Tariximiz ko‘zgusi
Mamlakatimiz yoshlarini yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalash, ularga buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini chuqur o‘rgatish har birimizning insoniy burchimizdir.
Buning uchun esa farzandlar bilan birga yurtimizning qadimiy kentlari, u yerdagi tarixiy obidalar, yodgorliklar va ziyoratgohlarga sayohatlar uyushtirish maqsadga muvofiq. Ana shunday maskanlardan bir poytaxtimiz markazidagi Temuriylar tarixi davlat muzeyidir.
Muzey ko‘rkam va hashamdorligi va eksponatlarining boyligi bilan alohida ajralib turadi. Bino o‘zida Temuriylar davri va zamonaviy me’morchilik san’ati uslublarini mujassamlashtirgan.
Amir Temur va uning avlodlari tarixidan so‘zlovchi ushbu maskan nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham ma’lum va mashhur. Muzey mustaqillik davrida bunyod etilgan bo‘lib, “Davlat noyob ilmiy ob’yektlari” ro‘yxatiga kiritilgan.
Uning xazinasida O‘zbekiston tarixini aks ettiruvchi 3 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi. Qolaversa, bu yerda o‘zbek davlatchiligi tarixi, Temuriylar davri tarixi va qadriyatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar ham mavjud. Amir Temur hayotidan lavhalar, qo‘lyozmalar, kitoblar, kumush va mis tangalar, o‘sha davrga oid musiqa asboblari, Buxoro zardo‘z kiyimlari, sopol idishlar har bir tashrif buyuruvchini befarq qoldirmaydi.
Bugunga qadar muzeyga jahonning turli davlatlaridan mingga yaqin rasmiy mehmon tashrif buyurib, ular o‘zlarining eng samimiy dil izhorlarini “Muzeyning faxriy mehmonlar kitobi”ga yozib qoldirgan. Ular asosida muzeyda “Dasxatlar” ko‘rgazmasi yaratilgan.
Ushbu maskanga farzandim bilan qilgan sayohatim orqali buyuk bobokalonimiz hayot yo‘li bilan yaqindan tanishdik. Nazarimda har bir ota-ona o‘z farzandlari bilan birgalikda vaqt topib, ushbu qutlug‘ maskanga kelish lozim, deb o‘ylayman.
– Muzey respublikamizga kelayotgan sayyohlar uchun, avvalo, O‘zbekiston tarixining qisqacha “darsligi”, sayohat yo‘nalishlarini belgilab beruvchi xarita hisoblanadi, – deydi muzey xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimov. – Shuningdek, muzey binosi o‘zining muhtashamligi va o‘ziga xos arxitekturasi bilan alohida ajralib turadi. Prezidentimiz tomonidan ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlar natijasida ayni vaqtda bu yerga keluvchilarning soni kundan kun ortib bormoqda.
Bundan tashqari bu maskanda bolalar va o‘quvchi-yoshlar uchun talaygina imtiyozlar yaratilgan bo‘lib, ular yaqinlari bilan haftada ikki kun muzeyni bepul aylanishlari mumkin. Qolaversa, yaqinda muzeyga Bobur dasxati tushirilgan qo‘lyozmalar, “Boburnoma”ga chizilgan rasmlar kitobi taqdim etildi.
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Sohibqiron tavalludining 682 yilligi keng nishonlanmoqda. Buyuk bobokalonimiz qilgan xayrli ishlarni bundan keyin ham davom ettirish, o‘gitlarini farzandlar ongiga chuqur singdirish yoshlarni yurtga sadoqat, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Dilfuza AZIMOVA