Ichki turizm: har manzili sayohatbop, har hoki bir ziyoratgoh

“Yurgan daryo – o‘tirgan bo‘yra”, deydi dono xalqimiz. Darhaqiqat, inson orzulari sari olg‘a intilsa, harakat qilsa, albatta, o‘ylagan ezgu maqsadlariga yetadi.

Bu yil sog‘inib kutganimiz bahor fasli o‘zgacha keldi. Navro‘z bayramining har yilgidanda ko‘tarinki ruhda nishonlanishi ham odamlarimiz qalbiga olam-olam quvonch, xursandchilik ulashdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bayram arafasidagi dam olish kunlarining uzaytirilishi, yurtdoshlarimizni butun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishlari uchun imkon yaratdi. Ayyom kunlari diyorimizning ko‘hna kentlari, u yerdagi qadimiy obidalar, saylgoh-u maydonlar, ziyoratgohlar mahalliy va chet ellik sayyohlar bilan gavjum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorlikda aholining mazmunli hordiq chiqarishi, ichki turizmni rivojlantirish, fuqarolarimizning mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishlari uchun qulay sharoit yaratish, ularning transport, mehmonxona hamda jamoat ovqatlanish shoxobchalarida ko‘rsatiladigan xizmatlarni maxsus chegirma orqali taqdim etish tizimi ishlab chiqilgani ayni muddao bo‘ldi.

Ko‘hna va boqiy Buxoroda o‘tkazilgan Navro‘z saylini shu yerlik aholi, mahalliy va chet ellik sayyohlar hali uzoq vaqt eslab yursa ajab emas. Bu yerda tashkil etilgan “Varraklar sayli”, “Sumalak sayli”, “Palov sayli”, “Yosh oshpazlar tanlovi”, “Navro‘z – mening nigohimda”, “Navro‘z dasturxoni”, “Navro‘z yallasi”, “Milliy liboslar”, “Yoshlar mahorati”, Jonli tabiat”, “Navro‘z va yoshlar ijodiyoti”, “Yoshlik shijoati” sport musobaqasi, “Qo‘g‘irchoq teatri” hamda “Quvnoq yoshlar teatri” kabi loyihalarni o‘z ichiga qamrab olgan tomoshalar barchaga chinakam bayram kayfiyatini ulashdi.

 

– Yurtimizning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Buxoroga Namangan viloyati Chust tumanidan oilaviy sayohatga keldik, – deydi Zarnigor Abduvohidova. – Bu ajoyib shahardagi qadimiy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, ruhan tetik bo‘ldim. O‘zimni xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his etdim. “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti, “Paxtaoy” bolalar bog‘i, “Favvoralar” maydoni, qadim “Ark” qo‘rg‘onidan tortib, Labi-Hovuz bo‘ylari va boshqa qator manzillar Navro‘z bayramida nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorijlik sayyohlarning ham o‘ziga ohanrabodek tortmoqda. Dam olish kunimiz mazmunli o‘tganidan behad shodmiz.

 

Ko‘hna kent – azim Samarqandda fasli navbahorning shukuhli va tarovatli, ezgu niyat va boqiy qadriyatlarni o‘ziga jo etgan Navro‘zi olam o‘ziga xos tarzda nishonlandi.

Bayram arafasida Samarqand shahriga kelgan chet el fuqarolari o‘rtacha 5 ming nafar, mahalliy ziyoratchilar esa 18 ming nafarni tashkil qildi. Shahardagi 79 ta mehmonxonaga 2 mingdan ortiq xorijiy, 5 mingdan ortiq mahalliy mehmon joylashtirildi.

Qolaversa, Prezidentimiz sa’y-harakatlari bilan yaqin qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarning yo‘lga qo‘yilgani bois, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistondan ko‘plab fuqarolar shaharda mehmon bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Rivoyatchi bobo

 

Samarqand shahriga azim poytaxtdan mehnat jamoamiz bilan sayohatga keldik, – deydi Maftuna Rajabova. – Hamkasblar bilan ona zamin sayqali bo‘lmish – Samarqandning diqqatga sazavor joylarini, muqaddas qadamjolarini ziyorat qilib, bir olam taassurot oldik. Ayniqsa, Bibixonim majmuasidan olgan hayratim sizga so‘z bilan ta’riflab bera olmayman.

 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan yoshlar o‘rtasida ichki turizmni rivojlantirish va faol dam olish yo‘nalishlari bo‘yicha manzilli reja ishlab chiqilib, tuman va shahar markazlarida mustaqillik yillarida barpo etilgan inshootlar, muzeylar hamda tarixiy obidalarga sayohatlar tashkillashtirildi. Bu kabi tadbirlarga, jami 58 ming nafardan ziyod faol yoshlar jalb etildi.

 

Sayohatimiz kutganimizdanda maroqli o‘tdi. Sinfdoshlarimiz bilan “Oqsaroy”, “Ko‘k gumbaz”, Amir Temur muzeyi, “Dor-ul tilovat”, “Dor-ul saodat”, Amir Temur dahmasi kabi bir qancha tarixiy obidalarni ziyorat qildik. Ushbu sayohat biz yoshlarni yurtga muhabbat, ota-bobolarimizga munosib avlod bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishimizga xizmat qiladi, desam yanglishmayman, – deydi Qarshi tumanidagi 10-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Shohjahon Normatov.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan 450 nafar yoshlarning Shahrisabz shahriga, 360 nafar yosh sayyohatchining Samarqand viloyatiga, 320 nafarining esa Buxoro viloyatiga sayohatlari tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yoshlar turizmi agentligi hamkorligidagi loyiha doirasida Qozog‘istondan kelgan 18 nafar yosh turist Shahrisabzning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi. Qozog‘istonning iqtidorli yoshlari, Prezident stipendiyasi sohiblaridan tashkil topgan ushbu guruh O‘zbekistonning qadimiy shaharlarini tomosha qilib, bir olam taassurot oldi.

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan – ochiq osmon ostidagi muzey sanalmish Xorazm viloyatining Xiva shahri ham sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan sanaladi. Quvonarlisi, dam olish kunlari ushbu qutlug‘ maskan ham sayyohlar bilan gavjum bo‘ldi.

 

– Xiva manzaralarini oynai jahon orqali juda ko‘p tomosha qilganman. Uning ajabtovur binolari, minoralari kishini o‘ziga maftun etadi. Anchadan beri ushbu shaharni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni orzu qilar edim. Mana niyatimga yetdim. Kursdoshlarimiz bilan Pahlavon Mahmud ziyoratgohi, “Ko‘hna Ark” majmuasi, Xiva xonlarining mashhur “Toshhovli” saroyi, “Kalta minor” inshooti, “Juma masjid” jome’ masjidi, “Ollaqulixon”, Muhammad Aminxon madrasalarini miriqib aylandik, esdalik uchun suratlarga tushdik, – deydi Eldor Usmonov.

 

Qolaversa, ayyom kunlari Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi yodgorligi va “Avesto” bog‘ majmuasi ham ziyoratga kelganlarning sevimli maskaniga aylandi.

Yana o‘qing:  Toshkent xalqaro konferensiyasi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi

Qadimiy shaharlarning paydo bo‘lishi, ularning tarixi bilan yaqindan tanishish, qadamjolarni ziyorat qilish inson dunyoqarashiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Zero yaxshi dam, insonni buyuk ishlar sari undaydi.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: