaganlar orasida o‘g‘rilik jinoyati ko‘paymoqda.

Bunga esa kam ta’minlanganlik, oilaning nimagadir zoriqishi yoki shunga o‘xshash boshqa sabab emas, aynan yoshlarning to‘qlikka sho‘xligi, tarbiyasizligi, ochko‘zligi sabab bo‘lyapti. Masalan, o‘g‘rilikda ayblangan Saidbek (ismi o‘zgartirilgan) ham ana shunday “To‘qlikka sho‘xlik” qiluvchi yoshlardan chiqdi. U kasb-hunar kolleji o‘quvchisi. Yaxshi oilaning farzandi, hech qanday muammosi bo‘lmay turib, kursdoshining cho‘ntagidan kalitni olib, uning uyiga o‘g‘rilikka tushadi. Uydagi bor pul va tilla taqinchoqlarni olib chiqib ketadi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 2-qismi g-bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga shu modda bilan Jinoyat Kodeksining 82-moddasi tartibida eng kam oylik ish haqining 15 baravari miqdorida jarima tayinlandi.

Yana o‘qing:  Musiqa madaniyati

To‘g‘ri jamoatchilik aralashuvi sabab ularning kelajaklari asrab qolinar. Biroq, ularni bu yergacha qanday sabab yetaklab keldi. Aynan shu ildizni topish, unga bolta urish kerak. Shundagina voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik haqida gapirishni unutgan bo‘lar edik.

 

Farrux TURAXODJAYEV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: