Yurakka halovat kerak yoki stenokardiyaning oldini qanday olish mumkin?
Yurak ishemik kasalligining asosiy turlaridan biri – bu stenokardiya. Ushbu xastalikda yurak mushaklarining kislorodga bo‘lgan ehtiyoji va uning ta’minlanishi o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi kuzatiladi. Ya’ni, yurak mushaklarining kislorodga bo‘lgan ehtiyojini yurak qon tomirlari yetarli darajada ta’minlab bera olmaydi.
Stenokardiyaning stabil (barqaror) zo‘riqish turi va nostabil (beqaror) turi tafovut qilinadi. Stabil zo‘riqish stenokardiyasi – bu yurakdagi og‘riqlar aniq bir jismoniy zo‘riqish yoki stress (ruhiy zo‘riqish) oqibatida yuzaga kelib, ayni vaqtda bemor dam olganda yoki nitroglitserin qabul qilgandan keyin bartaraf etiladi.
Nostabil stenokardiyada esa jismoniy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lmagan holatda yurakdagi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bu og‘riqlar xuruji ko‘payib boradi va bemorlarning jismoniy harakat qilishi susayadi. Ushbu xastalikning rivojlanishiga ko‘p xavfli omillar sabab bo‘ladi. Ya’ni, bemorning turmush tarzidagi o‘zgarishlar, xususan, tarkibida to‘yingan yog‘lar va xolesterin ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni keragidan ortiq tanovul etishi, chekish, alkogolni iste’mol qilish, kam harakatlik, ortiqcha vazn, arterial bosimning ko‘tarilishi.
Xastalikning rivojlanishida irsiy omillar, ya’ni oilaviy kasallik tarixi – anamnezida yaqin qarindoshlarda yurak ishemik kasalligining va undan o‘lim holatlarining kuzatilishi (erkaklarda 55 yosh), yoshning hamda jinsning ham ahamiyati kattadir.
Stenokardiyaning klinik belgilari va unga xos shikoyatlarni to‘rt turga bo‘lish mumkin:
- Og‘riqlarning joylashganligi. 2. Ularning davomiyligi. 3. Bu klinik belgining zo‘riqish bilan bog‘liqligi. 4. Dardning kuchaytiruvchi yoki yengillashtiruvchi omillar bilan bog‘liqligi.
Ushbu dardga xos og‘riqlar odatda kurak suyagi orqasida, yurak sohasida yuzaga kelib, ular pastki jag‘ yoki tishlargacha hamda kuraklar orasiga tarqaladi. Yoki ikkala qo‘lda bilak va barmoqlargacha borishi mumkin. Og‘riq odatda qusish, siqilish yoki og‘irlik, ayrim holatlarda bo‘g‘ilish, tomoqda luqma tiqilishi yoki achishish kabi belgilar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Stenokardiya hansirash va charchoq, holsizlik va ko‘ngil aynishi, kekirish, notinchlik yoki o‘lim xavfi kabi uncha xastalikka xos bo‘lmagan belgilar bilan ham kechadi.
Og‘riq davomiyligi uncha uzoq kuzatilmaydi. Ko‘p holatlarda bu holat 10 daqiqadan oshmasligi mumkin. Muhimi stenokardiya – jismoniy zo‘riqish, o‘ziga xos faoliyat yoki kuchli ruhiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘ladi. Kasallikning alomatlari odatda zo‘riqish ya’ni, tepalikka yurib chiqish yoki yuklamali ishlarni bajarganda yomonlashib, sabab omillari to‘xtatilganda bir necha daqiqadan keyin yo‘qoladi. To‘yib ovqat yegandan so‘ng xastalikning klinik belgilari kuchayishi yoki ertalabki ilk zo‘riqish alomati ham stenokardiyaning klassik belgilariga kiradi. Bemor nitroglitsirin qabul qilsa, u tez samara beradi. Og‘riq to‘xtaydi.
Kasallikning oldini olish chora – tadbirlari
- To‘g‘ri va sifatli ovqatlanish hamda sekin – asta ko‘payib boruvchi jismoniy mashqlarni bajarish zarur. Asab tizimini mustahkamlash – sog‘liqni tiklash uchun eng asosiy omil hisoblanadi.
- Xastalikdan tuzalish uchun har bir bemor o‘zining imkoniyatlari va kuchiga ishonishi zarur.
- Ovqatlanish tartibi va jismoniy mashg‘ulotlar qon tomirlarda xolesterinni kamaytirishga, ularning elastikligi (qayishqoqligi)ni oshirishga va arterial qon bosimini kamaytirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
- Har qanday vaziyatda ham xasta odam chekmasligi va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilmasligi lozim.
- Kofeni iloji boricha juda kam iching. Achchiq choyni umuman ichmang.
- Qovurilgan va yog‘li oziq – ovqat mahsulotlarini, hayvon yog‘larini va dudlangan mahsulotlarni iste’mol qilmang.
- Shirinliklardan voz keching. Tortlar va turli pishiriqlar tarkibida margarin ko‘p bo‘ladi. Bu mahsulot esa o‘ta to‘yingan va zararli yog‘ kislotalaridan iborat.
- Osh tuzi iste’molini bir kecha-kunduzda 5 gr. gacha kamaytirish darkor.
- To‘yib ovqat yeyish zararli.
- Ko‘p miqdorda sarxil meva va sabzavotlar yeng.
- Hayvon yog‘larini o‘simlik yog‘lari bilan almashtiring.
- Yangi tayyorlangan meva va sabzavot sharbatlarini ko‘proq iching.
- Kunni ertalabki badantarbiya bilan boshlang. Og‘ir yuk ko‘tarmang. Badantarbiyani yuvinish (belgacha artinish yoki shu sohagacha yuvinish) bilan yakunlang.
- Asab va immun tizimini mustahkamlash uchun ertalab va kechqurun iliq dush qabul qiling.
- Tez – tez toza havoda, park va xiyobonlarda piyoda sayr qiling. Dastlab bir kunda bir necha marta 500–1000 metr yuring. Keyinchalik ushbu masofani yanada ko‘paytiring.
- Jismoniy tarbiya va piyoda yurish vaqtida tomir urishini nazorat qiling.
- Hech kim bilan va hech qachon tortishmang va urishmang. Tortishishda yutib chiqishingiz sog‘lig‘ingizni yo‘qotishingizga umuman arzimaydi.
Dilorom MAMARAJABOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi,
Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy – amaliy kardiologiya markazi oliy toifali shifokori