Shifotalab shifokorning iztiroblari

“Tez yordam” mashinasida avtohalokatga uchragan shifokorni nima ranjitadi?

 

Shifokorlik muqaddas va mas’uliyatli kasb. Agar biror kasallik bilan og‘rib, shifoxona eshigini taqillatsangiz, ushbu kasb egalari “labbay” deya xizmatga shaylanadi. Ammo shifokorning o‘zi dardga chalinsa, unga kim yordam beradi?

Barno Begmanova 2010 yilning 16 iyul sanasida Chinoz tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida davolanayotgan bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, “Tez tibbiy yordam” mashinasida ortga qaytayotganda avtohalokatga uchraydi. U o‘tirgan avtomobil Toshkent – Termiz yo‘lida “Matiz” rusumli mashina bilan to‘qnashib ketadi. “Tez tibbiy yordam” mashinasi ag‘darilib, natijada shifokor og‘ir darajadagi tan jarohatini oladi. Yo‘lovchi mashina yordamida shifokor ayol markaziy shifoxonaga olib borilgach, shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. 7 soatlik operatsiyadan so‘ng uning jarohatlangan oyoqlari saqlab qolinadi.

Barno opa ikki yil to‘shakka mixlanadi. So‘ng bir yil aravachada, keyin esa qo‘ltiqtayoqda yuradi…

Barno Begmanova 2005 yildan buyon Toshkent viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida nevropatolog bo‘lib ishlagan. Fojeadan so‘ng III (aslida I) guruh nogironi. Ish vaqtida bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea sabab salomatligini yo‘qotgan bo‘lsada, nogironligini ro‘kach qilib, uni vazifasidan ozod etishadi. Shifokorga o‘zi faoliyat yuritgan muassasa rahbariyati tomonidan hech qanday moddiy yordam, tovon puli, nafaqa yoki shu kabi yordamlar ko‘rsatilmaydi.

 

Yarim soniya taqdiringizni hal etadi

Bo‘lib o‘tgan fojea ko‘z o‘ngimdan sira ketmaydi, – deydi suhbatdoshimiz. – Chekkan azoblarimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Hozirgacha yengil avtomashinaga o‘tirishga yuragim, asablarim dosh bermaydi. Avtobus yoki yo‘nalishli taksilarga arang o‘tiraman. Sababi, inson yarim soniya ichida hayot bilan vidolashishi hech gap emas ekan.

Insonning suyanchig‘i bo‘lgani yaxshi ekan. Turmush o‘rtog‘imdan cheksiz minnatdorman. To‘shakdan bosh ko‘tarolmagan paytlarim ikki qizim yosh edi. Meni umr yo‘ldoshim ovqatlantirgan, yuvib-taragan. Qarovsiz qoldirmay, oyoqqa turg‘azib, jamiyatga qaytishimga sababchi bo‘lgan.

Keyinroq xo‘jayinim menga nafaqa puli olish maqsadida ishxonamga bordi. Ammo tibbiyot markazi huquqshunosi menga moddiy yordam ko‘rsatilmasligini, nogironlik nafaqasini Toshkent viloyati bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlari ekpertizasi davlat inspeksiyasi (keyingi jumlalarda TMEK deb yuritiladi) to‘lashini aytgan. Xo‘jayinim o‘sha markazga hujjatlarimni olib borganda ular ham nafaqa to‘lashni rad etadi. Noiloj advokatdan yordam so‘radik. Xullas, o‘n oydan so‘ng TMEK tomonidan menga dastavval I, so‘ng II guruh nogironlik nafaqasi tayinlandi.

Yana o‘qing:  Toshkent Janubiy vokzali tubdan rekonstruksiya qilindi

 

Tanasi boshqa dard bilmas

2013 yil oilaviy sharoiti og‘irlashgan Barno Begmanova ishga qaytishga majbur bo‘ladi. Uch yil davomidagi tibbiy muolajalar uni moddiy jihatdan ancha toliqtiradi. Bu paytda u qo‘ltiqtayoqda yurardi.

Shifoxona huquqshunosi va kasaba uyushmasi raisi II guruh nogironlarining ishlashi mumkin emasligini aytadi (aslida mumkin). Ularning maslahati bilan TMEKga ariza yozib, II guruhdan III guruh nogironligiga o‘tadi va 85 foiz mehnat layoqatini yo‘qotganligi xulosasi bilan ishga qaytadi.

Shifoxona huquqshunosi bir kuni Barno Begmanovani yoniga chaqirib, to‘liq bandlik bilan ishga olishini so‘rab ariza yozdiradi (aslida u yarim bandlik 0.5 bo‘yicha ishlab, to‘liq bandlik pulini olishi lozim edi). Ish faoliyatida olgan jarohati sabab nogiron bo‘lib qolgan Barno opa keyinchalik shifoxona tomonidan unga davolanish puli, umrbod tovon puli, ishlamasa ham oylik ish haqqini to‘liq berilishi lozimligini biladi. Tanish advokatdan bu haqda so‘raganda, Barno opaning huquqlari toptalgani, aytganlari to‘g‘ri ekanini ta’kidlaydi. Shundan so‘ng u o‘z huquqlarini talab qiladi.

Shifoxona huquqshunosi esa turli bahonalar, qonunda bo‘lmagan gaplar bilan Barno opaning murojaatlarini rad etadi. Bu vaqt ichida shifoxona rahbari T. Arzikulov Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga aylantirilgani sabab Barno Begmanovani diagnostik konsultativ poliklinikada ish faoliyatini davom ettirishi uchun buyruq chiqaradi.

Barno Begmanova kutilmagan yangilikdan ajablanib, rahbarning qabuliga kiradi. Rahbar esa unga soddaroq qilib, “siz nogironsiz va bu joyda ishlashingiz mumkin emas” deb tushuntiradi. Iqtisodiy yordamga muhtoj, mehnat layoqatini yo‘qotgan shifokor ayol poliklinikada ishlay boshlaydi. Shu bilan u tovon pullari va boshqa moddiy yordam haqlarini so‘ray olmaydi. Keyinchalik o‘z huquqini talab qilgan xodim vazifasidan ozod etildi. Har tomonlama kuchli zarba olgan shifokor dardi ichida qoladi. Unga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish hech kimning xayoliga kelmaydi. “Tanasi boshqa dard bilmas” deb shunga aytsalar kerakda.

Shu zaylda yillar o‘tdi. Ikki nafar qizi to‘lov shartnomasi asosida oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgani sabab Barno opa yana ham qiyin ahvolda qoladi. Er-xotinning topgani “qora qozon”ga arang yetardi. Bir kuni Barno opa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mehnat faoliyati bo‘yicha qarorini o‘qib qoladi…

Yana o‘qing:  Baxt kulib boqqan kun

 

Sug‘urta pullar kimning cho‘ntagiga tushadi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalarning 2-bandiga asosan ish beruvchi ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek, ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sog‘lig‘iga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi.

Ish beruvchi, mehnat jarohati yoki boshqa mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq ravishda xodim sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni, agar u yetkazilgan zarar uchun o‘zining aybdor emasligini isbot qila olmasa, xodimga yetkazilgan zararni to‘lashi shart. Shuningdek, yo‘qotilgan ish haqini va zararning boshqa turlarini to‘lashdan tashqari, ish beruvchi jabrlanuvchiga bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘laydi.

Mazkur qarordan so‘ng Barno Begmanova bir qancha tashkilotlarga murojaat qildi. Afsuski, natija yo‘q.

 

Shu kunga qadar o‘z hisobimdan davo muolajalarimni olib kelyapman, – deydi B. Begmanova. – Buxgalteriya tomonidan ham oylik maoshimdan soliqlarni ushlab qolishda imtiyozlar hisobga olinmagan. Shifoxonamizda boshqalar qatori men ham tibbiy sug‘urta qilinganman va har oy maoshimdan sug‘urta puli chegirib qolingan. Qani o‘sha sug‘urta pullar, kimning cho‘ntagiga tushgan?

 

2017 yilning noyabr oyida Barno Begmanova barcha hujjatlarni jamlab, da’vo arizasi bilan Toshkent shahar, Mirobod tuman fuqarolik sudiga murojaat qiladi. Sud 2018 yilning aprel oyida ushbu da’voni ko‘rib chiqishni ma’lum qilgan.

Umid qilamizki, Barno Begmanovaning sudga murojaati ijobiy hal etiladi. Sud ishi yakunlangach, bu mavzuga yana qaytamiz.

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod”muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: